Tashabbusdan koʻzlangan maqsad hech boʻlmaganda oyda bir kun shaxsiy avtomobildan foydalanmaslik orqali atrof-muhitni asrashga hissa qoʻshishdir. Yaʼni shu kuni davlat tashkilotlari rahbarlari va xodimlari, shuningdek, barcha fuqarolarga shaxsiy avtomashinalardan voz kechib, jamoat transportida harakatlanish, piyoda yurish, velosiped va ekologik toza boshqa harakat vositalaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Mohiyatan olib qaraganda, bu tashab­bus oʻzimiz uchun, salomatligimiz va atrof-muhitni asrash maqsadida ilgari surilyapti. Demak, unda ishtirok etish ham oʻzimizga foyda. Ammo foyda deganda aynan nima nazarda tutilayotganini tushuntirish orqali targʻib etish muhim masala. Yaʼni sanadan bir kun oldin “Ertaga avtomobilsiz kun” degan chorlovning oʻzi kamlik qiladi. Odamlar bu kun nima uchun zarurligi, shaxsiy avtomobilini uyida qoldirish orqali nimaga hissa qoʻsha olishi, ulovlardan chiqayotgan zararli gazlar atmosferaga qanchalik ziyon yetkazayotgani haqida tasavvurga ega boʻlsagina, tomoshabinga emas, balki tashab­buskorga aylanadi.

Gap har oyda “Avtomobilsiz kun” aksiyasi yurtimizning barcha hududlari markazlarida oʻtkazilayotgani, biroq odamlar orasida yetarlicha ommalashmayotgani haqida boryapti. Tadbir iyun oyining toʻrtinchi chorshanbasida ham oʻtkazildi. Har holda aksiya haqidagi xabarlarga koʻzim tushdi. Oʻsha kuni koʻchalarni atay kuzatdim, ammo mashinalar harakati odatdagidek. Deyarli siyraklashmagan, avtoturargohlar ham ulovlar bilan toʻla.

Tadbirga oid maʼlumotlarni izlaganimda, asosan, aksiya oʻtkazilish sanasi toʻgʻrisidagi xabar va unga ilova qilingan tadbir maqsadi haqidagi kichik izohni top­dim. Bu xabar har oyda bir xil takrorlanadi. Aytgancha, bularga qoʻshimcha tarzda ijtimoiy tarmoqlarda turli idoralar rahbarlari va xodimlari aksiyada ishtirok etayotgani, ishga velosiped yoki piyoda kelgani toʻgʻrisidagi xabarlar ham chiqib turadi. Ammo aksiyada qancha odam tashabbuskor boʻlgani, shu kuni shahar koʻchalarida avtomobillar soni qanchaga kamaygani, zaharli gazlar chiqishi necha foiz qisqargani borasidagi statistik maʼlumotlarga koʻzim tushmadi.

Bu aksiyada hech kim qatnashmayotganini anglatmaydi. Biroq natija kutilganidek emas. Deyarli har oy shu sanada koʻpchilik atay shahar koʻchalarini kuzatadi, “Bugun mashinalar odatdagidan kamayganmi?”, degan maqsadda. Afsuski, koʻchalar odatdagidek avtomobillar bilan gavjum. Yoki haydovchilar bu aksiya haqida xabardor emas (katta ehtimol bilan buning imkoni yoʻq, sababi, bir yildan buyon tadbir haqida har oy xabar beriladi) yoki unda ishtirok etishni ahamiyatsiz deb hisoblaymiz.

Qanday boshlangandi?

Istalgan bir kunda shaxsiy avtomobilni uyda qoldirib, kun davomida jamoat transporti yoki velosipedda harakatlanish, yaqin masofaga piyoda yurish orqali ekologiya­ga qanchalik foyda keltirish mumkinligi haqida koʻpchilik oʻylab koʻrmaydi. Vaholanki, bugun ekologik muammolarning asosiy omillaridan biri sifatida tilga olinayotgan avtotransport vositalaridan chiqayotgan zararli gazlar atmosfera uchun jiddiy xavfga aylangan. Koʻchalarda avtomashinalar koʻpayib, uzundan uzun tirbandlik­larni yuzaga keltirayotgani vaziyatni yanada yomonlashtiryapti. Bunga qarshi birgina chora yoki harakat bilan kurashish amri mahol. Ammo kichik-kichik harakatlarni umumlashtirib, katta va kutilgan natijaga erishish mumkin.

