Bu haqda AOKAda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova ishtirokida oʻtkazilgan brifingda maʼlum qilindi.

Unga koʻra, joriy yilgi attestatsiya sinovlari mamlakatimiz miqyosida bir xil vaqtda — 15-aprel kuni boshlandi hamda 14-mayga qadar davom etdi. 15-16-may kunlari umumtaʼlim tashkilotlariga pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajyor-oʻqituvchilar ishtirokida kasbiy sertifikatlash sinovlari tashkil etildi.

Qayd etilishicha, amaliyotga joriy etilgan yangi tizim asosida malaka toifasini olish sinovlari ikki bosqichda oʻtkazildi. Birinchi bosqichda mutaxassislik fanidan pedagoglarning bilimi, yaʼni bilish, qoʻllash, mulohaza qilish koʻnikmalari va ikkinchi bosqichda nomzodlarning pedagogik mahoratlari baholandi. Sinov materiallari soha mutaxassislari, olimlar va amaliyotchi pedagoglar ishtirokida xalqaro testologiya meʼyorlari asosida ishlab chiqildi.

Belgilangan mezonlar asosida 46 ta fandan uchta — oʻzbek, rus va qoraqalpoq tillarida 30 mingga yaqin nazorat sinov materiallari tayyorlandi. Test sinovlari mamlakatimizdagi 13 ta taʼlim obyektlarida belgilangan grafik asosida oʻtkazildi. Jamoat xavfsizligi va tartibini saqlash uchun Milliy gvardiya va Ichki ishlar xodimlari jalb etildi.

Malaka test sinovlarida ishtirok etish uchun 190 ming nafarga yaqin pedagog onlayn ariza topshirgan boʻlib, ularning 177 ming 640 nafari yoki umumiy arizachilarning 95 foizi jarayonlarda qatnashdi. Attestatsiya sinovlarida hech qanday koʻngilsiz hodisa kuzatilmadi. Tartib-qoidalarni buzgani sababli 75 nafar pedagog sinovlardan chetlashtirildi hamda bu haqda oʻrnatilgan tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirildi.

Attestatsiya sinovlarining ikkala bosqichida ham qatnashib 86 va undan yuqori ball olgan oliy yoki birinchi toifaga ega boʻlgan (yoki saqlagan) pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga qoʻshimcha 70 foiz ustama belgilanadi.