Insoniyatning ongli hayoti davomida qariyb 14,5 mingta katta-kichik urush boʻlgan. Bu urushlar tufayli millionlab odam, tinch aholi qurbon berildi. Mamlakatlar iqtisodiyoti izdan chiqdi. Uzoq yillar davomida shakllangan milliy madaniy meros yoʻq qilindi. Taraqqiyot ortga surib tashlandi.
Bu xunrezliklar hech qachon toʻxtamadi. Paradoks holat: insoniyat tafakkur tarzi boyib borgani sari urushlar, vayronagarchiliklar toʻxtash oʻrniga yangi sifatlar bilan “boyimoqda”. Qurol-yarogʻlarning eng zamonaviy turlarini ishlab chiqish, odamlarni ommaviy qirishga yoʻnaltirilgan, avvallari hatto tasavvur ham qilib boʻlmagan “aqlli” raketalar, oʻq-dorilar ishlab chiqarish “musobaqasi” kuchaymoqda.
Barchani tashvishga soladigan jihat shuki, ilm-fan taraqqiy etgani, kishilarda ziyolilik sifati oshgani, maʼrifatli dunyoni barpo etishning insoniyat uchun zarurlik darajasi koʻpaygani sari urush olovi tobora kengayib bormoqda. Aslida aksi boʻlishi mumkin emasmi? Nahotki qanchadan-qancha urushlar natijasida yuz bergan yoʻqotishlar, vayronagarchiliklardan chiqargan xulosalarimiz, ularning oqibati haqidagi kino, teatr asarlari, yozilgan kitoblar, qilingan pand-nasihatlardan insoniyat xulosa chiqara olmasa!..
Biz bugun mana shu tahlikali dunyoda bunday urushlar, yoʻqotishlarning asl sababini topish, undan zarur xulosalar qilish mamlakatimiz va millatimizning kelajagi bilan bogʻliq ekanini anglashimiz zarur boʻlmoqda. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining oʻtgan yil oxirida oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishida davlatimiz rahbari biz bugun dunyoda yuz berayotgan gʻoyaviy-mafkuraviy sohadagi raqobatga tayyormizmi, degan savolni qoʻyib, u biz uchun bu yorugʻ dunyoda “oʻzbek”, “Oʻzbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni belgilab beradigan, kelajakdagi taqdirimiz bilan uygʻun masala ekaniga yana bir bor eʼtiborimizni qaratdi.
Haqiqatan ham, bugungi dunyo tobora tahlikali tus olmoqda. Kim doʻst, kim dushmanligini aniqlash tobora qiyinlashib boryapti. Oʻzini yaqin tutib, bir qoʻl bilan “mehribonlik” qilishga vaʼda berib, boshqa qoʻl bilan turli vositalar ila asl maqsad-muddaolarini yashirgan holda zimdan ish koʻrayotgan davlatlar, xalqaro tashkilotlar, siyosatdonlarni anglash qiyin boʻlmoqda. Bunga ommaviy axborot vositalari, turli ijtimoiy tarmoqlarda baʼzan yaltiroq qogʻozga oʻrab, baʼzan ochiqchasiga oʻz niyatlarini bayon etayotganlarning chiqishi misolida guvoh boʻlyapmiz.
Ayni paytda hammamizning oldimizda Vatan taqdiri barcha masalalarning masalasi sifatida boʻy koʻrsatayotganini taʼkidlamaslik mumkin emas. Davlatimiz rahbari mazkur yigʻilishda mamlakatimiz yangi taraqqiyot davriga qadam qoʻygan bugungi kunda xalqimiz, ayniqsa, farzandlarimiz ongida Vatanga muhabbat, yurtimiz kelajagiga daxldorlik, tinch, erkin va farovon hayot qadriga yetish tuygʻusini kuchaytirish lozimligini bejiz alohida qayd etmadi.
Vatanni sevish hissi biz uchun eng tabarruk tuygʻudir. Ota-bobolarimiz, ajdodlarimiz ming yillar davomida yashab kelgan ushbu makon, roʻyi zamin har doim goʻzal tabiati, moddiy-maʼnaviy boyliklari, mehnatkash xalqi bilan butun dunyoni oʻziga rom etib kelgan. Shuning uchun bu zaminga egalik qilish barcha yaqin va uzoq “qoʻshnilarimiz”ning orzusi boʻlgan. Buning oqibatida biz milliy davlatchilik tariximizning qariyb uchdan bir qismini mustamlakachilikda oʻtkazishga majbur boʻldik.
