Avtomobil yoʻllari infratuzilmasini rivojlantirilishga oid qanday amaliy ishlar oshirildi?

    Urbanizatsiya 1 Noyabr 2023 3115

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yoʻl harakati xavfsizligi sohasida mavjud muammolarni bartaraf etish, xalqaro standartlarga muvofiq yoʻl-transport infratuzilmasini yaxshilash, avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish, yoʻl harakati qulayligi va xavfsizligini oshirishga aloxida eʼtibor qaratilmoqda.

    Davlatimiz rahbarining bir qator farmon va qarorlari bilan yoʻl infratuzilmasini kompleks takomillashtirish yoʻnalishi boʻyicha yangi vazifalar va chora-tadbirlar belgilandi. Bu esa, sohani yanada rivojlantirishga turtki boʻldi.

    Jumladan,

    1) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-iyuldagi “2022-2026-yillar davomida amalga oshirilish moʻljallangan “Xavfsiz va ravon yoʻl” umummilliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida” PQ-316-son qaror ijrosini taʼminlash doirasida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

    Xususan 2023-yilning oʻtgan davrida:

    – 15 621 (fakt boʻyicha 2023 yilda - 13 648 dona) dona yangi yoʻl belgilari oʻrnatilib, 35 984 (14 271) dona yaroqsiz holga kelganlari almashtirildi;

    – maktablar oldida 6 531 (2 278 dona) dona tezlikni cheklovchi yoʻl belgilari oʻrnatilib, 2 959 dona (458) yoʻnalishlarda dastlabki, yoʻnaltiruvchi va masofa koʻrsatuvchi yoʻl koʻrsatkichlari oʻrnatildi;

    – 157 (172) ta yangi svetofor obyektlari qurilib, 85 (160) tasirekonstruksiya qilindi;

    – 78 (95) ta yangi piyodalar svetofori obyektlari qurildi, 17 (35) tasi rekonstruksiya qilindi;

    – 10 (5) km2 yoʻl yotiq chiziqlari chizildi;

    – 269 km aholi punktlarida yoʻllar sunʼiy yoritish chiroqlari oʻrnatildi, 301 km aholi punktlarida piyodalar uchun trotuar va velosiped yoʻlaklari qurildi;

    – 91 km aholi punktlaridagi kesib oʻtish belgilanmagan joylarda yoʻlning qatnov qismini piyodalar harakatidan cheklovchi vositalar (panjaralar) oʻrnatildi;

    – 245 km qarama-qarshi yoʻnalishlarni ajratib turuvchi toʻsiqlar (BDO-5) va temir toʻsiqlar oʻrnatildi;

    – 10 km2 (reja 12 km2) yoʻllarning qatnov qismi taʼmirlandi va 35 ta (reja 45 ta) chorrahalarning geometrik parametrlarini oʻzgartirish yoʻli bilan ularning oʻtkazuvchanlik qobiliyati oshirildi;

    – 25 ta (reja 29 ta) avtomobil yoʻllaridagi orqaga qayrilib olish joylari “Tomchisimon” qayrilib olish shakliga oʻzgartirildi;

    – 8 ta transport vositalarining vazn va hajm koʻrsatkichlarini nazorat qilish punktlari tashkil etildi.

    2) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoʻl xoʻjaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 10-oktyabrdagi PQ-330-son qarori bilan ushbu ishlarning mantiqiy davomiyligini taʼminlash maqsadida navbatdagi vazifalar belgilab berildi. Ular orasida:

    – umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarining texnik holatini ilgʻor axborot texnologiyalarini qoʻllagan holda tahlil qilish, avtomobil yoʻllari aktivlarini boshqarish va yagona kadastr tizimini yuritish, vazn va hajm nazorat punktlarini tashkil etish va saqlash ishlarini amalga oshirish maqsadida “Avtomobil yoʻllari texnik holati tahlili va harakat xavfsizligi markazi” faoliyatini samarali tashkil etish;

    – avtomobil yoʻllariga 50 ming dona yoʻl belgisini oʻrnatish, haydovchilarni ogohlantirish uchun tebranish gorizontal chiziqlarini joriy etish;

    – avtomobil yoʻllarining uzoq muddat xizmat qilishini taʼminlash uchun ogʻir vaznli transport vositalari harakatini tartibga solishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

    Bunda:

    – umumiy massasi (yuk bilan) 44 tonnadan ortiq boʻlgan “N3” va “O4” toifadagi maxsus transport vositalari hamda ochiq konlarda (karyer) ishlovchi samosvallar uchun alohida davlat raqami, texnik pasport va yagona elektron tizimida roʻyxatga olishni joriy qilish;

    – katta hajmli va ogʻir vaznli avtotransport vositalarining umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarida harakatlanish va yuk tashish qoidalari;

    – mahalliy yuk tashuvchilarga meʼyordan ortiq ogʻir vaznli va katta hajmli transport vositalarining umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari boʻylab harakatlanishiga toʻlovlarni amalga oshirgan holda ruxsat berish tartibi;

    – katta hajmli va ogʻir vaznli avtotransport vositalarining umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarida harakatlanish va yuk tashish qoidalarini buzganlik natijasida yetkazilgan zararni qoplash uchun toʻlovlar joriy etish va undirish tartibini nazarda tutish koʻrsatib oʻtilgan.

    Shu bilan bir qatorda, yoʻllar holati va infratuzilmasini yaxshilash yoʻnalishida viloyat va tuman markazlarida yoʻl belgilari, svetofor va yoritkichlar oʻrnatish, chiziqlar chizish, piyodalar yoʻlagini belgilash, umuman, yoʻllarni tartibga solishga faqat Yoʻl harakati xavfsizligi tizimi masʼul boʻlishi hamda bu ishlarni moliyalashtirish uchun tizimda “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika va viloyat jamgʻarmalari tashkil etilishi belgilandi.

    Qolaversa, yoʻllarda tartib-qoidalar ilm bilan hamohang boʻlishini taʼminlash masalasida sohaga ixtisoslashgan ilmiy-amaliy markaz tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

    Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, yuk tashuvchi avtotransportlarining harakati meʼyorlarini takomillashtirish mamlakatda yoʻllarning xizmat muddatini oshirishga va ularni taʼmirlashga ajratilgan xarajatlarning kamaytirishga olib keladi.