31 Mar 2025
00:30

    Axloqiy-ruhiy tayyorgarlik va jangovar shaylik

    Qurolli Kuchlar tizimida yaratilgan munosib sharoit harbiy qudratimizni yuksaltirmoqda

    Mamlakatimizda axborot xavfsizligini taʼminlash, yosh avlodni maʼnaviy barkamol va vatanparvar etib tarbiyalash, shuningdek, harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini mustahkamlash muhim vazifalardan biriga aylanmoqda.

    2024-yilda mazkur yoʻnalishda qabul qilingan qator huquqiy hujjatlar asosida qoʻshinlarda maʼnaviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratilib, bu boradagi ishlar yangi sifat bosqichiga koʻtarildi. Harbiy xizmatchilarning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish maqsadida yozuvchi va shoirlar, olimlar, fan va sanʼat arboblari ishtirokida 33 mingga yaqin maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy tadbir tashkil etildi. Bunday tashabbuslar orqali nafaqat Qurolli Kuchlar safidagi harbiylar, balki yosh avlodning ham vatanparvarlik tuygʻusi yuksaltirilmoqda.

    Prezidentimiz topshirigʻiga muvofiq, “Jizzax tajribasi” asosida yurtimiz boʻylab “Jasorat maktabi” harbiy oʻquv yigʻinlari oʻtkazildi, ularga uyushmagan va profilaktik hisobda turgan 5,5 mingdan ziyod yosh jalb qilindi.

    Shuningdek, yil davomida harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari va soha faxriylarining ijtimoiy himoyasi eʼtibor markazida boʻldi. Xususan, harbiylarning 839 nafar farzandi oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli asosda oʻqishga kirdi, 1200 nafarga yaqin harbiy xizmatchining rafiqasi va harbiy pensionerlar ish bilan taʼminlandi.

    Bunday gʻamxoʻrlik uchun harbiylar, ularning oilalari va faxriylarimiz yuz-koʻzlarida chuqur ishonch va minnatdorlik hissi balqib turibdi.

    Koʻrsatilayotgan eʼtibor va uning natijasi milliy armiyamizning har jabhasida oʻz samarasini bermoqda. Qurolli Kuchlar akademiyasi misolida aytadigan boʻlsak, harbiy taʼlim muassasasi jamoasi harbiy kadrlarning jismoniy tayyorgarligi va gʻoyaviy-mafkuraviy immunitetini oshirish, AyTi va zamonaviy texnologiyalarni qoʻllay oladigan, tezkor qaror qabul qilish qobiliyatiga ega ofitserlarni tayyorlash borasida qator tadbirlarni ­amalga oshirdi. Oʻtgan yili turli tahdid va xavflarni hamkorlikda bartaraf etish maqsadida kuch tuzilmalari bilan birgalikda harbiy taʼlim muassasalarining kursant va tinglovchilari oʻrtasida 9 marotaba ikki pogʻonali qoʻshma qoʻmondonlik oʻquvi hamda 2-marta strategik harbiy ish oʻyinlari oʻtkazildi.

    Bunda ofitserlarning jangni rejalashtirish va boshqarish boʻyicha koʻnikmalarini rivojlantirish, Qurolli Kuchlar tizimini raqamlashtirish, axborot xavfsizligini taʼminlash, harbiylar va yoshlarning gʻoyaviy-mafkuraviy immunitetini oshirish, ularni maktabdan boshlab harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kabi qator vazifalar parallel ravishda hamjihatlikda olib borildi.

    Akademiya tomonidan real sharoitlarga moslashgan operativ-taktik vazifalar ishlab chiqildi. Kursant va tinglovchilar dunyoqarashini kengaytirish maqsadida “Xavfsizlik asoslari. Xavf va tahdidlar, Milliy manfaatlar”, “Sunʼiy intellekt va uning harbiy sohada qoʻllanilishi” kabi fakultativ kurslar yoʻlga qoʻyildi.

