Davlatimiz rahbari yigʻilish avvalida 2025-yil yakunlariga qisqacha toʻxtaldi.

Taʼkidlanganidek, oʻtgan yilda iqtisodiyotimiz dastlabki prognozlarga nisbatan ancha yuqori surʼatlarda 7,7 foizga oʻsib, yalpi ichki mahsulot hajmi 147 milliard dollardan oshdi. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida oʻsish surʼatlari 2024-yilga nisbatan yuqori boʻldi. Jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 43 milliard dollarga, eksport esa 33,8 milliard dollarga yetdi.

Yuqori iqtisodiy faollik va oʻsib borayotgan isteʼmol talabiga qaramasdan, inflyatsiya darajasi 2024-yildagi 9,8 foizdan 7,3 foizga pasaydi.

– Iqtisodiy oʻsish qanchalik barqaror boʻlsa, infratuzilmani yaxshilashga shunchalik koʻproq mablagʻ yoʻnaltirish mumkin boʻladi. Bu esa pirovardida bandlikni taʼminlash, daromadlarni oshirish va aholi turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari ortda qolgan bir yilda 366 ming oila kambagʻallikdan chiqqani, aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida kambagʻallik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik esa 5,5 foizdan 4,8 foizga tushganini qayd etdi.

– Bularning barchasi islohotlarimiz samarasi boʻlib, davlat va xalq oʻrtasidagi ishonch tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Lekin hali oldimizda qiladigan ishlarimiz juda koʻp, – dedi Prezident.

Qayd etilganidek, mahalla islohotlar qayerda ishlayapti, qayerda toʻxtayapti degan savollarga aniq javob berib beradigan asosiy boʻgʻin hisoblanadi. Agar mahallada ishsiz odam yoki kambagʻal oila saqlanib qolayotgan boʻlsa, demak, islohot oʻsha joyga yetib bormagan. Agar “yettilik” va bank tizimi aholi muammosini hal qila olmayotgan boʻlsa, demak, tizim ishlamayapti.

– Imkoniyat bor, mablagʻ bor, qaror va dasturlar bor. Yetishmayotgan narsa – masʼuliyat va shaxsiy javobgarlik, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz mavjud imkoniyatlarni ishga solishda hokimlar va “mahalla yettiligi”da metodik bilim va amaliy tajriba yetishmayotgani, masʼul vazirlik va idoralar esa ularga yetarli darajada koʻmaklashmayotganini tanqid qildi.

Mutasaddilarga bir oy muddatda ishsizlik va kambagʻallik yuqori boʻlgan mahallalar imkoniyatlarini oʻrganib, eng yaxshi tajribalar asosida metodik qoʻllanma ishlab chiqish topshirildi. Hokimlar esa joylarda uning ijrosini taʼminlab, aholini ish bilan taʼminlash, daromadini oshirish va ularni qiynayotgan masalalarga aniq yechim topish uchun shaxsan masʼul boʻladi.

Yigʻilishda joriy yil uchun 1 million nafar aholini doimiy ish bilan taʼminlash, 181 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish, kambagʻallikdan xoli mahallalarning sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingtaga yetkazish, ishsizlik va kambagʻallik darajasini 4,5 foizga tushirish vazifalari belgilab olindi.

Yigʻilishda “ogʻir” tuman va mahallalarda aholini ish bilan taʼminlash va daromadini oshirish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.

Avvalo, bunday hududlarni barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash zarurligi qayd etildi.

Shu maqsadda 903 ta mahallaning har birida quvvati 300 kilovatt boʻlgan kichik quyosh elektr stansiyalari qurilib, mahallalarga “begʻaraz aktiv” sifatida beriladi. Ushbu stansiyalar hisobidan har bir mahallada 400-500 million soʻm qoʻshimcha daromad keltiradigan “iqtisodiy aktiv” shakllantiriladi.

Olinadigan “yashil” daromadlar “yashil” chora-tadbirlarni amalga oshirishga, xususan, ehtiyojmand xonadonlarni energiya tejamkor taʼmirlash, elektr xarajatlarini kamaytirish va turmush sifatini yaxshilashga yoʻnaltiriladi. Quyosh stansiyalarining ekspluatatsiya qilish ishlariga mazkur mahallalarda yashovchi kambagʻal oilalar aʼzolari ishga jalb qilinadi.

Bu ishlar ixtisoslashuv darajasi yuqori boʻlgan yana 1 mingta ilgʻor mahallada ham amalga oshiriladi. Kichik quyosh stansiyalari tayyor holda 7 yil muddatga mahallalarga foizsiz lizing asosida beriladi.

Prezidentimiz ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirishda mahallalarning ixtisoslashuvini yanada chuqurlashtirish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Bugungi kunda 903 ta “ogʻir” mahallada 100 ming gektar tomorqa va ijara yerlari mavjud. Agar hokimlar “mahalla yettiligi” bilan birgalikda suv taʼminotini yaxshilab, urugʻ-koʻchat bilan taʼminlab, ixtisoslashuvni tizimli yoʻlga qoʻysa, aholi daromadi va turmush sharoitida keskin oʻzgarish qilishi mumkinligi taʼkidlandi.

Mahallalarda ixtisoslashuvni ragʻbatlantirish maqsadida qoʻshimcha moliyaviy mexanizmlar joriy etiladi. Xususan, tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklari uchun sertifikatlangan koʻchatlarni xarid qilish xarajatining 50 foizi budjet hisobidan qoplab beriladi. Meva turiga qarab, “shpaler”lar uchun 20 ming soʻmdan 70 ming soʻmgacha subsidiya ajratiladi. Tomorqada tomchilatib sugʻorishni joriy qilganlarga har 1 sotix uchun 160 ming soʻm kompensatsiya toʻlanadi.