Endi bas. Bu koʻhna tariximizda hassamizni koʻp bora yoʻqotdik. Buning natijasida ota-bobolarimiz, buyuk mutafakkir-allomalarimiz yaratgan tamaddunlarni, milliy madaniy merosni qoʻldan boy berdik. Bugun koʻhna tariximizni chuqur, teran, xolis oʻrganish payti keldi. Hozir uning shonli, muvaffaqiyatlar bilan bezangan, ayni paytda uzoq vaqtlar boy berilgan moddiy-maʼnaviy boyliklarimiz, amalga oshmay qolgan kashfiyotlarimiz, qoʻldan chiqargan imkoniyatlarimiz haqida ochiq gapiradigan, ularning oʻrnini toʻldiradigan davr.
Chunki oldimizda Vatan taqdiri turibdi. Baʼzilar “Bugun bizga kim ham hujum qilardi, tahdid qani?” deyishi mumkin. Bu savolni berganlarni aslida yo uzoq tariximizni bilmaydiganlar, yo bilib turib undan xulosa chiqara olmaydiganlar yoxud Vatan taqdiriga befarq kishilar, deyish mumkin.
Vatanparvarlik — buyuk tuygʻu. Vatan jonsiz, ruhsiz buyum emas. Biz bor ekanmiz, har birimizning qonimizda, jonimizda, ruhiyatimizda vatanparvarlik degan vijdon suvi oqadi. Vatanni unutgan har bir inson oʻrmonda yoki sahro-choʻllarda adashgan, shamchirogʻini yoʻqotgan kishi kabi bir umr mehrga, muhabbatga zor, oʻzi mansub xalqqa muhtoj boʻlib yashaydi. U jismoniy jihatdan tirik, ammo maʼnan oʻlik — bir umr afsus-nadomat chekadi.
Biz “Vatanni sevish kerak”, degan iborani koʻp ishlatamiz. Bu yaxshi gap. Ammo “bu yaxshi gap” hamma narsani ham anglatmaydi. Vatanni sevish faqat soʻzda boʻlganda edi... Vatanni sevish tuygʻusi bu ibora eʼtiqodga aylanishi bilan bezalishi kerak. Vatanni sevaman, deb unga xiyonat qilayotganlar kammi? Oʻz xizmat lavozimida belgilangan vazifalarni sidqidildan bajarmaslik ham, taraqqiyotimizga toʻsiq boʻlayotgan xato, kamchiliklarni koʻra turib, koʻz yumish ham, millat va mamlakat qiyin ahvolda qolganda fuqarolik masʼuliyatini atayin unutgan ham, davlat va jamiyat qabul qilgan turli meʼyoriy hujjatlarning qabul qilinishida faol ishtirok etib, biroq uning ijrosida “chetga chiqib turish” ham aslida Vatanga xiyonat emasmi?
“Qayerda yashash qulay boʻlsa, oʻsha joy men uchun Vatan!” tushunchasini hayotiy tamoyiliga aylantirib olganlar-chi? Bu misollarning barchasi bizni oʻylantirishi, doʻppini yonga qoʻyib, xulosa chiqarishga undashi kerak.
Xulosa chiqarish uchun ham uzoqqa borishning keragi yoʻq. Koʻhna tariximizga murojaat qilishning oʻzi yetarli. Masalan, milliy tariximiz, qadriyatlarimizda har doim tuproq va madaniyat alohida oʻringa ega boʻlgan. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, tuproqning joni bor, u his qiladi. Unda ajdodlarimiz xoki, quvonchu armoni, qoʻshiqlari, alyorlari va figʻonu nolasi, onalarning allasi, oshiq-maʼshuqlarning dil rozlari mujassam.
Uzoqqa ketayotgan, qaytib kelishi nomaʼlum kishilar Vatan tuprogʻidan bejiz olib ketmagan. Shu bir kaft tuproqda Vatan hidi, tafti, mehri mujassam boʻlgani uchun, agar kishi begona yurtda umri poyoniga yetsa, oʻsha tuproqni tanasiga qoʻshib dafn etishlari uchun shunday qilingan.