Yodingizda boʻlsa, 2018-yilda hukumat qarori bilan “Yoʻl harakati xavfsizligi targʻibot kuni”ni oʻtkazish boʻyicha dastur tasdiqlangan edi. Unda Oʻzbekistonda har oyning uchinchi juma kunida “Avtomobilsiz kun” aksiyasini oʻtkazish belgilangan. Ayni oʻsha yilning 21-sentyabr kuni mazkur tadbir yurtimiz boʻylab ilk bor tashkillashtirildi. Keyinchalik ham aksiya haqida bir necha bor eshitdik, ammo bu faqat targʻibot xarakteriga ega boʻlgani bois, unda ishtirok etish majburiy boʻlmagan. Uning targʻibotchilari ham koʻproq ekofaollar va jamoatchilik vakillari edi.

Prezidentimizning oʻtgan yil 21-fevraldagi tegishli farmoni bilan esa har oyning bir ish kuni davomida “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasini amalga oshirish belgilandi. Keyinroq aksiyani oʻtkazish uchun har oyning toʻrtinchi chorshanbasi tanlandi va bugunga qadar muntazam oʻtkazib kelinyapti. Maqsad sogʻlom turmush tarzi targʻiboti, shuningdek, atrof-muhitni avtomobillardan chiquvchi zararli gazlardan himoya qilish, katta shaharlarda transport vositalari tirbandligini kamaytirish, jamoat transporti tizimini rivojlantirish masalalariga jamoatchilik eʼtiborini qaratishdan iborat.

Unda barcha yurtdoshlarimiz faol ishtirok etishga chaqirilayotgani boisi ham shunda. Shu kuni odamlar shaxsiy avtomobili oʻrniga jamoat transporti, metro, velosiped kabi atmosferaga kamroq zarar yetkazadigan transport vositalaridan foydalanishga chorlanadi. Loyiha nisbatan targʻibot ham qilinmoqda. Amaldorlar, davlat tashkilotlari rahbarlari shaxsiy namuna koʻrsatib, odamlarda qiziqish uygʻotayotgandek. Ammo yana oʻsha gap, aholida ixtiyoriy tashabbus, ekologik madaniyat hamon sust. Loyihaning ahamiyatini ongli ravishda anglab yetmas ekanmiz, uning faol ishtirokchisiga aylana olmaymiz.

Toʻgʻri, ijtimoiy loyiha ixtiyoriy ahamiyatga ega. Yaʼni qaysidir kunda shaxsiy avtomashinangizni uyda qoldirib, piyoda yurishga sizni hech kim majburlay olmaydi. Biroq bu tashabbusni oʻz ixtiyoringiz bilan amalga oshirsangiz qanday boʻladi? Hech oʻylab koʻrganmisiz, birgina harakat orqali shahar havosi tarkibidagi zaharli gazlar qanchalik qisqarishiga hissa qoʻshishingiz mumkin?! Men ana shular haqida oʻylab koʻraman.

Ekologik madaniyat sustroqdek...

Hozir har ikki gapimizdan biri ekologik muammolar bilan bogʻliq boʻlib qolgan. Boʻrttirish boʻlmasin, ammo chindan shu haqida koʻp gapiryapmiz va bunda har gal poytaxtimizda avtomobillar soni ortib, tirband­lik koʻpayib borayotganiga urgʻu beriladi. Rostdan, soʻnggi yillarda aholimiz orasida avtomobillarga qiziqish ham, talab ham oshib boryapti. Maʼlumotlarga koʻra, 2021-yilda Oʻzbekistonda 3 million 200 mingga yaqin mashina boʻlgan, bugungi kunga kelib, bu raqam deyarli 5 millionga yetdi. Toshkentda har kuni 1 millionga yaqin avtomobil harakatlanyapti.

Bu aholi turmush darajasi oʻsib borayotganidan dalolat ekani quvonarli. Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor. Bu tobora jiddiy tus olayotgan ekologik muammolar bilan bogʻliq. Yaʼni avtomashina qancha koʻp boʻlsa, ulardan chiqadigan zararli gazlarning atmosfera qatlamiga salbiy taʼsiri shuncha yuqori boʻladi. Bunday sharoitda avtomobillar soni iqtisodiy rivojlanish bilan birga oʻsib borishiga moslashgan holda ekologik vaziyatni yaxshilashga erishish asosiy vazifalardan biriga aylangan.