Agar usta dehqonlar mahalladagi har 10 ta xonadonda eksportbop mahsulot yetishtirishni yoʻlga qoʻysa, 2 million soʻm, agar buni tomorqasi bor xonadonlarning kamida 30 foizida amalga oshirsa, qoʻshimcha ravishda 75 million soʻmdan mukofot oladi.

Shuningdek, joriy yilda 2 ming gektar oʻrmon yerlari 4 ming kambagʻal oilaga 50 sotixdan tutzor barpo etish uchun 10 yilga bepul ajratiladi. Pillachilik kooperatsiyasini tashkil etish uchun ehtiyojmand oilalarga 4 million soʻmdan subsidiya, uyida pilla yetishtirish istagida boʻlganlarga esa xonadonni jihozlash va uskuna xaridi uchun 20 million soʻmgacha foizsiz ssuda beriladi.

Yigʻilishda joriy yilda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion soʻm kredit ajratilishi belgilangani qayd etildi.

– Ochigʻini aytish kerak, hozir banklar barcha tuman va shaharlarga bir xil shartda kredit taklif qilyapti. Lekin Olmazor bilan Boʻzatovning imkoniyati va sharoiti bir xil emas. Shu bois, 37 ta “ogʻir” tumanda “oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida kreditlar 12 foizdan beriladi, – dedi Prezidentimiz.

Barcha tumanlarda “oilaviy tadbirkorlik” boʻyicha imtiyozli kreditning eng yuqori miqdori 1,5 barobar oshirilib, 50 million soʻmga yetkaziladi. Import qilingan va sertifikatlangan nasliy chorva uchun 100 million soʻmgacha, uy mehmonxonasi, kichik muzlatkich, mahsulotni saqlash va qayta ishlash minitexnologiyalari uchun esa 150 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratiladi.

Chegara va anklav hududda joylashgan 563 ta mahalladagi tadbirkorlik loyihalarining kredit miqdori 1 milliard soʻmgacha oshiriladi. Bu maqsadda “oilaviy tadbirkorlik” dasturlariga rejalashtirilgan 3,6 trillion soʻmga qoʻshimcha ravishda yana 2 trillion soʻm resurs yoʻnaltiriladi.

Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish uchun joriy yil banklar tomonidan jami 17 trillion soʻm kredit ajratiladi. Bunda mahsulot yetishtirishga olingan kreditning 4 foizi, uni qayta ishlash loyihalarida esa 6 foizi kompensatsiya qilib beriladi.

Hokim yordamchilarining ishini “loyihaviy yondashuv” asosida tashkil qilish zarurligi qayd etildi.

Har bir tuman kesimida “loyihaviy yondashuv” asosida amalga oshiriladigan loyihalar portfeli shakllantiriladi. “Ogʻir” mahallalardagi boʻsh yer uchastkalari va davlat obyektlarining boshlangʻich narxini 2-3 barobarga pasaytirib, ularni sotuvga chiqarish amaliyoti joriy etiladi.

Ish oʻrni yaratish va aholi daromadini oshirish boʻyicha eng yaxshi natija koʻrsatgan 100 ta “ogʻir” mahallaga 1 milliard soʻmdan qoʻshimcha mablagʻ ajratiladi. Mazkur mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari Xitoy, Turkiya, Koreya va Malayziya kabi davlatlarga bir oylik malaka oshirish kurslariga yuboriladi.

Misol sifatida Olmazor tumanidagi “Kaykovus” kanali boʻylab amalga oshiriladigan loyiha keltirildi. Ushbu kanalning 2 kilometr qismi “Eski shahar” hududidagi 8 ta mahalladan oʻtadi. Endi mazkur mahallalardagi hokim yordamchilari yagona “loyiha guruhi”ga birlashib, yaxlit konsepsiya asosida kanal boʻyida savdo, servis va dam olish infratuzilmasini rivojlantirish ishlarini amalga oshiradi.

Xuddi shu tartibda turizm, taʼlim, tibbiy xizmatlar, renovatsiya, koʻl boʻylari va gavjum koʻchalar boʻyicha ham hokim yordamchilaridan iborat maxsus “loyiha guruhlari” tashkil etiladi.

“Mahalla yettiligi” faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha poytaxtda yoʻlga qoʻyilgan tajriba endilikda barcha tuman va shaharlarda ham joriy etiladi. Bundan buyon hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi mahalla raisi taqdimnomasi asosida tuman hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod qilinadi.

Davlatimiz rahbari yana bir muhim masalaga eʼtibor qaratdi. Mamlakatimizda aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish boʻyicha keng koʻlamli tadbir boshlangani qayd etildi.

Hozirga qadar jami 7 million 613 ming xonadondan 4 million 776 mingtasi roʻyxatdan oʻtgan. Biroq ushbu jarayon Toshkent shahri, Fargʻona, Surxondaryo, Buxoro va Toshkent viloyatida sust kechayotgani koʻrsatib oʻtildi.

– Bu kabi muhim tadbir mamlakatimizda soʻnggi 37 yil ichida birinchi marta oʻtkazilmoqda. Roʻyxatga olish har bir mahalla va har bir oilaning real holatini aniqlash, kelgusi rejalarni shu asosda belgilash, eng muhimi, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan samarali mexanizmlarni joriy etishga xizmat qiladi, — dedi Prezidentimiz va barcha yurtdoshlarimizni roʻyxatga olish tadbirida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Yigʻilishda tuman hokimlari, mahalla raislari va hokim yordamchilarining hisobotlari hamda takliflari tinglandi.