Jahon banki yordamida Oʻzbekistonda 600 ming nafar yoshning taʼlim olish imkoniyatlari kengayadi

    Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi Oʻzbekiston uchun 250 million dollar miqdoridagi kreditni tasdiqladi. Mazkur mablagʻlar “EduImkon” dasturini amalga oshirish uchun yoʻnaltiriladi.

    Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qildi.

    Qayd etilishicha, kelgusi uch yil davomida dastur orqali mamlakat boʻylab 600 ming nafarga yaqin yoshlar taʼlim kreditlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Dastur mablagʻlarining qariyb 80 foizi kam taʼminlangan oilalar farzandlari va xotin-qizlarga taʼlim kreditlari ajratishga qaratilgan.

    Oʻzbekistonda 14–30 yoshdagi aholi soni 10 million nafarga yaqin boʻlib, hukumat ularning oliy, texnik va kasb-hunar taʼlimi olish imkoniyatlarini kengaytirishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan. Oxirgi yillarda oliy taʼlim muassasalari soni qariyb uch barobarga oshdi, oliy taʼlim bilan qamrov darajasi esa 2017-yildagi 8 foizdan 2024-yilda 48 foizga yetdi.

    Shu bilan birga, talabalar sonining keskin koʻpayishi davlat byudjetiga bosimni kuchaytirib, taʼlim kreditlari tizimining barqarorligini taʼminlashni qiyinlashtirmoqda. Mavjud tizim mehnat bozori ehtiyojlarini toʻliq hisobga olmasligi, ayniqsa, STEM va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishlariga yetarlicha eʼtibor qaratilmayotgani qayd etilmoqda.

    “EduImkon” dasturi 2026–2028-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. U doirasida taʼlim kreditlari tizimini modernizatsiya qilish, yagona onlayn platforma joriy etish, kredit ajratish jarayonlarida shaffoflik va samaradorlikni oshirish, shuningdek, qarz oluvchining daromadiga bogʻliq toʻlov mexanizmini joriy etish rejalashtirilgan.

    Dastur doirasida 190 million dollardan ortiq mablagʻ ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar, jumladan, kam taʼminlangan yoshlar va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi. Shuningdek, loyiha orqali qoʻshimcha 30 million dollar xususiy kapital jalb etilishi kutilmoqda.

    2028-yil dekabriga qadar taʼlim kreditlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ish yuritadigan 12 ta tijorat banki orqali ajratiladi.