Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining maʼlum qilishicha, navbatdagi “Dolzarb 10 kunlik” 25-avgustdan 5-sentyabrga qadar davom etadi.
10 kun davomida respublikadagi barcha jamoat joylari, bogʻlar, xiyobonlar, koʻchalar va boshqa hududlar chiqindilardan tozalanadi.
Shuningdek, aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida ekologik madaniyat va sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Maʼlumot uchun, “Dolzarb 10 kunlik” tadbirlari Ekologiya vazirligi, tizim tashkilotlar va hududiy boshqarmalar tomonidan doimiy tarzda oʻtkazib kelinadi. Xususan, 2024-yilning 25-dekabridan 2025-yilning 5-yanvar kuniga qadar oʻtkazilgan tadbirlarda 800 263 ta jamoat joylari, mahallalar va markaziy koʻchalar obod qilingan hamda respublika hududi jami 135 ming 200 tonna chiqindidan tozalangan.








