Oʻzbekiston AES qurilishini nazorat qilish uchun Italiya kompaniyasini jalb qilishi mumkin

    Sanoat 23 Oktabr 2025 1199

    Oʻzbekistonning birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasida italiyalik mutaxassislar ishtirok etishi mumkin. Bu haqda Atom energiyasi agentligi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, shu yilning 20-oktyabr kuni “Oʻzatom” agentligi direktori Azim Axmedxadjayev Italiyaning yetakchi energetika xoldingi — “Ansaldo Energia” va uning atom texnologiyalariga ixtisoslashgan “Ansaldo Nucleare” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonda qurilishi rejalashtirilayotgan birinchi atom elektr stansiyasi loyihasida texnologik integratsiya masalalari hamda italiyalik hamkorlarning yordamchi tizimlar boʻyicha yechimlarini mamlakat iqlim sharoitiga moslashtirish yoʻllari muhokama qilindi.

    Italiya tomoni oʻzining yadro energetikasi sohasidagi koʻp yillik tajribasi haqida maʼlumot berdi. Kompaniya mutaxassislari Xitoy, Belgiya, Sloveniya, Vengriya va Ukrainada atom elektr stansiyalarini baholash, texnik xizmat koʻrsatish hamda ishlatilgan yadro yoqilgʻisini boshqarish boʻyicha amaliy tajribaga egaliklarini taʼkidladi.

    Suhbat chogʻida “Ansaldo Nucleare” ishlab chiqqan yadro yoqilgʻisini boshqarish tizimlari va radioaktiv chiqindilar bilan ishlash boʻyicha hamkorlik imkoniyatlari atroflicha koʻrib chiqildi.

    Shuningdek, Italiya tomoni Oʻzbekistonda atom sohasini rivojlantirish uchun normativ-huquqiy baza yaratish, litsenziyalash tizimini takomillashtirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va kadrlar tayyorlash boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

    Muzokaralar natijasida tomonlar AES qurilishi loyihasini amalga oshirishda italiyalik mutaxassislarni texnik maslahatchi va hamkor sifatida jalb etish masalasini muhokama qilishga kelishib oldilar.