Senatning navbatdagi yalpi majlisida "Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga hamda jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida"gi Qonun koʻrib chiqildi.
Mamlakatimizda tirbandlik masalasi aholi uchun, ayniqsa, poytaxtimizda eng dolzarb muammoga aylanmoqda. Soʻnggi 2-3-yilda Toshkent shahrida 7-9 ballik tirbandliklar har kuni kuzatilayotgan boʻlsa, ayrim vaqtlarda mazkur holat 10 ballgacha koʻtarilmoqda. Bu esa yoʻllarda asabiy va ziddiyatli holatlariga, yoʻlovchi hamda haydovchilarning soatlab vaqt sarflashiga sabab boʻlmoqda.
Shu bois yoʻllarda tirbandlikni kamaytirish hamda aholiga qulayliklar yaratish maqsadida jamoat transportiga ustuvorlik berish yoʻnalishida amaliy choralar koʻrilmoqda.
Xususan, Toshkent shahrida avtobuslar soni soʻnggi 2-yilda 2 barobarga oshdi. Ular uchun alohida yoʻlaklar tashkil etilishi natijasida avtobuslarning qatnovdagi oraliq intervali 2 barobarga qisqardi. Yoʻlovchilar soni 2 barobarga oʻsib, kunlik foydalanuvchilar soni 1 mln yoʻlovchiga yetdi.
Biroq qonunchilikdagi boʻshliqlar jamoat transportidan foydalanishning samaradorligini jiddiy pasayishi, qatnov muntazamligi va jamoat transportining erkin harakatlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Shahar avtomobil yoʻllarida jamoat transporti uchun alohida yoʻlaklar ajratilib, boshqa transport vositalarining harakati taqiqlangan boʻlsada, ularning ushbu yoʻlaklarda harakatlanish davom etmoqda.
Amaldagi qonunchilikda jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yoʻlaklarda harakatlangan transport vositalari haydovchilari uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmagan.
Shu bilan birga, haydovchilarning transport vositalarini velosiped yoʻlaklari, trotuarlar hamda yashil hudud maydonlarida boshqarishi koʻplab kuzatilmoqda va ushbu hududlarda harakat qatnashchilarining xavfsizligini ishonchli taʼminlashga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillardan yana biri noqonuniy ravishda sunʼiy toʻsiqlar oʻrnatish, yoʻlni toʻsib qoʻyish holatlaridir.
Fuqarolar oʻz yashash hududlaridagi koʻchalarda noqonuniy ravishda sunʼiy toʻsiqlar oʻrnatishi, yoʻlni toʻsib qoʻyish orqali harakatlanishni cheklagan holda aholiga shoshilinch xizmat koʻrsatuvchi hamda maxsus transport vositalari harakatiga toʻsqinlik qilmoqda.
Bu boradagi muammolarni hal etish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga yangi 1287-modda kiritilib, jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yoʻlaklarda harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Jumladan, yoʻnalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yoʻldan transport vositalarining harakatlanishi – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida, xuddi shunday huquqbuzarlikni maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻlishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 128-moddasi nomlanishi va birinchi qismi dispozitsiyasi yangi tahrirda bayon etilmoqda.
Endilikda haydovchilarning transport vositalarini trotuarlardan, piyodalar va velosiped yoʻlkalaridan, yashil maydonlardan yurgizishi, yoʻl belgilari va yoʻl harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Sentorlar taʼkidlaganidek, Qonunning qabul qilinishi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga, yoʻl-transport hodisalarining oldini olishga, yoʻllarda jamoat transporti harakatlanishi uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratilishiga xizmat qiladi.
Muhokamadan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.