Bu haqda Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, shu yilning 29-iyun kuni, Fargʻona viloyati IIB hamda Margʻilon shahar IIB tezkor xodimlari tomonidan oʻtkazilgan «Qoradori-2024» tadbirida, 1971-yilda tugʻilgan, «Tuyagum» MFYda yashovchi А.К.нинг yashash xonadoni xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda hovlisida giyohvand oʻsimligini parvarishlab kelayotganligi aniqlandi.
Maʼlum boʻlishicha, fuqaro А.К. 10 dona 3 litrli idishda 12 kg 537 gr koʻknori boshoqlarini, 2 dona 3 litrli idishda 2 kg 570 gr marixuana moddasini, oq polietilen paketda esa, 41 gr gashish giyohvandlik moddasini hamda oq polietilen qopda 22 kg 550 gr koʻknori somonini saqlab kelayotganligi aniqlanib tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.
Tezkor tadbirda aniqlangan jami giyohvand moddalar miqdori 37 kilogrammdan ziyodni tashkil qildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.