Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-iyundagi 350-son qarori qabul qilinishi bilan Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining Avtoraqam savdo tizimida avtoraqamlarning onlayn sotuvlarini keskin oʻsishi kuzatilmoqda.
Xususan, joriy yilning 8-21-iyun kunlarida avtoraqam.uzex.uz vebsaytida jami 12,9 mlrd soʻmlik 4,3 mingta avtoraqamlar sotildi va bu yuqoridagi qaror qabul qilinishidan avvalgi mos davrga nisbatan 43% ga koʻpdir. Bu haqda "OʻzRTXB" AJ matbuot xizmati xabar qildi.
"Bunda, sotilgan avtoraqamlarning soni boʻyicha oʻsish 2,5 barobarni, xaridorlarining soni boʻyicha – 3,3 marotabani tashkil qildi. Oʻtkazilgan auksionlar mobaynida bitta lotga oʻrtacha 41 ta takliflar kelib tushdi, oʻsish – 23,4% ni tashkil qildi", deyiladi xabarda.
Avtoraqamlar boʻyicha savdolarning faollashuvi birjaning onlayn-auksioni orqali sotiladigan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari (ROʻDRB) toifalarining kengayishi, shuningdek, baʼzilarining boshlangʻich narxlarining pasayishi bilan bogʻliqdir.
Xususan, Toshkentda harflar kombinatsiyasi bir xil boʻlgan avtoraqamlarning boshlangʻich qiymati 50 BHMdan (bazaviy hisoblash miqdori) 40 BHMgacha, va mos ravishda har xil kombinatsiyali avtoraqamalarning narxi 40 BHMdan 30 BHMgacha pasaytirilgan.