1885-yilda Karl Benz tomonidan birinchi benzin motorli avtomobil ixtiro qilinishi insoniyatning eng foydali kashfiyotlaridan biri boʻlgandi. Uzogʻimizni yaqin qiladigan avtotransport vositalari vaqt oʻtgan sari ommalashib, odamlar uchun eng qulay va vaqtni tejaydigan vositaga aylandi. Bugungi kunga kelib esa u hatto hashamat belgisi sanaladi.

Ammo koʻpgina shaharlarda avtomobilning foydasi bilan birga zarari ham sezila boshlagan. Hatto ularga ekologik muhitni yomonlashtirayotgan asosiy omillardan biri sifatida qaralmoqda. Bu muammo Toshkent shahrida ham mavjud va poytaxtimizda tirbandliklar oshib borayotgani kuzatilyapti. Bu ekologiyaga avtotransport vositalaridan katta miqdorda zararli gazlar chiqyapti degani. Ayniqsa, xalqaro sifat standartlariga javob bermaydigan yonilgʻi turlari atmosfera havosini jiddiy zararlayotgani tahlillarda ham koʻrsatilyapti. Yurtimizda 2026-yilga qadar Ai-80 markali benzindan toʻliq voz kechish talabi qoʻyilgani boisi shunda. Bundan tashqari, ogʻir yuk mashinalari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshgan avtomobillar hamda Yevro-4 standartidan past boʻlgan yonilgʻini ishlatishning atrof-muhitga zararini kamaytirish mexanizmlari ishlab chiqilishi aytilgan. Qolaversa, poytaxtimizda jamoat transportiga ustunlik berish, avtotransport vositalaridan chiqayotgan zararli gazlar va yoʻllardagi tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilangan.

Bu maʼlumotlardan xabardor kishi “Avtomobilsiz kun” loyihasiga befarq boʻla olmaydi. Hech boʻlmaganda oyda bir marta shaxsiy avtomobildan voz kechib, jamoat transportida harakatlanish orqali salomatligi hamda ekologiya xavfsizligiga hissa qoʻshadi. Ijtimoiy loyihaning ahamiyati ham shunda. Ammo har gal ijtimoiy loyihada oddiy aholi ishtiroki sustroq boʻlayotganini tan olishimiz kerak. Atrofingizdagilardan sababini soʻrab, gap qotsangiz, har kimning ishonch bilan keltiradigan biror vaji bor. Hech boʻlmasa, aksiyada qatnashish istagi boʻlganini aytganiga ham quvonasan kishi. “Buning menga nima aloqasi bor, mashina oʻzimniki, istaganimcha foydalanaman”, desa ham biror gap aytolmaysiz. Buning barchasi bizga bir oz yetishmayotgan ekologik madaniyat bilan bogʻliq masala. Balki targʻibot yetarlicha boʻlmayotgandir. Har holda koʻchalarda targʻibot bannerlari, eʼlonlar koʻzga tashlanmaydi.

— Ochigʻi, har gal “Avtomobilsiz kun”da faol fuqarolik pozitsiyamni namoyon etib, shaxsiy avtomashinamni uyda qoldirib, ishga jamoat transportida borishni maqsad qilaman, — deydi Nargiza opa. — Ammo ertalabdan biror zarur yumush chiqib turadi, ularni mashinada bitirmasam, ishga kech qolaman degan xayolda rejalarimni oʻzgartiraman. Shu bois, shaxsiy avtomobilda yurishimga toʻgʻri keladi. Ammo tez-tez piyoda ham yurib turaman, toza havoda sayr ­qilishni yoqtiraman. Ijtimoiy loyihaga kelsak, ekologiyani asrashimiz yoʻlidagi yaxshi tashab­buslardan biri deb hisoblayman va keyingi safar unda faol ishtirok etishni oʻylaganman. Umuman, bu tashabbusni oʻzimiz ham ixtiyoriy tarzda tez-tez qoʻllab turishimiz lozim.