    Akademiya jamoasi davlatimiz rahbarining mamlakatimiz taraqqiyoti uning mudofaasiga uzviy bogʻliqligi haqidagi xulosalari va qoʻygan topshiriqlarni toʻlaqonli bajarish yoʻlida bor kuch-gʻayrati bilan odimlamoqda.

    Hozirgi zamonaviy qurolli toʻqnashuvlarda sunʼiy intellekt, robot, raketa, dron va ularga qarshi kurash vositalari keng qoʻllanilmoqda. Globallashuv va gibrid urushlar kechayotgan jarayonda IT va axborot texnologiyalari, dronlar va ularga qarshi kurashish sir-asrorlarini chuqur oʻrganish maqsad qilinib, xorijlik hamkorlar bilan barpo etilgan kiberxavfsizlik, dasturlash laboratoriyalarida maxsus oʻquv kurslari dasturlari boʻyicha mustahkam aloqalar oʻrnatilyapti.

    Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali harbiy xizmatchilar sogʻligʻini muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan tibbiyot muassasasidir. U nafaqat Qurolli Kuchlar shaxsiy tarkibi, balki ularning oila aʼzolari hamda faxriylar uchun ham yuqori malakali tibbiy xizmat koʻrsatyapti.

    Muassasa faoliyati armiyaning umumiy jangovar tayyorgarligi va mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga ham bevosita bogʻliq. Chunki sogʻlom va jismonan baquvvat harbiylar mamlakat xavfsizligining mustahkam kafolatidir.

    Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali respublikamizdagi eng zamonaviy, keng qamrovli diagnostika va davolash imkoniyatlariga ega boʻlgan tibbiyot maskanlaridan biriga aylandi. Oʻtgan yilning oʻzida bu yerda 4 mingga yaqin jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi, ulardan 46 foizi yuqori texnologik operatsiyadir. Aorta-koronar shuntlash, yurak klapanlarini protezlash, yurak toj tomirlarini stentlash, tos-chanoq va tizza boʻgʻimlarini endoprotezlash amaliyoti shular jumlasidan.

    Oʻtgan yili ogʻir jarohat olgan yoki kasallikka chalingan harbiy xizmatchilarni tezroq sogʻaytirib, xizmati va oilasiga qaytarish maqsadida eng zamonaviy reabilitatsiya markazi ishga tushdi.

    Nafaqat gospitallarni zamonaviy tibbiy texnika bilan taʼminlash, balki u yerda faoliyat yurituvchi shifokorlar salohiyatini oshirishga ham katta eʼtibor qaratilyapti.

    Bugungi kunda armiyamiz faqatgina moddiy-texnik bazasi bilan emas, balki strategik rejalashtirish, operativ boshqaruv va jangovar tayyorgarlik tizimi jihatidan ham jahon talablariga mos ravishda takomillashib bormoqda. Qurolli Kuchlarimiz qoʻshin turlari oʻrtasidagi hamkorlik kuchayib, harbiy amaliy mashgʻulotlar doirasida yangi taktik usullar samarali oʻzlashtirilmoqda. Bu esa armiyamizning jangovar salohiyatini keskin oshirish bilan birga, har qanday tahdid va xavf-xatarlarga qarshi munosib javob qaytarish imkoniyatini yanada mustahkamlaydi.

    Harbiy xizmatchilarning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, ularni munosib maosh, ijtimoiy kafolatlar va taʼminot bilan taʼminlash davlatimiz mudofaa siyosatida ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Bu borada xizmatchilar va oila aʼzolari uchun zamonaviy turar joy majmua­lari barpo etilishi, tibbiy xizmat koʻrsatish tizimi takomillashtirilishi, bolalarining sifatli taʼlim olishiga sharoit yaratilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

    Shuningdek, harbiylarning maʼnaviy va jismoniy tayyorgarligini yanada oshirish, ularni uzluksiz ravishda qayta tayyorlash uchun zarur infratuzilma yaratilmoqda. Bunday chora-tadbirlar harbiy xizmat nufuzini oshirish, armiya saflariga yuqori malaka va intizomga ega kadrlarni jalb etish hamda mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini ­mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Davlatimiz rahbarining shu yil 24-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qarorida ham bu yoʻnalishda koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikning yorqin ifodasini koʻrish mumkin.

