Axborot texnologiyalari sohasida oʻqiyotgan yoshlarga taʼlim kreditlari ajratiladi

    Raqamlashtirish 27 Fevral 2023 1078

    Taʼlim kreditlari BHMning 65 baravarigacha boʻlgan miqdorda 1 yillik imtiyozli davr bilan 4 yil muddatgacha 14 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslarga ajratiladi.

    Hukumat qarori (79-son 27.02.2023-y.) bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi hisobidan nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquv kurslarida yoshlarning axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishi uchun taʼlim krediti ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi

    Nizomga koʻra, taʼlim kreditlari BHMning 65 baravarigacha boʻlgan miqdorda 1 yillik imtiyozli davr bilan 4 yil muddatgacha 14 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslarga ajratiladi.

    Kredit oluvchi taʼlim kreditini olish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilingan tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

    • ariza;
    • kredit oluvchi va IT-park rezidenti boʻlgan nodavlat taʼlim tashkilotlari oʻrtasida axborot texnologiyalari sohasidagi oʻquv kurslarida tahsil olish haqida rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt, ommaviy oferta);
    • taʼlim krediti qaytarilishining taʼminoti boʻyicha hujjat. Bunda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalar farzandlari boʻlgan yoshlarga ajratiladigan taʼlim krediti boʻyicha garov va kafillik talab etilmaydi;
    • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilganligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma (“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari boʻlgan yoshlar uchun);
    • bankning ichki hujjatlarida (siyosatida) belgilangan boshqa hujjatlar, shu jumladan, birgalikda kredit oluvchiga tegishli maʼlumot va hujjatlar.