Atom elektr stansiyasi blokining ehtimoliy xavfsizlik tahliliga qoʻyiladigan talablar belgilandi

    “Atom elektr stansiyasi blokining ehtimoliy xavfsizlik tahliliga qoʻyiladigan” asosiy talablar Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi (roʻyxat raqami: 3684-son, 08.10.2025 y).

    Mazkur asosiy talablar loyihalashtirilayotgan, barpo etilayotgan va foydalanilayotgan atom elektr stansiyasi blokining ehtimoliy xavfsizlik tahliliga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.

    Ehtimoliy xavfsizlik tahlili quyidagi maqsadlarda oʻtkaziladi:

    • atom elektr stansiyasi bloki xavfsizligining ehtimoliy koʻrsatkichlarini hisoblash;
    • ogʻir avariyalar va katta avariyaviy tashlanmalar ehtimolini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan normativ chegaralar bilan taqqoslash;
    • atom elektr stansiyasi bloki xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ustuvorliklarni belgilash;
    • atom elektr stansiyasi bloki tizimlarini (elementlarini) modernizatsiya qilish tadbirlarining atom elektr stansiyasi bloki xavfsizligiga taʼsirini baholash.

    Ehtimoliy xavfsizlik tahlili natijalaridan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:

    • xavfsizlik uchun muhim boʻlgan atom elektr stansiyasi bloki tizimlarining ishonchliligini baholash;
    • nazorat va tekshiruv ishlarini rejalashtirish va baholash;
    • loyihaviy avariyalar uchun boshlangʻich hodisalar roʻyxatini asoslash;
    • loyihadan tashqari avariyalar roʻyxatini asoslash.

    Ehtimoliy xavfsizlik tahlilini oʻtkazish uchun atom elektr stansiyasini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot masʼul hisoblanadi.