Margʻilon shahridagi Hunarmandchilikni rivojlantirish markazida “Atlas bayrami” beshinchi xalqaro anʻanaviy toʻqimachilik festivalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
— Mamlakatimizda olib borilayotgan katta islohotlar doirasida qadimiy va boy anʻanalarga ega hunarmandchilik sohasini rivojlantirishga ham alohida eʻtibor qaratilmoqda. Bu borada viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarga qisqa toʻxtalib oʻtadigan boʻlsak, joriy yilning oʻzida 13 ta tumanda yangi “Hunarmandlar markazlari” qurib bitkazildi. Ushbu markazlarda toʻqimachilik yoʻnalishining oʻzida 4000 ta yangi ishchi oʻrin yaratilganini alohida qayd etish joiz. — dedi iloyat hokimi Xayrullo Bozorov
Marosimda videoaloqa orqali nutq soʻzlagan YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, Margʻilon atlas va adras saʻnatining jahon hunarmandchiligida tutgan oʻrniga alohida urgʻu berdi.
Festival arafasida Margʻilon uchun yana bir muhim voqea yuz berdi — Butunjahon hunarmandlar kengashi tomonidan Margʻilon shahriga “Jahon hunarmandlari shahri” degan yuksak unvon berildi. Bugungi kunda dunyoning 4 ta qitʻasidan 57 ta shahar bunday eʻtirofga sazovor boʻlgan.
Uch kun davom etadigan festival davomida Margʻilonning barcha xiyobon va maydonlarida xalq sayllari, kurash musobaqalari, dorbozlik, qoʻgʻirchoqbozlar chiqishlari, “Hunarmandlar shaharchasi”da hunarmandchilik buyumlari namoyishi, mahalliy va xorijiy dizaynerlarning liboslar namoyishlari, toʻqimachilik ustalarining mahorat darslari, koʻrgazma va ilmiy-amaliy anjumanlar boʻlib oʻtadi, deya xabar bermoqda Fargʻona viloyati hokimligi.