Ushbu qaror inflyatsiya prognozining barqaror pasayish trendi shakllanib borayotganligi hamda iqtisodiyotning tiklanish sharoitida makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va iqtisodiy faollikni qoʻllab-quvvatlash maqsadlari oʻrtasidagi muvozanatni saqlash bilan izohlanadi.
Markaziy bank inflyatsiya prognozining pasayishidan kelib chiqqan holda, keyingi yigʻilishlarda asosiy stavka darajasini pasaytirish ehtimolini koʻrib chiqmoqda. Kelgusida ham Hukumat bilan birgalikda 2023-yilga qadar inflyatsiyaning 5 foizlik doimiy maqsadli koʻrsatkichiga erishish uchun barcha choralar koʻriladi.
Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar
Joriy yil aprel oyida pandemiya taʼsirida inflyatsiya 1,7 foizni tashkil etdi va bu asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va shaxsiy gigiyena vositalariga boʻlgan talabning keskin oʻsishi va unga bozor narxlarining moslashishi bilan izohlanadi.
May oyida narxlarning umumiy darajasi ayrim qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxlarining pasayishi, pandemiyaga qarshi cheklov choralarining yumshatilishi va iqtisodiy faollikning asta-sekin tiklanishi hisobiga nisbatan barqarorlashdi. Joriy yilning may oyida narxlar 0,3 foizga oʻsib, yillik inflyatsiya 14 foizni tashkil etdi va prognoz koʻrsatkichlari doirasida boʻldi.
Taʼkidlash joizki, pandemiya sharoitida aholi tomonidan asosan oziq-ovqat va dori-darmon tovarlariga ehtiyoj yuqori boʻldi va bir vaqtning oʻzida nooziq-ovqat tovarlari sotib olish hajmi kamaydi hamda bu oʻzgarishlar isteʼmol narxlari indeksida ham oʻz aksini topdi.
Oʻz navbatida, bu omil aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi hamda inflyatsion kutilmariga maʼlum darajada taʼsir koʻrsatdi.
May oyida isteʼmol narxlarining nisbatan barqarorlashishi bilan inflyatsion kutilmalarda ham pasayish kuzatildi, lekin hali ham inflyatsion kutilmalar yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Iqtisodiy faollik
Joriy yil aprel oyida cheklov choralari va jahon bozorlaridagi vaziyatning yomonlashuvi sababli iqtisodiy faollikning sezilarli darajada pasayishi kuzatildi. Ishlab chiqarishning qisman toʻxtatilishi va uy xoʻjaliklari daromadlarining kamayishi iqtisodiyotdagi yalpi talabning qisqarishiga olib keldi.
Xususan, banklararo toʻlov tizimi orqali amalga oshirilgan oʻtkazmalarning umumiy soni sezilarli darajada kamaydi. Ushbu koʻrsatkichning pasayishi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan aprelda 39,8 foizni, mayda esa 34,7 foizni tashkil etdi. Eng katta pasayish aprel oyida kuzatilgan boʻlib, may oyida asta-sekin tiklanish kuzatila boshlandi va oʻtkazmalar hajmi aprel oyiga nisbatan 7,6 foizga oʻsdi.
May oyida, shuningdek, tijorat banklariga savdo va pullik xizmatlardan naqd pullar tushumi ham tiklana boshlandi. Xususan, aprelda banklarga 3,4 trln. soʻmlik naqd pul tushumi kelib tushgan boʻlsa, mayda mazkur koʻrsatkich 44 foizga oshib, 4,9 trln. soʻmni tashkil etdi.
Shu bilan birga, may oyida savdo va pullik xizmat koʻrsatuvchi subyektlarda terminal orqali toʻlovlar hajmi aprelga nisbatan 25 foizga koʻpayib, 5,2 trln. soʻmga yetdi.
Shu kabi holat Oʻzbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi savdolarida ham kuzatildi. Joriy yil aprelda savdo hajmi oldingi oyga nisbatan 9,4 foizga pasaygan boʻlsa, may oyida 39,7 foizga oʻsdi.
Bundan tashqari, transchegaraviy pul oʻtkazmalari oqimi tiklanmoqda va bu oʻz navbatida, aholining isteʼmol kayfiyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Xususan, may oyida pul oʻtkazmalari hajmi aprelga nisbatan 234 mln. dollarga koʻpaydi va 484 mln. dollarni tashkil etdi.
Sanoat mahsulotlari sohasida may yakunlari boʻyicha ishlab chiqarishning aprelga nisbatan 27 foiz bandga tiklanishi kutilmoqda.
Shuningdek, dastlabki maʼlumotlarga koʻra, birinchi yarim yillik yakunlari boʻyicha qurilish sohasida oʻsish koʻrsatkichlari oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizdan ziyodga koʻpayishi, qishloq xoʻjaligi sohasida esa 3 foiz atrofida yuqori boʻlishi kutilmoqda.
Umuman olganda, may oyida cheklov choralari yumshatilishi bilan vaziyat yaxshilana boshladi va iqtisodiy faollikning bosqichma-bosqich tiklanish tendensiyasi kuzatilmoqda.
Pul-kredit sharoitlari
2020-yilning oʻtgan 5 oyida ham Markaziy bank bir maromda qatʼiy pul-kredit sharoitlarini saqlab qoldi. Aprelda asosiy stavkaning 1 foiz bandga pasaytirilishiga qaramay, depozitlar va kreditlar bozorida ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qolmoqda.
Joriy yil aprelda milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi martga nisbatan 0,7 foiz bandga pasayib, 24,1 foizni tashkil etgan boʻlsa, milliy valyutadagi 1 yildan ortiq muddatli depozitlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi 0,5 foiz bandga oshib, 19,3 foizga teng boʻldi.
Kreditlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalarining pasayishi umumiy kredit portfelida yuqori foiz stavkali isteʼmol kreditlari ulushining qisqarishi bilan izohlanadi va kelgusi oylarda ham mazkur tendensiyaning saqlanib qolishi kutilmoqda.
Iqtisodiyotga kredit qoʻyilmalarining oʻsishi, valyuta almashuv kursi oʻzgarishlarini hisobga olmaganda, may oyida aprelga nisbatan (2,2 foizdan 2,8 foizgacha) tezlashdi va 5 oy yakunlari boʻyicha 14,4 foizni yoki 30,0 trln. soʻmni tashkil etdi.
Umumiy pul massasi esa 2020-yil 1-iyun holatiga 99,2 trln. soʻmni tashkil etib, asosan soʻnggi 2 oyda sezilarli (8,7 trln. soʻmlik yoki 9,7 foizlik) oʻsish kuzatildi. Bunda muddatli depozitlar oʻsish surʼatlari aprel oyidagi sekinlashishdan soʻng, may oyiga kelib yana tiklandi va yillik 12,3 foizni tashkil etdi.
Pandemiyaning likvidlikni shakllantiruvchi omillarga taʼsiri natijasida tijorat banklari tomonidan depozit operatsiyalariga talab qisqargan boʻlsa, aksincha REPO va SVOP operatsiyalariga talab ortib bormoqda. Xususan, 2020-yil fevral-may oylarida Markaziy bankning oʻrta muddatli depozit operatsiyalari orqali oʻrtacha 425 mlrd. soʻmlik likvidlik jalb qilindi. REPO va SVOP operatsiyalari orqali esa oʻrtacha 673 mlrd. soʻmlik likvidlik taqdim etildi. Bunda operatsiyalar oʻrtasidagi sof farq 248 mlrd. soʻmni tashkil etib, banklar likvidligini qoʻllab-quvvatlovchi omillardan biri boʻldi.
Joriy yil may oyida banklararo pul bozorining faollashuvi kuzatildi va jami amaliyotlar hajmi 4,4 trln. soʻmni tashkil etib, aprelga nisbatan 2,0 trln. soʻmga (85,0 foizga) koʻpaydi.
Bunda 14 kungacha boʻlgan depozitlar foiz stavkasi ayrim tebranishlar bilan foiz koridori doirasida shakllangan boʻlsa, uzoq muddatli resurslarga boʻlgan talabning yuqoriligi sababli 30 kungacha va undan ortiq muddatli depozitlar boʻyicha foiz stavkalari nisbatan yuqori boʻldi.
Milliy valyuta kursi tashqi va ichki omillar taʼsirida aprel oyida 5,8 foizga qadrsizlangan boʻlsa, may oyida nisbatan barqaror darajada shakllandi.
Xatarlar va noaniqliklar
Karantin choralarining bosqichma-bosqich yumshatilishiga qaramay, iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning istiqbollari boʻyicha ikki tomonlama omillar – bir tomondan, yalpi talabning zaiflashishi bilan bogʻliq pasaytiruvchi omil va ikkinchi tomondan cheklangan taklif sharoitida narxlarning oʻsishiga taʼsir qiluvchi omillar bilan bogʻliq noaniqliklar saqlanib qolmoqda.
Bundan tashqari, asosiy savdo hamkorlarimiz iqtisodiyotining tiklanishi hamda biznes yangi iqtisodiy voqeliklarga moslashishining uzoqroq muddatga choʻzilishi maʼlum bir noaniqliklarni keltirib chiqaradi.
Bunda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash uchun asosiy mahsulotlarning zaxiralarini toʻldirish va taklifini oshirish choralarini koʻrish zarur.
Birinchi yarim yillik oxiriga kelib, almashuv kursining aprel oyidagi tashqi va pandemiya sharoitlariga toʻgʻrilanishining taʼsiri pasayishi hamda yillik inflyatsiyaning joriy darajasi (14-14,5 foiz) saqlanib qolishi kutilmoqda.
Markaziy bank yil oxiriga qadar inflyatsiya prognozini 11-12,5 foiz darajasida saqlab qolishi va bunda II yarim yillikda inflyatsiyaning sezilarli darajada pasayishi kutilmoqda. Mazkur kutilmalarning asosiy omillari sifatida faollikning asta-sekin tiklanishi bilan yalpi taklifning talab bilan muvozanatlashishi hamda tartibga solinadigan narxlarning oʻzgarishsiz saqlanib qolishini keltirish mumkin.
Iyun va iyul oylarida yillik inflyatsiya pasayish tendensiyasining oraliq maqsadli koʻrsatkichlardan past darajada saqlanib qolishi yilning II yarmida asosiy stavkani pasaytirish uchun sharoit yaratadi.
Shu bilan birga, Markaziy bank tashqi va ichki sharoitlar taʼsirida inflyatsiya omillari va xatarlarining mohiyatini chuqur oʻrganishda davom etadi va inflyatsiya prognozi dinamikasi asosida asosiy stavka boʻyicha tegishli qarorlar qabul qiladi.
Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi asosiy yigʻilishi 2020-yil 23-iyulga belgilangan, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.