Prezidentning tegishli farmoniga koʻra, oʻquvchilar oʻrtasida muhandislik-ixtirochilik yoʻnalishida olimpiadalar oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi. Bunda gʻolib boʻlgan bitiruvchi yoshlar davlat oliy taʼlim muassasalarining olimpiada yoʻnalishiga mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlariga imtihonlarsiz qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Bundan tashqari, yoshlarni ilmga qiziqtiruvchi, tarbiyaviy ahamiyatga ega va umummilliy qadriyatlarni shakllantirishga xizmat qiluvchi milliy mediakontentlar yaratish hamda eng yaxshi intellektual shoularni tashkil etish uchun 100 million soʻmgacha grantlar ajratiladi.
Shuningdek, yoshlarda tabiatga muhabbat hissini uygʻotish, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun Yoshlar ishlari agentligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan “Yashil tashabbuslar”ni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etiladi. Mazkur jamgʻarma 10 milliard soʻmgacha miqdorda shakllantiriladi.