Asosiy tashabbuskor — oʻzimiz

Haq gap, tashabbusni shaxsiy amaliyotimizga kiritib, tez-tez qoʻllab turishimiz kerak. Koʻchaga avtomobilsiz chiqish uchun har oyning chorshanbasini kutish shart emas. Ulovlar uzogʻimizni qanchalik yaqin qilmasin, salomatligimiz va ekologik barqarorlik uchun unga baʼzan “dam” berib turish zarar qilmaydi. Qolaversa, piyoda yurish sogʻliq uchun foydali, sogʻlom turmush tarzining asosiy omillaridan biri.

Ilmiy tadqiqotlarning ­koʻrsatishicha, aynan piyoda yurish umrni uzaytiruvchi mashgʻulot hisoblanib, amerikalik olimlar haftasiga kamida besh marta, kuniga 30 daqiqa yayov harakatlanishni tavsiya qiladi. Piyoda yurishning kayfiyatni koʻtarish, organizmning umumiy holatini yaxshilash, qon bosimi va xolesterin miqdorini meʼyorlashtirish kabi ijobiy taʼsirlarini koʻpchilik yaxshi biladi. Xavfli kasalliklarga chalinish koʻrsatkichini kamaytiradi.

Yaʼni “Avtomobilsiz kun” ijtimoiy loyihasi bugun yurtimizda faol targʻib qilinayotgan sogʻlom turmush tarzining bir qismi hamdir. Xoh piyoda, xoh velosipedda harakatlanish boʻlsin, insonning kun davomidagi jismoniy faolligini oshirib, organizm faoliyatini yaxshilaydi. Ayniqsa, kun davomida oʻtirib ishlaydigan kasb egalari uchun bu juda foydali. Qolaversa, shahrimiz koʻchalarida piyodalar uchun ham, velosiped boshqaruvchilar uchun ham maxsus yoʻlakchalar tashkil qilingan, sharoit yoʻqligini bahona qilolmaymiz.

Olis manzilga qatnashda esa qulay, sifatli jamoat transporti zarur boʻladi. Yaqin yillargacha bu eng ogʻriqli nuqtalarimizdan biri edi. Yillar davomida bu yoʻnalishga yetarli eʼtibor qaratilmagani bois, aholining jamoat transportiga ishonchi bilan birga, foydalanish koʻrsatkichlari ham keskin tushib ketgandi. Ammo bugun ­jamoat transporti izga tushib oldi, aholining ehtiyojini toʻliq taʼminlash, qamrovini kengaytirish boʻyicha jadal ishlar amalga oshirilyapti.

Maʼlumotlarga koʻra, 2022-yilda Toshkent shahrida avtobuslar harakat tarkiblari soni 1400 tadan koʻproqni tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilga kelib, 1900 dan oshdi. Avvallari avtobusning oʻzida kuniga 400-500 ming atrofida yoʻlovchi tashilgan boʻlsa, bugungi kunda 1 million 400 mingdan oshdi. Soʻnggi ikki yilda Toshkent shahrida avtobuslar soni ikki barobar, ularning oʻrtacha sigʻimi esa 75 foiz oshdi. Jamoat transportidan foydalanuvchilar soni ikki barobar oshgani odamlarning tizimga ishonchi, harakatlanish faolligi ortib borayotganidan dalolat.

Ayniqsa, shahrimiz koʻchalarida zamonaviy, ekologik toza elektrobuslar koʻpayib borayotganini koʻpchilik ijobiy baholayapti. Hatto ana shu turdagi avtobuslarga qiziqib, jamoat transportidan foydalanayotganlar bor. Bu turdagi transport vositalari, bir tomondan, qulayligi bilan odamlarni jalb qilsa, boshqa jihatdan, salomatlik uchun xavfsiz ekani aksariyatimizni qiziqtiradi.

Ana endi oʻylab koʻring, oyda bir oʻtkazilayotgan “Avtomobilsiz kun” aksiyasi koʻproq kim uchun foydali? Albatta, oʻzimiz, salomatligimiz va biz nafas olayotgan atmosfera qatlami uchun. Shunday ekan, ijtimoiy loyi­hani chin maʼnoda yaxshi anʼanaga aylantirishga hissa qoʻshishimiz kerak.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri