Avlodlarga nima deymiz?

    Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimovning “Yarim asr daftari” kitobi mutolaasi jarayonida “Avlodlarga nima deymiz?” sarlavhali maqolasiga koʻzim tushdi.

    Maqola muqaddam 1988-yilda “Sharq yulduzi” jurnalida bosilgani va qoʻlma-qoʻl boʻlib oʻqilgani esimda.

    Adibimiz oʻsha davrning oʻta muammoli masalalarini jasorat bilan koʻtarib chiqqan va bu holatda ertangi kun avlodlarga nima deymiz, degan savolni qoʻygan.

    Xususan, adib mustabid tuzum davrida paxta yetishtirishni asosiy vazifa deb bilib, yerga, tabiatga va odamlar sogʻligʻiga qanchalik zarar yetkazilayotganini kuyinib qayd etish bilan birga, Orolni asrash, yerdan oqilona foydalanish hamda paxtani xomashyo sifatida arzon-garovga sotish oʻrniga undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, shu orqali qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish lozimligi haqidagi fikrlarini biror eʼtirozga oʻrin qoldirmagan holda asos­lab bergan.

    Maqolani qayta oʻqib chiqarkanman, adib sobiq shoʻrolar davrida jasorat bilan koʻtarib chiqqan muammolar — paxta yakkahokimligiga barham berilgani, majburiy mehnat oʻtmishda qolgani, Orol bilan bogʻliq ogʻriqlarni bartaraf etish yuzasidan ulkan ishlar qilinayotganini mamnuniyat bilan ­eʼtirof etgim keldi.

    Keyingi yillarda jamiyatimizning deyarli barcha jabhalarida inson manfaati, uning baxtli yashashini taʼminlash borasida zarur islohotlar amalga oshirildi va bugun u samarasini koʻrsatmoqda. Boshpanaga muhtoj yuz minglab aholi uyli-joyli boʻldi, imkoniyati cheklangan fuqarolarning ijtimoiy himoyasi kuchaytirildi, yoshlar taʼlim va tarbiyasiga katta eʼtibor qaratildi, voyaga yetmagan bolalar mehnatiga barham berildi. Yopilib ketgan, xarobaga aylangan bolalar bogʻchalari taʼmirlanib, qayta tiklandi. Eng chekka hududlarda ham bolalar bogʻchalari qurildi.

    Bola huquqlari himoyasini taʼminlash borasida qonunlarimiz takomillashtirildi. Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻ­yicha vakili (bolalar ombudsmani) faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Xullas, uzoq yillardan buyon xalqimiz orzusiga aylanib kelgan masalalarning aksariga yechim topildi, bor muammolar ustida doimiy ishlanmoqda.

    Poytaxt va katta shaharlarni hisobga olmaganda, yaqin-yaqingacha hududlarda elektr energiyasi katta uzilishlar bilan sutkasiga uch-toʻrt soat berilar, odamlar ham bunga koʻnikib qolgan edi. Bugun vaziyat ancha yaxshilangan.

    Pul yoʻqligi tufayli oylik ish haqi va nafaqalar oʻz vaqtida berilmasdi. Plastik kartochkalar bor, ammo undan pul yechib oladigan bankomatlar u yoqda tursin, savdo va xizmat koʻrsatish doʻkonlarida terminallar mavjud emasdi.

    Shu bilan bogʻliq bir holat xotiramda muhrlanib qolgan. 2016-yilning kech kuzida davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan, aholi bilan uchrashib, muammolarni aniqlash va oʻrganish uchun Buxoro viloyatiga bordik. Qaysidir tuman hokimligining zali toʻla. Uchrashuvdan muddaoni tushuntirib, nima kamchiliklar bor, deganimizda, dastlab bir oz muddat hech kimdan sado chiqmadi, chunki oldin muammolar soʻralmagan. Keyin soch-soqoli oppoq, yoshi ulugʻ bir otaxon minbarga koʻtarildi. Otaxon “Mehmonlar, xush kelibsizlar!”, deya soʻz bosh­lab, xalq yaxshi yashayotgani, paxta va gʻalla rejalari bajarilganini gapirdi. Keyin “Bir-ikki muammolar ham bor, lekin buni aytgan bilan hal qilish imkoni bormi-yoʻqmi, shunga ikkilanib turibman”, dedi. Otaxonga tortinmasdan kamchiliklarni bemalol aytaverishini, davlat rahbari topshirigʻiga koʻra, muammolar oʻrganilayotgani va yechimini topishga harakat qilinishini aytdik. Shundan soʻng u pensiya puli plastik kartochkasiga oyma-oy tushirib berilayotgani, lekin uni ishlatib boʻlmayotgani, plastik kartochkadagi pulga biror nima xarid qilish uchun viloyat markazidagi doʻkonlarga borish kerakligi, buning uchun esa taksiga pul toʻlash lozimligi haqida gapirdi. “Xullas, plastik kartochkadan toʻyona ham qilib boʻlmayotgani sababli toʻylarga borolmayapmiz, pensiyaning bir qismini naqd bersa yaxshi boʻlardi”, deya soʻzlarini davom ettirdi. Shunga oʻxshash boshqa masalalarda takliflarini bildirdi.

    Aholi bilan ilk muloqot natijasida taklif tayyorlandi, oradan toʻrt kun oʻtib, Prezidentning pensiya toʻlovlarini uni oluvchilarning xohishiga qarab naqd yoki plastik kartochka orqali toʻlash haqidagi qarori chiqdi. Barcha xizmat koʻrsatish va savdo shoxobchalari terminallar bilan taʼminlandi.

    Oʻtgan yillar mobaynida odamlarning sharoitini yaxshilash, ogʻirini yengil qilish borasida amalga oshirilgan ishlarning barchasiga elimiz shohid boʻlib turgani sababli ularni birma-bir sanab oʻtishga ehtiyoj yoʻq deb oʻylayman.

    Lekin shuni aytmoq joizki, biz muayyan maʼnoda katta orzularga berilib, sabr-qanoat hamda shukrni unutib qoʻyayotgandekmiz. Orzu-niyat qilmoq yaxshi, lekin bir soat elektr energiyasi yoki gaz uzilishiga katta fojia deb qarashimiz yaxshi emas. Menimcha, bu noshukrlik belgisi.

    Bir yigit internetda chiqib, haq gapni aytdi. Bolaligida bir hovlidagi toʻrt xonali uyda otasi va amakilari, jami toʻrt oila yashagan va ularga bitta oshxona yetarli boʻlgan. Bugungi kunda oʻzi va ukasi ota hovlisidagi sakkiz xonali uyda yasharkan. Lekin bunga qanoat qilmay, alohida yer uchastkasi olib, sakkiz xonali uy quribdi. Hozir shu hovlidagi kamchilik­larni bitirish uchun oilasidan uzoqda, xorijda ishlab yurgan ekan. “Hammasiga oʻzimiz, nafsimiz aybdor”, deb chiroyli xulosa qildi oʻsha yigit.

    Shular haqida oʻylarkansan, bunday fikr tugʻiladi. Suyukli adibimiz hayotligidayoq oʻzi koʻtargan muammolarning hal etila boshlanganiga guvoh boʻlgan va ichki qoniqish bilan asarlarida aks ettirgan. Xoʻp, shunday boʻlsa-da, umri nihoyasida oʻz qoʻli bilan tartib bergan kitobiga nega yuqoridagi maqolani kiritgan ekan? Bu bilan muallif yarim asrlik ijodiy faoliyati haqida kitobxonlarga ijobiy hisobot berishi barobarida zamondoshlarining kelajak avlod oldidagi masʼuliyatini yana bir bor eslatmoqchi boʻlgandir balki. Zero, kelajak bugundan boshlanar ekan, ertangi kun masʼ­uliyati bugungi katta yoshli avlod zimmasidadir.

    Axborot asrida yashayapmiz. Bugunga kelib, axborot qurolga, xavfsizlikning muhim omiliga aylandi. Qisqasi, ­shiddat bilan oʻzgarayotgan zamon, globallashuv, ­axborot texnologiyalarining mislsiz taraq­qiyoti katta imkoniyatlar taqdim etishi bilan birga, mafkuraviy kurashlarni ham kuchaytirdi. Internet ulkan axborot muhorabasi maydoni boʻldi. Bu maydonda it egasini, mushuk bekasini tanimayotgani ham haqiqat.

    Bunday axboriy talatoʻpda har bir millat uchun oʻz maʼnaviy qiyofasini saqlash, maʼrifiy dunyosini, azaliy qadriyatlarini muhofaza qilish birlamchi ahamiyat kasb etmoqda.

    Yaqin-yaqinlargacha fuqarolarimiz oʻziga kerakli, jamiyat hayoti bilan bogʻliq axborotlarni gazeta, jurnal, radio va televideniye orqali olardi. Bosma nashrlar kirib bormagan xonadon yoʻq edi hisob. Bolalik va oʻsmirlik davrimizda “Gʻuncha”, “Gulxan”, keyinchalik “Yoshlik”, “Sharq yulduzi” jurnallariga obuna boʻlardik. Oddiy dehqon otam bir necha gazeta va jurnal olardi.

    Oʻtgan yili qishloqda, togʻning toʻrida yashovchi, umri suruv boqish va dehqonchilik bilan oʻtgan toʻqsondan oshgan togʻamiz hangoma bera turib: “Shu, pochtachining ovora boʻlayotgani noqulay boʻlyapti-da”, deb qoldi. “Nimaga?” degan savolimizdan soʻng gapida davom etdi: “Butun bir katta qishloqda bitta men bir gazeta va «Hidoyat” jurnaliga obuna boʻlgan ekanman, shuginaga pochtachimiz ovora deng...».

    Bugun gazeta, jurnalni qoʻya turaylik, ayrim xonadonlarda televizor koʻrilmasligi, asosan, internet saytlaridagi boʻlar-boʻlmas axborotlarga mukkasidan ketilgani rost. Bir dasturxon atrofida oʻtirgan oila vakillarining hammasida telefon, barcha “oʻz dunyosi bilan” band.

    Texnika taraqqiyoti yaxshi, lekin gap bu imkoniyatdan qanday foydalanishda. Agar kimdir internet saytiga kirib kitob oʻqiyotgan, oʻziga chin maʼnoda kerakli maʼlumotni qidirib topib, undan foydalanayotgan boʻlsa, buni olqishlash kerak, qandini ursin.

    Qaniydi, hamma shunday boʻlsa, internet saytlaridan toʻgʻri foydalansa. Lekin hayot buning aksini koʻrsatmoqda. Biror gazeta, jurnal yoki badiiy kitob oʻqishga vaqti yoʻq odamlar bir kunda uch-toʻrt soat vaqtini shapaloqdek telefonini kovlab, oldi-qochdi gaplar, lavhalarni koʻrishga sarflayotgani sir emas.

    Bundan ham achinarlisi, virtual olamdagi turli bachkanalik, fahsh, zoʻravonlik aks etgan lavhalarni bolalarimiz koʻrmoqda va bu bilan ularning ongi zaharlanyapti. Biz esa jimmiz.

    Internet daromad manbaiga aylangani bor gap, daromadning miqdori lavhaning necha marta koʻrilgani bilan bogʻliqligi ham maʼlum. Pul ishlash ilinjida ayrimlarning hech narsadan tap tortmayotgani esa oʻta axloqsizlik, kechirilmas hodisadir.

    Obunasini koʻpaytirish ilinjida biri chiqib, “Xotinim qiz tugʻsa, javobini beraman!” desa, boshqasi “otasini kaltaklashi mumkinligi” haqida baralla gapirmoqda. Oʻzbek tiktokerlarning qiligʻi, ogʻzidan chiqayotgan sharm-hayosiz gaplarga ilon poʻst tashlaydi. Qani qadriyat, qani uyat, andisha?

    “You Tube” videoxostingida “Kostolom Uzbekistana” nomli kanal bor. Uni Mixail degan rossiyalik rus yigit yuritadi. Kanalda oʻzbek millati, urf-odatlari, bagʻrikeng­ligi haqida lavhalar koʻp. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi yillarida Rossiyadan Oʻzbekistonga evakuatsiya qilinganlarning farzandi yoki nabirasini topib, ularning oʻzbek xalqidan minnatdorligi aks etgan intervyulariga keng oʻrin beradi. Rossiyada ishlab yurgan yurtdoshlarimizga yordam koʻrsatib keladi. Eʼtiborlisi, Mixail oʻz kanalida harom narsalarni namoyish etishdan andisha qilishini aytadi. Uning lavhalarini koʻrib, oʻzimizning qarokoʻz blogerlar ham oʻshanday boʻlsa edi, millatimiz, tariximiz, urf-odatlarimiz haqida ­eʼtiborli chiqishlar qilsa edi deb orzu qilasan kishi.

    Barchasi deya olmaymizu, lekin ayrim “oʻzimiznikilar” buning teskarisini qilmoqda. Azaliy qadriyatlarimizga yot — er-xotin, qaynota-kelin, yoshlar oʻrtasida boʻlgan yoki boʻlmagan xiyonat, fahsh hamda turli igʻvo ular “ijodiy faoliyatida” ustuvor ahamiyat kasb etadi. Andisha va uyatni bir chetga yigʻishtirib, moddiy manfaat ilinjida boshqalarning fojiasi ommaga oshkor qilinayotgani xususida faqat afsus bilan gapirish mumkin.

