Avstriya bilan sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi

    Joriy yil 5-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Avstriya moliya vaziri o‘rinbosari Andreas Rayxardt bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi.

    Ikki tomonlama hamkorlikning sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik sohalariga taalluqli keng ko‘lamli masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

    Uchrashuv doirasida tomonlar innovatsion texnologiyalar, ilg‘or tajriba va iqtisodiy hamkorlik sohasida hamkorlik Memorandumini imzoladilar.

    Uchrashuv yakunida tomonlar Avstriya ishbilarmon doiralarini O‘zbekistonda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti to‘g‘risida xabardor etish, shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, moliyaviy va investitsiya sohalaridagi hamkorlikning salohiyatini namoyon etishga qaratilgan ishlarni davom ettirish niyatida ekanliklarini tasdiqladilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.