Mamlakatimizda kadastr sohasini tubdan isloh qilish maqsadida 2020-yil 7-sentyabrda Prezidentimizning “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Ushbu hujjatda sohani ilgʻor tajriba asosida isloh qilish, yangicha boshqaruv tizimini joriy etish, yer hisobini toʻliq yuritish va raqamlashtirish boʻyicha kompleks vazifalar belgilandi. Yangi tizimga koʻra, Kadastr agentligi Soliq qoʻmitasi tarkibida tashkil etildi.

Kadastr agentligi tomonidan sohani raqamlashtirish borasida “Data-sentr” ishga tushirilgan, oʻzaro integratsiya qilinmagan “Davreyestr”, “Koʻchmas mulk”, “Koʻchmas mulk-3” axborot tizimlari oʻrniga Jahon banki bilan hamkorlikda “Kadastr va roʻyxatdan oʻtkazish integratsiyalashgan axborot tizimi” yaratildi.

Natijada koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, yer va yerdan foydalanuvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, yer uchastkasining chizmasi va chegarasini yagona axborot tizimida amalga oshirish borasidagi ishlar yoʻlga qoʻyildi.

Yagona axborot tizimida qishloq xoʻjaligi yerlarini elektron shaklda davlat roʻyxatidan oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyilib, 90 mingdan ortiq fermer xoʻjaligining aniq joyi, chizmasi va chegarasi elektron xaritaga kiritilgan.

Kadastr agentligi tashkil etilgandan buyon 354 mingta qoʻshimcha obyekt aniqlangan va kadastr bazasidagi obyektlar soni 7,9 milliontaga yetkazilib, byudjetga 468 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ tushirilgan.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlillar va oʻrganishlar agentlik faoliyatida tizimli kamchiliklar va oʻz yechimini kutayotgan muammolar hamda toʻliq foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjudligini koʻrsatdi.

Jumladan, qonunchilik hujjatlari bilan Kadastr agentligi tomonidan oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarning ijrosi yetarli darajada taʼminlanmaganligi oqibatida qator muammolar vujudga kelgan.

Majlisda yer uchastkasiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazmaslik yoki yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olish muammosiga ham toʻxtalib oʻtildi.

Xususan, qonunchilikda uy-joyga egalik qilish va uni qurishning mexanizmlari mavjud boʻlishiga qaramasdan oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yakka tartibda uy-joylarni noqonuniy barpo etish holatlari hamon kuzatilmoqda. Kadastr bazasida davlat roʻyxatidan oʻtmagan
2 million 746 mingdan ortiq koʻchmas mulk obyektlarining egalik huquqi belgilanmagan.

Oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha oʻtkazilgan bir martalik umumdavlat aksiyasi 2019-yil 1-mayda yakunlangan boʻlishiga qaramay, belgilangan muddatda koʻchmas mulklarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha 18 545 nafar fuqaro tomonidan bir martalik yigʻim toʻlangan boʻlsada, shu kunga qadar ularning uy-joylarga boʻlgan mulk huquqi belgilanmagan.

Bundan tashqari, 2021-yil 5-avgust holatiga respublika boʻyicha 90 690 ta fermer xoʻjaligidan 2 916 tasi bilan ijara shartnomasi toʻliq rasmiylashtirilmagan.

Korrupsiya holatlari bilan bogʻliq ishlar tahlil etilganda, 2020-yilda agentlikning 67 nafar va 2021-yilning olti oyida 48 nafar mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan 70 ta jinoyat sodir etilgan.

Shuningdek, Ochiq maʼlumotlar (data.gov.uz) bazasida joylashtirilishi lozim boʻlgan umumiy maʼlumotlarning 55,5 foizi oʻz vaqtida joylashtirilmagan.

Majlisda yangi tizim asosida ishni tashkil etish uchun birinchi galda yer hisobini joyiga qoʻyib, toʻliq shakllantirib olish zarurligi taʼkidlandi. Mutasaddilarning yer va kadastr hisobini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish orqali natijadorlikni taʼminlash choralari yuzasidan hisobotlari eshitildi.

Senatorlar tomonidan kadastr sohasida jamoatchilik eʼtiroziga sabab boʻlayotgan holatlarning oldini olish uchun tizimli ishlarni tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Majlisda koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.