    Masalaning oʻta ogʻriqli jihati, birinchidan, qadriyatlarimizga yot axborotlar yoshlarimizga salbiy taʼsir koʻrsatayotganida boʻlsa, ikkinchidan, bizning bunga tomoshabin boʻlib turganimiz. Koʻpchiligimiz menga nima, degan befarq munosabatda...

    Vaholanki, ming yilliklarga borib taqaluvchi, asrlar sinovidan, ota-bobolarimizdan oʻtib kelayotgan qadriyatlarimiz toptalishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. ­Oʻzbekona muomala, andisha, hurmat, bir soʻz bilan ayt­ganda, oʻzligimizga, yoshlar tarbiyasiga bunday munosabatda boʻlishga haqqimiz yoʻq!

    Bir ziyoli va taqvodor ukamiz oila, farzand tarbiyasi borasidagi suhbat asnosida oʻn toʻrt yoshga toʻlib-toʻlmagan oʻgʻli uning telefoniga fahsh aks etgan videolavhani adashib tashlab yuborganini gapirib, koʻziga yosh olib dedi: “Bolam bu yoshda buni koʻrishi kerak emas edi, u maʼnaviy jarohat oldi, buni endi qanday tuzatib boʻladi?!”.

    Ajdodlarimiz avaylab-ardoqlab kelgan qadriyatlarimiz — sharqona sharm-hayo, uyat, or-nomus begonalashib borayotgani sabablari nimada, ayrim yoshlarimiz bunday “madaniyat”ni qayerdan oʻrganmoqda?

    Albatta, ota-onasidan emas, internet va ayrim “media yulduzlar ijodi” hamda ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinayotgan bemaʼno turli teleseriallar oqibati bu.

    Davlatimiz rahbari yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb boʻlib kelgan, ammo biz yashayotgan XXI asrda bu masala, haqiqatan, hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda, deya bejiz taʼkidlagani yoʻq.

    Darhaqiqat, yoshlarimizning koʻngil mulkiga, dunyoqarashiga jarohat yetkazish, axborot texnologiyalari orqali tarqatilayotgan, milliy qadriyatlarimizga yot turli-tuman hayosizlik, igʻvo, jaholat, zoʻravonlik kabi illatlar singdirilishi va shu yoʻl bilan ularning ongi zaharlanishining oldini olish masalasi bugun nihoyatda dolzarb boʻlib qoldi.

    Internet va ommaviy axborot vositalari orqali maʼnaviyatimizga qilinayotgan tajovuzlardan yoshlarni asrash choralarini hozir koʻrmasak, ertaga kech boʻladi. Bugun eʼtibor qilmasak, ertaga farzandlarimiz toʻgʻri gap­ga kirmay qoʻysa, jinoyat koʻchasiga kirib ketsa, keyin dod deganimizdan, boshqalarni ayblaganimizdan foyda yoʻq.

    Amaldagi qonunchilikka koʻra, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy masalalarni hal etishning oʻz tartib va qoidalari bor. Deylik, kimningdir huquqi boshqa jismoniy yoki yuridik shaxs tomonidan buzilsa, bu borada huquqi buzilgan shaxs tegishli tartibda vakolatli organga ogʻzaki yoki yozma murojaat qilishi mumkin. Murojaat amaldagi qonun doirasida koʻrib chiqiladi va tegishli tartibda hal etiladi.

    Jamiyatdagi munosabatlarni toʻgʻri, odilona tartibga solish maqsadida qonunlar qabul qilinadi va unga rioya qilish barcha uchun majburiydir.

    Xalqimizda “Qochgan ham, quvgan ham xudo deydi”, degan maqol bor. Demoqchimizki, har kim oʻzini haq deb biladi. Agar ayni masalada biror taraf oʻzini nohaq deb ­bilsa, oʻrtadagi nizo bartaraf boʻladi. Nizo kelib chiqdimi, u har taraflama oʻrganilishi va qonun doirasida hal etilishi lozim va bunga faqat vakolatli organlar haqli.

    Kezi kelganda qayd etib oʻtish lozimki, amaldagi protsessual qonunchilik talabiga koʻra, pulli yuridik yordam koʻrsatishga faqat tegishli litsenziyasi mavjud advokatlar­gina shartnoma asosida boshqa shaxs manfaati uchun ish yuritish vakolatiga ega.

    Bizdagi aksar blogerlar ochiqlik va oshkoralikdan birgina oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanmoqda. Ulardan ayrimlari buni yashirib ham oʻtirgani yoʻq, bitta chiqish qilishga qancha pul olayotganini ham aytmoqda. Hatto fuqaro bilan shartnoma tuzib, shartnoma asosida pul olib, “qonuniy” ishlayotganini roʻkach qilayotganlari ham bor. Zero, manfaat ustun boʻlgan joyda xolislikka putur yetishi isbot talab etmaydigan aksioma.

    Ilon zahri aslida, ogʻu boʻlsa-da, toʻgʻri ishlatilganda doriga aylanadi. Internet bugun ijtimoiy hayotning ajralmas qismi. Yoshlarimiz orasidan yetuk dasturchilar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassislari yetishib chiqmoqda. Buni mamnuniyat bilan eʼtirof etgan holda, bunday imkoniyatdan gʻarazli maqsadlarda foydalanishning jiddiy oqibatlari haqida oʻylash fursati yetganini ham taʼkidlashimiz lozim.

    Bugun internet saytlari orqali tarqatilayotgan axborotni senzura qilib yoki taqiqlab boʻlmasligi maʼlum. Yoshlarga “Internetga kirma, keraksiz maʼlumotlarni koʻrma”, deyishimizning ham foydasi yoʻq.

    Unda muammo nimada? Birinchidan, muammo bloger (muammoli masalaga jamoat­chilikning eʼtiborini qaratsa mayli) masalani oʻzicha hal qilishga kirishib ketayotganida. Ikkinchidan, blogerlik pulli xizmat koʻrsatish, degani emas. Uchinchidan, blogerga turli masalani hal qilish yoki hal qilish yoʻlida kimlargadir taʼsir etish vakolati berilmagan.

    Bugun internet resurslaridan foydalangan holda maʼlumot tarqatayotgan ayrim blogerlar amaldagi qonunchiligimizda zoʻravonlik va fahshni targʻib qilganlik, inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish, haqorat uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilanganini unutmasligi, eʼlon qilayotgan axborotlarining salbiy taʼsiri va huquqiy oqibatlari borasida jiddiy oʻylab koʻrishi lozim.

    Buning uchun, fikrimizcha, jamiyatda mediasavodxonlik va huquqiy madaniyatni oshirish, yot gʻoya, zoʻravonlik va fahshdan iborat axborotlarga nisbatan, salbiy axborot qaysi internet saytida namoyish etilgan boʻlsa, aynan oʻsha sayt orqali unga tegishli munosabat bildirish bilan qarshi immunitetni shakllantirish lozim.

    Yuqorida qayd etganimizdek, davlat tomonidan yoshlarimizga bogʻcha yoshidan boshlab, to voyaga yetgunga qadar gʻamxoʻrlik koʻrsatish, ilmli, bilimli etish, sogʻligʻini asrash borasida jamiki lozim ishlar qilinmoqda.

    Ota-ona va jamoatchilik zimmasida qolayotgan burch, vazifa farzandlar yurish-turishidan ogoh boʻlish, ular tarbiyasi bilan nomiga emas, chin maʼnoda muntazam shugʻullanishdan iborat boʻlmogʻi lozim.

    Ushbu masalaga muayyan idora yo tashkilotning vazifasi deb emas, butun jamiyat ­aʼzolari, ziyolilar, ota-onalarning oldidagi muhim vazifa deb qarash kerak.

    ...Qabri nurga toʻlsin, Oʻtkir Hoshimovning maqolasiga qayta-qayta koʻz yugurtirib, oʻyga choʻmaman. Yuqorida qayd etilgan holatlarga uning nazari bilan qarashga harakat qilaman... Nazarimda, Oʻtkir aka bugungi kunda ham ertaga avlodlarga nima deymiz deb savol berayotgandek tuyulaveradi...

    Darhaqiqat, hozirda aksariyat yoshlarimiz asosiy maʼlumotni internet saytlaridan olayotganini bila turib, ularni qadriyatlarimizga yot gʻoya va tushunchalar, fisqu fasod, sharm-hayosizlik targʻib qilinayotgan axborotlar oʻrtasiga tashlab qoʻysak, bunga munosabat bildirmasak, faqat salbiy maʼlumotlardan bahra olib voyaga yetayotgan farzandlarimiz tarbiyasiga, dunyoqarashi shakllanishiga befarq qarasak, asriy qadriyatlarimizga putur yetsa, ertaga avlodlarga nima deymiz?

    Xolmoʻmin YODGOROV,

    Oʻzbekistonda xizmat

    koʻrsatgan yurist