A.Berdimurodovning “Vatan haqqiga munojot” asarida qayd etilishicha, 1231-yili soʻnggi xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi baland togʻ ustidagi kulbada mudrab oʻtirganida orqasidan nomard kurd ilondek sudralib kelib, sultonni shahid qiladi. Shohona libosdagi bu kishining katta boyligi bor, degan ilinjda shahidni tintib koʻradi. Qoʻynidan charm xaltacha topib olgach, kurdning qonga toʻlgan koʻzlari quvonchdan porlaydi. Xoin darhol xaltachani ochib koʻradi-yu, hafsalasi pir boʻladi. Xaltachada bir siqim tuproqdan boshqa hech vaqo yoʻq edi. Ha, bu Vatanning tuprogʻi, jasur Jaloliddin yurtining bir qismi edi. Sulton Jaloliddin bu xaltachani hamisha yuragi ustida asrab yurardi. Oqibatda Sulton Jaloliddin shu tuproq, shu Vatan uchun jon fido qildi.
Dushmanlar bilan boʻlgan janglarda ham, ahvol tang holatga kelganda ham ushbu ikki qadriyat uchun, kerak boʻlsa, jon berilgan. Xun hukmdori Metening “Tuproq millatning ildizidir, uni qanday berayin?!” degani ham vatanparvarlik tuygʻusining ajdodlarimizda qadimdan shakllanib, ardoqlanganidan dalolat beradi.
Xalqimiz azaldan Vatan va madaniyat, milliy qadriyatlarimizni egizak holda koʻrgan, tasavvur qilgan. Vatan xalqimiz moddiy mavjudligining ifodasi boʻlsa, madaniyat, qadriyatlarimiz shu Vatanning maʼnaviy ramzi, timsolidir. Ming yillar davomida shakllangan, suronli algʻov-dalgʻov davrlarda ham milliy xususiyatlarini yoʻqotmasdan, zamonlar osha sayqallanib, milliy jilolarini yangi sifatlar bilan boyitib kelayotgan bunday madaniyatimizning bardavomligi Vatanni sevish tuygʻusi bilan hamohangligidadir.
Shuning uchun madaniyat va sanʼatda Vatan mavzusi umrboqiydir. U haqida kuylamaydigan, yozmaydigan, chizmaydigan ijodkorni topib boʻlmaydi.
Shu oʻrinda chin manbasida taʼkidlangan imperatorga tobe boʻlib qolgan Ishbaraxonning quyidagi soʻzlari eʼtiborga loyiq: “Oʻgʻlimni saroyingizga yuboryapman. U sizga har yili kelib chiqishi samoviy boʻlgan otlar taqdim etajak. Ertayu kech amringizga tayyorman. Ammo kiyimimizning oldini ochishga, oʻrilgan sochlarimizni yoyishga, tilimizni oʻzgartirishga va sizning qonunlaringizni qabul qilishga kelsak, bizning urf-odatlarimiz juda qadimiy boʻlgani tufayli ularni buzishga jasoratim yetmaydi. Butun elimizning yuragi birdir”.
Darhaqiqat, qadim vatandoshlarimiz Vatan haqidagi tasavvuri, milliy qadriyati, urf-odati bilan butun dunyoda eng ilgʻorlardan boʻlganiga tarix guvohlik beradi. Yuqoridagi iqtibosdan uchta muhim xulosa chiqarish mumkin. Birinchidan, qadimgi qavmlarimiz ota-bobolaridan meros milliy qadriyatlariga shu darajada sodiq boʻlganidan, hatto bu qadriyatlarni buzishga, biror yangilik kiritishga jazm eta olmagan. Insonning bunday ruhiy holatga tushishiga faqat bir omil sababchi boʻlishi mumkin. Bu – Vatan tuygʻusi, Vatanni faqat soʻzda emas, amalda sevish, ardoqlash tufayli sodir boʻladigan ruhiy-axloqiy kechinmadir.
Ikkinchidan, ajdodlarimiz elimizning yuragini bir, deb taʼkidlaydi. Millat va xalqni birlashtiradigan, ularni yagona maqsad sari safarbar eta oladigan fenomen hodisa ham Vatandir. Butun bir xalqning yuragini bir qiladigan, jipslashtiradigan vataniy tuygʻuni insoniyat tomonidan yaratilgan eng chiroyli topildiq sifatida qabul qilish lozim, deb oʻylaymiz.
