Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi asosiy stavkaning 1 foiz bandga tushirilishi makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga qanday taʼsir qilishini tahlil qildi. Hisob-kitoblarga koʻra, iqtisodiyotning jadallashishi, aholi isteʼmoli oshishi, kredit hajmi oʻsishi kutilmoqda.
Oxirgi marta 14 foizlik stavka 2018-yil boshida va 2020-yil oxirida amal qilgan. Oradan 1,5 yil oʻtgach, 2022-yil mart oyida Markaziy bank stavkani birdaniga uch foiz bandga — 17 foizga oshirdi. Oʻtgan yili regulyator stavkani ikki marta 16 foizga, iyul oyi oxirida esa 15 foizga tushirdi.
Stavkaning pasayishi iqtisodiy koʻrsatkichlarni oshiradi va iqtisodiyotning oʻsishini ragʻbatlantiradi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ushbu taʼsirlarni baholadi.
Tahlil shuni koʻrsatdiki, asosiy stavkaning 1 foiz bandga tushishi natijasida bazaviy ssenariyga nisbatan mamlakat YAIM 0,55 foizga koʻpayadi.
Bundan tashqari, nominal foiz stavkasining tushishi real foiz stavkalarni pasaytiradi va aholi isteʼmolini ragʻbatlantiradi. Markaz tadqiqotining natijalari shuni koʻrsatadiki, stavka tushishi aholiga berilayotgan kreditlar miqdorini 2,6 foizga koʻpaytiradi. Natijada, bazaviy ssenariyga nisbatan aholi yalpi isteʼmoli 0,2 foizga ortadi.
Shuni taʼkidlash kerakki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, asosiy stavkaning 1 foiz bandga oʻzgarishi kredit stavkalarini oʻrtacha 0,6 foiz bandga, depozit stavkalarni 0,35 foiz bandga oʻzgartiradi.
Shunday qilib, asosiy stavkaning pasayishi tijorat banklari kredit stavkalarini pasaytirib, xususiy investitsiyalarni ragʻbatlantiradi. Hisob-kitoblarga koʻra, kredit stavkalarining pasayishi yalpi investitsiyalar hajmini 0,68 foizga koʻpaytiradi.
Mutaxassislarning fikricha, asosiy stavkaning 1 foiz bandga pasayishi iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan berilgan kreditlar hajmini quyidagicha koʻpaytiradi:
- Qishloq xoʻjaligida 3,6 foizga;
- Qurilishda 2,8 foizga;
- Sanoatda kreditlar hajmini 2,7 foizga;
- Savdoda 1,3 foizga;
- Transport va kommunikatsiyada 1,1 foizga.