Oʻzbekiston va Vengriya integratsiyalashgan atom stansiyasi loyihasini moliyalashtirish yuzasidan muzokaralar oʻtkazdi

    «Oʻzatom« agentligi va Vengriyaning MVM EGI Zrt kompaniyasi oʻrtasida atom elektr stansiyasi qurishda hamkorlik, eksport moliyalashtirish imkoniyatlari va qator bitimlarni imzolash istiqbollari muhokama qilindi.

    «Oʻzatom« agentligida agentlik direktori va MVM EGI Zrt bosh direktori Peter Karpati ishtirokida Oʻzbekiston hududida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini barpo etishda Vengriyaning ishtirokiga doir muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Vengriya Eksimbanki orqali eksport moliyalashtirishni jalb etish imkoniyatlari, loyihani moliyalashtirishning joriy holati hamda “quruq sovutish” tizimlarini joriy etish boʻyicha toʻrt tomonlama asosiy bitimni imzolash istiqbollari muhokama qilindi.

    Muzokaralar ikki davlat oʻrtasida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlik yuqori darajada ekanini tasdiqladi. Shuningdek, ilgʻor texnologiyalarni almashish va yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda xalqaro moliyaviy mexanizmlardan birgalikda foydalanishga tayyorlik qayd etildi.

    Uchrashuvda loyiha ishtirokchilari faoliyatini muvofiqlashtirish, innovatsion va yuqori texnologiyali yechimlarni Oʻzbekiston atom sanoatiga joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Tomonlar 2026-yil yanvar oyida Vengriyada “Oʻzatom” delegatsiyasining rasmiy tashrifi doirasida Vengriya Eksimbanki, OTP Bank va boshqa moliyaviy tuzilmalar ishtirokida muzokaralarning navbatdagi bosqichini oʻtkazishga kelishib oldi.