Auditoriya, turar joylar yangi oʻquv yiliga tayyor

    Taʼlim tizimining har bir bosqichida avgust oyi oʻzgacha shukuh bilan oʻtkaziladi. Boisi yangi oʻquv yili yaqin. Oʻquv rejalari, yangi dasturlar, auditoriya xonalari, turar joylarning tayyorligi.... Umuman, taʼtildan soʻng yangi oʻquv yilidan oldin har birimizda oʻzgacha tadorik kuzatiladi...

    Respublikamizdagi barcha oliy taʼlim muassasalari 2023/2024 oʻquv yiliga tayyorgarlik jarayonini yakunlash arafasida. Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali jamoasi ham bu jarayonga masʼuliyat bilan yondashib, taʼlimiy, ilmiy va texnik-xoʻjalik sohalarida koʻzlangan rejalarni amalga oshirmoqda.

    Yangi oʻquv yilida talabalarni qabul qilib olish, ularni talabalar turar joylari va ijara xonadonlari bilan taʼminlash ishlari alohida eʼtiborda. Avvalo, talabalarning turar joyga talabi oʻrganilib, ehtiyojdan kelib chiqqan holda zaxira joylar ham tayyorlangan.

    Filial oʻquv-laboratoriya xonalarining shayligi, darslik va oʻquv qoʻllanmalarning yetarliligi, turar joylarning kommunal holati, oshxonalarning xizmat koʻrsatish darajasi kabi savollar filial rahbariyati tomonidan nazoratga olingan.

    Shuningdek, filial fakultetlari joylashgan 3 ta binoda ham hududlarni obodonlashtirish ishlari ayni avjida. Filial jamoasining har bir vakili kun tartibidagi masalaga masʼuliyat bilan yondashib, yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik ishlarini davom ettirmoqda.