Uchinchidan, xalqimizni uzoq ming yillar davomida turli balo-qazolardan saqlab, qanchadan-qancha bosqinchiliklaru mustamlakachiliklar asoratidan avaylab-asrab kelayotgan muhim omil milliy vijdonimizdir. Shuning uchun ham xalqimiz vijdon azobisiz yashash lazzatini bu dunyodagi eng katta baxtning koʻrinishi sifatida eʼtirof etib kelgan.
Vatanni sevmoq, unga sadoqat bilan xizmat qilish, tashvishli va quvonchli kunlarida hamdard va sherik boʻlish har bir insonning maʼnaviy-axloqiy masʼuliyatidir. Buyuk alloma Alixontoʻra Sogʻuniy ham Vatan toʻgʻrisida kuyib-yonib koʻp yozgan. Uning qayd etishicha, bu dunyoda yashagan har bir kishining beshta muqaddas narsasi boʻlishi kerak: Vatani, dini, moli, oilasi, joni. “Biz, – deb yozadi alloma, – Oʻzbekiston xalqi, haqiqatda shu Vatan ahllarimiz. Inson nasli yaratilib, yer ustiga qadam qoʻygan kundan boshlab, bizning ota-bobolarimiz shu Oʻzbekiston oʻlkasida yashab kelgan ekanlar, shu kunlargacha tiriklarimizni boʻynida koʻtarib, oʻliklarimizni qoʻynida saqlamishdir. Bu Oʻzbekiston Vatanimizning bir qatlami biz — oʻzbek xalqi ota-bobolarimizning suyaklari bilan koʻtarilmishdir. Demak, boʻynida koʻtargan, qoʻynida saqlab, oq sut berib tarbiyat qilgan bu Oʻzbekiston – Turkiston bizning oʻz ona Vatanimizdir”.
Bugun tinchliksevar insoniyat maʼrifatli dunyoni istaydi. Maʼrifatli dunyoda davlatlar, siyosiy kuchlar, muholifatlar oʻrtasida maʼnaviy kelishuv yuzaga keladi. Maʼnaviy kelishuv taraqqiyot darajasi, qaysi qitʼada joylashgani, aholisi soni, ijtimoiy yoʻnalganlik holati, qarashlari, madaniyati, dinidan qatʼi nazar, mamlakatlar, xalqlarning oʻzligini hurmat qilish, umumiy taraqqiyot yoʻlida maqsadlarini uygʻunlashtirishdan manfaatdorlik darajasidir.
Bu holatga erishish oʻta qiyin. Ijtimoiy rivojlanishning bugungi bosqichida dunyoda yuz berayotgan oʻzgarishlar, davlatlar, siyosiy kuchlar oʻrtasidagi ziddiyatlar, kelishmovchiliklar, shubhasiz, bunday kelishuvga yoʻl bermayapti. Bu juda achinarli holat. Yuqorida taʼkidlaganimiz kabi dunyo intellektual holatining yuksakligi, insoniyat bilim va koʻnikmalarining tobora ortib borishi, muammolarni sivilizatsion yoʻl bilan hal etishda yangi qoidalar ishlab chiqilishi barobarida jahoniy muammolarning yangidan-yangi turlari koʻpayib borishi dunyo mamlakatlari va xalqlarini boshi berk koʻchaga qamab qoʻymoqda.
Bunday vaziyatda ayrim davlatlarning chigal vaziyatdan unumli foydalanib qolishga intilishi, oʻz manfaatini boshqa mamlakatlar hududi hisobidan qondirishga urinishi barchani sergaklikka undashi tabiiy. Bu hol har birimizdan vatanparvarlik degan buyuk tushunchani borligʻicha, ongli ravishda anglab yetishga chorlashi kerak.
Allomalarimiz bot-bot taʼkidlaganidek, kimki oʻz Vatanini sevmasa, hech nimani seva olmaydi. Vatanni sevish uchun katta, keng yurak lozim. Bu yurak har doim insonni haqiqiy jasoratga undashi, Vatan yoʻlida kerak boʻlsa, jonini qurbon qilishga hozir ekanini amalda isbotlab turishi zarur. Insonda fazilatlar juda koʻp. Aslida har birimizning mazmun-mohiyatimiz ham, oʻzligimiz ham tarbiya va axloqimizda mujassam boʻlgan turli fazilatlarda aks etadi. Oʻnlab, yuzlab fazilatlar barchamizni bezab turadi. Biroq ularning orasida eng maqbul, eng zarur fazilat Vatanga sadoqatli boʻlishning amaldagi ifodasidir.
Baʼzan katta-kichik qilmishlarimiz, xato va kamchiliklarimiz, bilib-bilmasdan sodir etgan xunuk qilmishlarimizni xaspoʻshlashga oʻrganib qolganmiz. “Katta davlat va koʻp sonli millat orasida mening bu xatolarim arzimas narsa” qabilida ish tutamiz. Ammo shu kichik xato, chala ishimiz, kamchiligimiz Vatanga nisbatan sotqinligimiz, Vatan yuziga tushirgan dogʻimiz ekanini har doim ham anglayapmizmi? Vatanni xor qilish uni sotish bilan barobar ekanini, Vatanga xiyonat esa shu odamning oʻz vijdonidan ayrilishi ekanini bilamizmi?
Vatanni sevish juda osondek. Biroq bu jarayon nazariy holatdan amaliyotga koʻchmas ekan, Vatanga xiyonatni odatiy hol sifatida qabul qilaveramiz. Atrofimizda har kuni sodir boʻlayotgan kamchilik, xatolarga befarq munosabatda boʻlaveramiz. Shaxsiy manfaatlarini Vatan taqdiridan yuqori qoʻyayotganlarga loqaydligimiz tufayli tanbeh berolmaymiz.
Nazarimizda, vatanparvarlik tuygʻusini jonimiz va qonimiz, ruhiyatimizga jo qilib, singdirib yuborishimiz uchun, eng avvalo, Vatanning yaqin va uzoq tarixini bilishimiz kerak. Tarixdan bexabar inson Vatan haqidagi tushunchani bilishi mumkin. Ammo bu tushuncha sogʻlom eʼtiqodga aylanmaydi. Koʻhna tariximizda minglab, yuz minglab vatanparvarlar shu zamin, shu yurt uchun shirin jonini qurbon qilganini bunday odam qayerdan bilsin!
Haqiqatan ham, Vatanni sevish uchun uning tarixini, yorugʻ va qorongʻi kunlarini bilish, eng muhimi, undan toʻgʻri xulosalar chiqarish zarur. Dunyoda birorta davlat yoʻqki, uning tarixi faqat zafarlardan iborat boʻlsin. Biroq bunday hol Vatanni sevmaslik huquqini bermaydi. Masalan, yurtimizda temuriylar hukmronligidan soʻng – xonliklar davrida yuz bergan siyosiy parokandalik, ijtimoiy-madaniy qoloqlik, boylik orttirish dardida uzoq davom etgan urushlar buyuk Turkiston tarixidagi qora dogʻlardir. Albatta, bunday ziddiyatli holatlar bizni tarixdan toʻgʻri, xolisona xulosalar chiqarishga undamay qolmaydi.
Qolaversa, Vatan yuragiga tigʻdek sanchilgan davrlarni esdan chiqarib boʻlarmidi. Vatan, millat manfaatini oʻz shaxsiy manfaatidan ustun qoʻya olmagan qanchadan-qancha rahbarlar, hukmron doiralarni koʻrmadi bu Vatan.
Vatanni soʻzda emas, amalda sevish kerakligini anglatish uchun ham tarix bizga ustoz ekanini anglatadigan birgina misol keltirishni lozim topdik. “Maʼrifatparvarlik – ijtimoiy-madaniy hodisa” kitobida qayd etilishicha, Xudoyorxon Rossiya imperiyasi Xoʻjand, Oʻratepa va Jizzaxni 1866-yil may-oktyabrda bosib olgani munosabati bilan general D.I.Romanovskiyni tabriklab, sovgʻa-salom yuboradi, uning kelajakdagi ishlariga muvaffaqiyat tilaydi. General Kaufmanga Samarqanddan hurmatli kishilar va amaldorlar yuborgan tabriknomada bunday yozilgan: “Mahram ostonasida sizning rahbarligingiz ostidagi shonli rus qoʻshinlari erishgan gʻalaba va Qoʻqonni qoʻlga kiritganingiz haqidagi quvonchli xabarni oldik. Qoʻqonni adolatli boʻysundirib, siz Oq podshoning buyuk panohidagilarni norozi qilgan va ularga zulm oʻtkazganlar jazolanishini qoʻshni aholiga yana bir bor namoyish qildingiz”.
Bu dunyoda Vatan, millat toʻgʻrisida aytiladigan soʻzning masʼuliyatidan ham kuchliroq narsa boʻlmasa kerak. Yuqorida keltirilgan misolning ijtimoiy-maʼnaviy, tarbiyaviy-mafkuraviy, axloqiy ahamiyati bor. Uni koʻrmaslik har birimizda vatanparvarlik degan buyuk tuygʻuning mavjud emasligiga bir ishoradir. Tarixda shunday davrlar boʻladiki, Vatan taqdiri xalq nomidan hukm qiladiganlar, ayrim shaxslarga bogʻliq boʻlib qoladi. Ana shunday onlarda barcha masʼuliyatni oʻz gardaniga olmaslik, masʼuliyatni oʻzidan soqit qilish aslida Vatanga va millatga sotqinlik, xiyonatdan boshqa narsa emas.
Shonli tariximizda bunday ayanchli misollar ham yoʻq emas. Shuning uchun ham bizga tarix kerak. Tarix tafakkur tarzimizni isloh etadi, oʻtmish bilan bugunning farqini taqqoslash asosida xulosa chiqarishga yordam beradi, ayrim odamlarning mogʻor bosgan ongi va qalbini tozalaydi, ruhiyatini musaffo havo bilan boyitadi. Tarix, shuningdek, bugun Prezidentimiz, xalqimiz tomonidan ishonch bildirilgan, ammo nafs balosiga quloq tutgan, oʻz manfaatini har narsadan yuqori qoʻygan ayrim amaldorlar, “davring keldi, davron sur” qabilida ish tutadiganlarni tarbiya qiladigan, toʻxtatadigan, oʻylantiradigan, xulosa chiqarishga majbur etadigan buyuk kuch, fenomen hodisadir.
Xoʻsh, vatanparvarlik nima? Vatanparvarlik – har birimizning tugʻilib oʻsgan, kindik qonimiz toʻkilgan Vatan oldidagi farzandlik, fuqarolik burchimiz, maʼnaviy masʼuliyatimiz, uning taraqqiy etishi, yanada gullab-yashnashi uchun fidoyilik hissini tuyish kabi koʻplab maʼno-mazmun beradigan tushuncha.
Vatanparvarlik Vatanni shunchaki sevish, u toʻgʻrisida sheʼr yozish, qoʻshiq kuylash, chiroyli gapirishgina emas. Vatanparvarlik haqida minglab asarlar yaratilgan, u haqida gapirmagan odamning oʻzi yoʻq. Ammo bu bilan biz vatanparvar boʻlib qolyapmizmi? Yodlangan sheʼr, oʻqilgan badiiy asar, kuylangan qoʻshiq, yoqlangan dissertatsiyada koʻtarilgan gʻoyalar odamlarning avval sogʻlom eʼtiqodiga, soʻng amaliy harakatiga taʼsir etmas, bularning natijasida shu Vatan ravnaqida ham moddiy-iqtisodiy, ham jamiyatning maʼnaviy-ruhiy holatida aks etmas ekan, bu gʻoyalar, nazariyalar quruq gapdan boshqa narsa emas.
Haqiqatan ham, vatanparvarlik bugun real kuchga aylanishi kerak. Bunga yaqin va uzoq tariximizda misol koʻp. Sadriddin Salim Buxoriyning “Buyuk Xorazmiylar” kitobida qayd etilishicha, Pahlavon Mahmud hind xalqi tomonida turib, Hindiston dushmanlariga qarshi jangda ishtirok etadi. Jang payti jonini xatarga qoʻyib boʻlsa-da, hind shohi Ray Choʻpani oʻlimdan qutqaradi. Shunda shoh Pahlavon Mahmudning bemisl jasorati, mardligini munosib taqdirlamoqchi boʻlib: “Tila tilagingni!” deydi.
