Atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalarni monitoring qilish qanday amalga oshiriladi?

    Hukumat “Sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni qabul qildi. Hujjat bilan avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarning manzilli roʻyxati tasdiqlandi.

    Vazirlar Mahkamasining 25.11.2024-yildagi 783-son qarori bilan sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirishni taʼminlash choralari belgilandi.

    Prezidentning 31.05.2023-yildagi PF-81-son Farmoniga muvofiq, tuman (shahar)larda atmosfera havosining ifloslanishini fon monitoringi qilishning 347 ta avtomatlashtirilgan kichik stansiyasini xarid qilish va oʻrnatish rejalashtirilgan.

    Hujjat bilan avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarning manzilli roʻyxati tasdiqlandi.

    Ifloslantiruvchi manbalarni sifatli monitoring qilish uchun tasdiqlangan jadvalga koʻra, xoʻjalik yurituvchi subyektlar (atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish I toifasi – 2025-yil 1-iyulgacha, II toifasi – 2025-yil oxirigacha) quyidagilarni taʼminlashlari kerak:

    • ustuvor turgʻun (tashkillashtirilgan) ifloslantirish manbalaridan atmosfera havosiga chiqariladigan tashlamalarni monitoring qilishning avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarini oʻrnatish;
    • yuqori samarali chang va gazni tozalash qurilmalari hamda mahalliy suv tozalash inshootlarini yangilariga almashtirish va mavjudlarini modernizatsiya qilish;
    • xoʻjalik yurituvchi subyektlarning sanitariya-himoya zonalarini avtomatlashtirilgan statsionar kuzatuv postlari bilan jihozlash.

    Oʻrnatiladigan yangi chang-gazni tozalash uskunasining samaradorligi kamida 99,5 foiz, mavjud modernizatsiya qilinadigan uskunalarniki – kamida 95 foiz, yangi va modernizatsiya qilinadigan mahalliy suv tozalash inshootlariniki – kamida 80 foiz boʻlishi kerak.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 25.11.2024-yildan kuchga kirdi.