    Husan BULTAKOV, kichik serjant:

    — Sharafli va masʼuliyatli xizmat burchimizni ado etish davomida davlatimiz rahbari tomonidan bizga bildirilayotgan yuksak ishonch va gʻamxoʻrlikni hamisha his etib, undan bahramand boʻlib kelyapmiz. Prezidentimizning harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan nav­batdagi qarori bizni yanada ruhlantirdi.

    Xususan, turar joy ijarasi uchun toʻlanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdorining 20 foiz, oila aʼzolari 3 kishi va undan ortiq boʻlgan taqdirda ushbu miqdor 50 foiz oshirilgani, harbiy xizmatchilarga turar joy sotib olish uchun ipoteka krediti olinishida ajratiladigan dastlabki badal miqdori uy-joy hisoblangan qiymatining 35 foizi miqdoriga yetkazilgani bizni mamnun etdi.

    Bu kabi gʻamxoʻrlik va imtiyozlarni bizga nisbatan bildirilgan yuksak ishonch va eʼtibor namunasi deb bilaman. Ishonchga, vatan himoyachisi nomiga doim munosib boʻlishga bor kuch va bilimimni safarbar qilib, barchasiga munosib xizmatlarim bilan javob qaytaraman.

    Qurolli Kuchlarda oʻtkazilgan islohotlar tufayli bugun milliy armiyamiz tom maʼnodagi professional armiya darajasiga yetdi. Uning tarkibida oʻz kasbining haqiqiy fidoyilari xizmat qilyapti. Ana shunday mard, barkamol yoshlar safida ekanim menga cheksiz faxr, iftixor baxsh etadi.

    Raʼno BULTAKOVA, kichik serjant Husan BULTAKOVning rafiqasi:

    — Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-fevraldagi qarorini katta hayajon bilan oʻqidim. Taʼkidlashni istardimki, biz — harbiylarning oilalariga eʼtibor va gʻamxoʻrlik yildan yilga oshib, koʻrsatilayotgan yordam qamrovi kengayib bormoqda.

    Turmush oʻrtogʻim xizmat taqozosi bilan yurtimizning turli garnizonlarida faoliyat koʻrsatdi. Demak, men ham har xil shart-sharoitlarda yashab, harbiycha hayotning pastu balandi, oʻziga xos qiyinchiliklari bilan yaxshi tanishman.

    Oila bekasi sifatida, avvalo, vatanni himoya qilishdek eng sharafli, elu yurt ardogʻidagi, davlatimiz rahbariyati eʼtiboridagi kasbni tanlagan inson bilan hayot yoʻlimni bogʻlaganimdan, unga yelkadosh boʻlayotganimdan faxrlanaman. Farovon turmush kechirishimiz uchun qilinayotgan saʼy-harakatlardan minnatdormiz.

    Harbiy xizmatchilarga berilayotgan bu kabi ijtimoiy kafolat va qoʻllab-quvvatlash choralari ularning jangovar ruhini mus­tahkamlash, xizmatga sadoqatini oshirish va armiyaning umumiy mudofaa qobiliya­tini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Tinchlik va barqarorlikni taʼminlash yoʻlida mehnat qilayotgan fidoyi va vatanparvar yurt himoyachilarimiz berilayotgan bu kabi eʼtibor va ragʻbatdan yanada kuch olib, yuksak masʼuliyatini teranroq his etishi shubhasiz.

    Otabek YOʻLDOSHEV,

    mudofaa vazirining axborot siyosati

    masalalari boʻyicha maslahatchisi

    — matbuot kotibi, polkovnik

    Telegram kanalimiz
    Text to speech