Pahlavon Mahmud: “Ey buyuk shoh! Bundan ancha yillar muqaddam vatandoshlarim – xorazmiylar bu yerga asir qilib olib kelingan. Oʻshalarni ozod etsangiz. Birdan-bir tilagim shu!” deydi. Shoh hayron boʻlib: “Ey himmati baland pahlavon! Agar yarim davlatimni tilaganingda edi, uni gap-soʻzsiz senga inʼom qilgan boʻlurdim. Agar sohibjamol qizimni nikohingga olmoqni soʻraganingda edi, seni oʻzimga kuyov etib, toju taxtimni senga bagʻishlagan boʻlardim. Zero, jasorating ulkan mukofotga munosib. Mayli, tilagingni bajo keltirdim. Vatandoshlaring ozod! Ularni Xorazmga borgunlaricha oziq-ovqat, kiyim-bosh, ulov bilan taʼminlashni ham buyuraman!” deydi.
Bugun dunyoda sodir boʻlayotgan jahoniy oʻzgarishlar, qadriyatlar transformatsiyasi, axloq tushunchalarining yemirilishi davlatlar va xalqlar taqdirida koʻplab salbiy oqibatlarga sabab boʻlmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, biz uchun nihoyatda muqaddas boʻlgan vatanparvarlik tarbiyasining tagzaminiga, asl mohiyatiga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Natijada vatanparvarlik oʻrniga vatansizlikni targʻib etish, “globallashuv degani sening dunyo fuqarosiga aylanishing”, deb talqin qilish, milliy tarixni eskilik sarqiti sifatida tan olish kabi oʻta mantiqsiz gʻoyalar koʻpayib bormoqda. Ushbu holat, oʻz navbatida, vatanfurushlikni yuzaga keltirmoqda.
Vatanfurushlikning real hayotdagi koʻrinishi juda serob. Masalan, mehnatsiz rohat koʻrishni istash, oʻz yurtidagi oʻzgarishlar, xalq qadrini oshirish borasidagi islohotlarni koʻrmaslik yoki koʻrib turib tan olmaslik, oʻz baxtini oʻzga yurtlardan qidirishga intilish, jamiyatdan faqat illat qidirish va buning natijasida oʻzidan soxta demokrat obrazini yaratish, kishilar tafakkur tarzini manipulyatsiya qilish — bularning barchasi bugungi vatanfurushning ijtimoiy portretidir.
Ana shu holatlar shaxsda oʻzga gʻoyalarga tobelik kayfiyatini koʻproq oshiradi. Oʻzga yurtlardagi xunrezliklar, ziddiyatlar, kelishmovchiliklarni oʻzicha tahlil etish orqali jamiyatda yolgʻon taassurot uygʻotish koʻnikmasi paydo boʻladi. Bu juda xavfli holat. Soxta vatanparvarlarning paydo boʻlishi ham shu tarzda yuzaga keladi.
Bolaning onaga muhabbati tabiiy ravishda paydo boʻlsa, Vatanga va yurtga muhabbat uning ongiga singdirilmogʻi, oʻrgatilmogʻi kerak. Shu maʼnoda, Patrik Jozef Byukenen bunday deydi: “Amerikaning umumtaʼlim maktablari zarurat tugʻilganda mamlakatimizni himoya qilish mumkin boʻlgan fuqaro va vatanparvarlarni tarbiyalamogʻi darkor. Ular bolalar qalbiga Amerikaga nisbatan muhabbat tuygʻusini jo etmogʻi zarur. Zero, buyuk kishilar tarjimayi holi, tarixiy va badiiy asarlarni oʻqib, xalq qoʻshiqlarini tinglab, shonli tariximiz aks ettirilgan sanʼat asarlarini tomosha qilish jarayonida ularning qalbida Vatanga muhabbat tuygʻusi mustahkamlanib boradi. Bu tuygʻu qanchalik kuchli boʻlsa, Vatanning uzviy qismi boʻlib qolish, uning uchun jon fido qilish, butun xalqni oʻz oilasini himoya qilgandek asrab-avaylash hissi shunchalik zoʻr boʻladi”.
Byukenenning ushbu fikrlaridan chiqargan xulosam bor. Bu, birinchidan, hamma orzu qilgan, butun dunyo talpingan AQSHdek davlatda ham vatanparvarlik masalasida muammo borligini anglatib turibdi. Demak, gap u yoki bu mamlakatning boy-badavlatligida emas.
Ikkinchidan, vatanparvarlik har bir insondan identitetlikni talab qiladi. Inson identitetligi milliy xususiyatlari, jamiyat bilan munosabatlari, dunyoqarashi, axloqi, olamga, odamga, oʻziga nisbatan tasavvurida va, eng muhimi, vatanparvarligida aksini topadi.
