Shu bois, dunyo tajribasidan kelib chiqib, avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekologik stikerlar berish tizimi joriy etiladi.
Katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomashinalarning poytaxt va viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishi cheklanadi.
Bunday transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr oʻrnatish uchun davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari koʻriladi.
Buning uchun alohida jamgʻarma tashkil qilinadi.
Eski mashinasini almashtiraman deganlarga avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi. Filtr oʻrnatib, zararni kamaytirishga tayyor boʻlgan haydovchilar uchun xarajatlarining bir qismi boʻyicha subsidiya ajratiladi.
Poytaxtimiz va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor vazifa boʻladi. Shahar koʻchalarida avtobus va taksilar uchun maxsus yoʻlaklar koʻpaytiriladi. Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida transport harakatini intellektual svetoforlar orqali boshqarish tizimi joriy etiladi.