Jizzaxda AES qurilishi loyihasi yuzasidan jamoatchilik eshituvlari boʻlib oʻtadi

    2025-yil 23-dekabr kuni soat 11:00 da Jizzax viloyati Forish tumani Bogʻdon aholi punktida joylashgan 30-son Madaniyat markazida Oʻzbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasi boʻyicha jamoatchilik eshituvlari oʻtkaziladi.

    Unda loyihaning texnik maʼlumotlari, xavfsizlik masalalari, iqtisodiy samaradorligi va aholi takliflari muhokama qilinadi, deya xabar beradi Oʻzatom agentligi.

    Qayd etilishicha, AESning umumiy quvvati 2110 MVtni tashkil qiladi. Yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 16–17 milliard kVt·soatga teng boʻlib, mamlakat energiya balansidagi ulushi 12–15 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

    Stansiyaning ekspluatatsiya qilish muddati 60-yil qilib belgilangan. Qurilish davrida 13 ming nafargacha, ekspluatatsiya boshlangandan soʻng esa 2 ming nafargacha yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.

    Loyihaning bosh pudratchisi “Atomstroyeksport” aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi. U “Rosatom” Davlat korporatsiyasi tarkibiga kirib, atom elektr stansiyalari qurilishi boʻyicha jahonda eng yirik eksport shartnomalari portfeliga ega kompaniya sifatida maʼlum.

    Loyiha doirasida xavfsizlik talablariga javob beradigan VVER-1000 va RITM-200N reaktorlaridan foydalanish koʻzda tutilgan.

    Loyiha yuzasidan fikr va takliflar info@uzatom.uz hamda direksiyaaes@uzatom.uz elektron manzillari orqali qabul qilinadi. Tadbirga jamoatchilik va barcha manfaatdor tomonlar faol ishtirok etishga taklif etiladi.