Tarixiy zaminini anglamagan har qanday shaxs na oʻzi oldida, na jamiyat oldida maʼnaviy masʼullik his etadi. Faqat aniq va ravshan vataniy, milliy, mahalliy, madaniy va oilaviy identitetga ega insongina avvallari odamlar qanday, nima uchun va nimaga asoslanib yashagani, nimaga intilib, nimaga erishganini, ajdodlari yer yuzida qanday iz qoldirganini biladi. Ana shu holat insonda yuksak maʼnodagi vatanparvarlik hissini uygʻotuvchi, uni maʼnaviy oziqlantirib, ushbu fenomen hodisani avval bilishga, keyin sogʻlom eʼtiqodga, undan soʻng esa real harakatga aylantiruvchi, har birimizdan shu yer, tuproq uchun hech ikkilanmasdan kurashga (jon berish uchun emas, unda kim kurashadi?!) otlantiruvchi kuchga aylanadi.
Uchinchidan, mazkur iqtibos bizni dunyoga yangicha nazar bilan munosabatda boʻlishga undayapti. Shu oʻrinda davlatimiz rahbarining ilgari oʻz maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim oʻtkazish, qarama-qarshilik va toʻqnashuvlar yoʻliga oʻtganiga hammamiz guvohmiz, degan chuqur maʼnoli fikrlarini doimo yodda tutish kerak, deb hisoblaymiz.
Haqiqatan ham, haddan tashqari tez oʻzgarib borayotgan dunyoda dunyoqarashimiz, hayotiy tamoyillarimizni zamonga mos ravishda oʻzgartiryapmizmi? Davlat va millatning hayot-mamot masalalari kun tartibiga qoʻyilgan bir paytda mayda, maishiy masalalar bilan ovora boʻlib qolmayapmizmi? Biz qoʻshiq qilib kuylangan sheʼr, gʻazaldagi, oʻqigan kitobdagi, eshitgan pand-nasihatdagi millatni uygʻotuvchi, uni yangi marralarga chorlovchi gʻoyalarning roʻyobidan qoniqyapmizmi?
Agar har birimiz shu savollarni oʻzimizga va bir-birimizga bersak hamda ularga jiddiy javob olishga intilsak, shubhasiz, oʻzgaramiz. Biz aksariyat hollarda oʻz takomilimizni dunyoqarashimiz chegarasi bilan oʻlchaymiz. Ammo koʻpincha dunyoqarashimiz (dunyoga qarash, uni keng maʼnoda koʻrish, sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarni teran tahlil qilish va yagona toʻgʻri xulosa chiqarish) “oilaqarash”, “mahallaqarash”, “qishloqqarash”, “tumanqarash” darajasida, cheklangan chegara doirasida qolib ketmayaptimi?
Bugungi dunyoda vatansizlikni, vatanfurushlikni targʻib etayotgan tahdidlar tobora koʻpayib borayotgan, turli davlatlar, xalqaro tashkilotlar oʻzlarining aniq maqsadlarini chiroyli gaplar, bilim saviyasi past, tajribasiz kishilarga xush yoqadigan jozibali qoliplarga solib talqin etayotgan bir sharoitda oʻzlikni, Vatanni saqlab qolish va bu yoʻlda yuksak vatanparvarlik namunalarini koʻrsatish eng dolzarb masalaga aylandi.
Bu yoʻlda, bir tomondan, eʼtiqodi sust, boqibegʻam, ongsizlik kasaliga duchor boʻlgan, masʼuliyatdan qutulish uchun beqarorlikni tanlagan, vatandoshlik kayfiyatidan mosuvo, mayda maishiy muammolaridan boshqa narsalarni tan olmaydigan ayrim odamlarni uygʻota olsak, ikkinchi tarafdan, Prezidentimiz va xalq ishonchini yuksak martaba, shu yurt va millat uchun xizmat qilishni hayotining mazmun-mohiyati deb bilgan hamda bundan maʼnaviy-ruhiy lazzat oladigan rahbarlarimiz yanada koʻpaysa, eng katta yutugʻimiz boʻladi. Aynan shunday kishilar bilan barcha maqsadimizga erishamiz.
Abduxalil MAVRULOV,
tarix fanlari doktori, professor