Zamonaviy talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi

    Bugun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida yangi zamonaviy tipdagi Davlat-xususiy sheriklik loyihalari asosida 500 oʻrinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.

    Dastlab tantanali tadbirda universitet rektori, akademik Axmed Reymov soʻzga chiqib, Hurmatli Prezidentimiz rahbarligida yosh avlodning taʼlim olishi, ijtimoiy himoyasi, ularning kelajakda komil insonlar boʻlib yetishishi uchun barcha sharoitlar yaratilayotganligini aytib oʻtdi. Ayniqsa, taʼlim sohasiga qaratilayotgan eʼtibor, jumladan, talabalarni yotoqxona bilan taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, bu borada Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida samarali ishlar olib borilayotganligini taʼkidlab oʻtdi.

    U oʻz soʻzida yangi talabalar turar joyi zamonaviy arxitektura standartlari asosida qurilganligini, unda talabalar uchun barcha qulayliklar yaratilganligini aytib, barchani yangi talabalar turar joyining ochilishi bilan samimiy qutladi.

    Shundan soʻng, soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning taʼlim olishi, yashashi va boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganiga alohida toʻxtaldi. Jumladan, talabalarning taʼlim olishi bilan bir qatorda, turmush tarzining qulay va xavfsiz boʻlishi ham davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini aytib, barchani yangi binoning ochilishi bilan samimiy tabrikladi.

    Tadbir davomida “ARGONIYA” MCHJ direktori Mansur Xodjaniyazov tomonidan yangi qurilgan talabalar turar joyining kaliti Qoraqalpoq davlat universiteti rektori Axmed Reymovga tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar talabalar turar joyining sharoitlari bilan tanishib, talaba-yoshlar bilan suhbatlashdi.

    Bugungi kunda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida 2709 oʻringa moʻljallangan 10 ta talabalar turar joyi mavjud boʻlib, bugun bu koʻrsatkich yana 500 taga koʻpaydi.

    Shuni ham alohida aytib oʻtish kerak, 2025-yil oktyabr oyida talabalar turar joyi bilan taʼminlash maqsadida Qoraqalpoq davlat universitetida davlat-xususiy sheriklik asosida yana 400 oʻringa moʻljallangan bitta talabalar turar joyi binosi foydalanishga topshiriladi. Bu oʻz navbatida talabalarni yotoqxona bilan qamrab olish darajasini 50% gacha oshiradi. Talabalar turar joyida talaba yoshlarimizning darsdan boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishi, dam olishi, qoʻshimcha toʻgaraklarga qatnashishi, bilim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

    Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbusni talabalarimiz oʻrtasida ommalashtirish maqsadida zamonaviy axborot texnologiyalari, kompyuter xonalari, axborot resurs markazi, sanʼatga qiziquvchi yoshlar uchun barcha qulayliklarga ega toʻgaraklar, shu bilan birga ovqatlanish, yuvinish, internet tarmogʻidan foydalanish, gazeta-jurnallar oʻqish, televizor tomosha qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

    Darhaqiqat, bu mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan qulay sharoitlar, taʼlim tizimini yanada takomillashtirish va talabalarning hayot sifatini yaxshilash borasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning yana bir yorqin misolidir.

    Minajatdin Qutlimuratov,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri