Axborot xizmatlari faoliyati tanqidiy tahlil qilindi

    Dolzarb 13 Oktabr 2020 1818

    12 oktyabr` kuni Vazirlar Mahkamasida O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida videoselektor yig'ilishi o'tkazildi.

    Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta'minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” 2019 yil 27 iyundagi PQ–4366-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi hamda axborot xizmatlari faoliyati atroflicha tahlil qilindi.

    Hukumat rahbarining ta'kidlashicha, Prezidentimizning yuqoridagi qarori qabul qilingunga qadar tanqidiy materiallarga davlat idoralari tomonidan javob qaytarish amaliyoti 12 foiz bo'lib, 2019 yil dekabr` oyida ushbu ko'rsatkich 83 foizga ko'tarilgan. Biroq, pandemiya oqibatida axborot makonida katta bahs-munozalarga sabab bo'layotgan mavzulardagi chiqishlarga munosabat bildirish darajasi 2020 yil aprel` oyida 62, may oyida 67, iyul` oyida 70, avgust oyida 64 foizga tushib qoldi. Sentyabr` oyida esa bu ko'rsatkich 73 foizni tashkil etdi.

    Tadbirda matbuot xizmatlari faoliyatini doimiy o'rganib borish, mavjud kamchiliklarni aniqlash, davlat organlari tomonidan axborot makonidagi turli tahdidlarga o'z vaqtida, malakali javob berish mexanizmini yo'lga qo'yish bo'yicha ayrim tahliliy ma'lumotlar taqdim etildi.

    Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbariyati tomonidan hozirgi kunga qadar 113 ta davlat organi va tashkiloti axborot xizmatlari faoliyati o'rganilgani, ulardan 12 tasi (11%)ning ish samaradorligi yuqori, 55 tasi (47%) o'rta va 20 tasi (18%)ning ishi qoniqarli deb baholangan bo'lsa, 26 ta (23%) axborot xizmatining natijalari past darajada ekani ma'lum qilindi.

    Xususan, Adliya vazirligi, Davlat xizmatlari agentligi, Kadastr agentligi, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari axborot xizmatlari faoliyati alohida e'tirof etildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Fanlar akademiyasi, “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati, Intellektual mulk agentligi kabi bir qator tashkilotlarning axborot xizmatlari ishini faollashtirish lozimligi aytib o'tildi.

    Matbuotda, turli ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda e'lon qilinayotgan tahliliy-tanqidiy materiallar doimiy ravishda monitoring qilinib, materiallarga davlat organlari mutasaddilarining tezkorlik bilan munosabat bildirishini ta'minlash maqsadida Agentlik 90 dan ortiq vazirlik, idoralar hamda tegishli hokimliklarning axborot xizmatlari va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallari bilan messenjerlar orqali kommunikatsiyani yo'lga qo'ygani qayd etildi.

    Bugungi shiddatli axborot almashish sharoitida 30 ta tuman va shahar hokimliklarining “Telegram” messenjeridagi kanallari a'zolari soni 500 taga ham etmasligi aytildi. Xususan, Kogon tumanida 172 ta, Forish tumanida 200 ta, Buvayda tumanida 208 ta, Qo'shtepa tumanida 215 ta, Tomdi va Ulug'nor tumanlarida 265 tadan, Jondor tumanida 295 ta, Xiva tumanida 296 ta a'zo bor xolos. 20 dan ortiq tuman va shahar hokimliklarining esa “Facebook” ijtimoiy tarmog'ida sahifasi ochilmagan. Bu esa davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy manbalari orqali tezkor va asosli munosabat bildirib borish imkonini cheklaydi.

    Yig'ilishda davlat organlari va tashkilotlari, hokimliklarning mamlakat hayotida kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi materiallarni o'z axborot kanallari orqali eng uzoq va chekka hududlargacha etkazib berish imkoniyatlari tahlil qilindi.

    Matbuot xizmatlarining axborot makonidagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, fuqarolarni qiziqtirgan savollarga oydinlik kirituvchi tegishli ma'lumotlarni tashkilot veb-saytida doimiy yoritib borish, muammo va kamchiliklar yuzasidan onlayn-muloqotlar o'tkazish yaxshi samara berayotgani ta'kidlab o'tildi.

    Shu bilan birga, yig'ilishda axborot xizmatlari uchun shtat birliklarini qayta ko'rib, kengaytirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida topshiriqlar berildi. Davlat organlari rahbarlari hamda matbuot kotiblari uchun OAV bilan o'zaro hamkorlik qilish madaniyatini oshirish hamda ziddiyatli vaziyatlarga tayyorgarlik, ochiqlikni ta'minlash, ijtimoiy tarmoqlar bilan tizimli ishlash, tashkilotning PR-strategiyasini ishlab chiqish va axborot makonida ijobiy imijni yaratish kabi yo'nalishlarda maxsus o'quv-kurslarini tashkil etishga kelishib olindi.

    Yig'ilish yakunida axborot xizmatlari faoliyatiga e'tiborsizlikning salbiy oqibatlari va aholini etarlicha axborot bilan ta'minlash masalasi yuzasidan tahliliy-tanqidiy ma'lumotlar atroflicha muhokama etildi.