Joriy yilda 300 dan ziyod mahalliy korxonalar bilan kooperatsiya asosida yana 763 ta detalni ishlab chiqarishni boshlash muhim ekani taʼkidlandi. Ishlab chiqariladigan avtomobillar sonini 510 mingga yetkazish zarur.

Aholining mahalliy avtomobillarga talabini ragʻbatlantirish maqsadida avtokredit stavkasini pasaytirish va hajmini oshirish chorasini koʻrish topshirildi.

Dehqon va fermerlarda bogʻdorchilik traktori, koʻchat ekadigan, hosil yigʻadigan, kartoshka kavlaydigan agrotexnikalarga talab ortib bormoqda.

Chirchiqdagi klaster toʻliq quvvatda ishlab, agrotexnikalarni arzon narxda chiqarsa, lizing kompaniyalari bilan qulay moliyaviy instrumentlar qilib berilsa, dehqon va fermerlar yiliga kamida 15 mingta texnikani sotib olishga tayyor.

Umuman, avtomobil sanoati mutasaddilariga har bir imkoniyatni mana shunday tahlil qilib, joriy yilgi ishlab chiqarish dasturini 10,5 foizlik oʻsishni taʼminlashga moslab qayta koʻrib chiqish topshirildi.