Ayrim turdagi yoshlarga “bir oylik” harbiy xizmat toʻlovi qoplab beriladi

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-oktyabrdagi 617-son qarori “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari va oilaviy bolalar uylarida tarbiyalangan yoshlar hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtash badalini qoplash tartibini belgilaydi.

    Unga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari yoki oilaviy bolalar uyida tarbiyalangan yoshlar, shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalarning “Yoshlar daftari”dagi farzandlariga ularning safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtash badalini toʻliq miqdorda qoplash uchun subsidiya ajratiladi.

    Ariza beruvchilarga subsidiya ajratish tartibi

    Ariza beruvchilarga subsidiya ajratish, ariza beruvchilarning doimiy yashash manzili yoki ular tarbiyalangan “Mehribonlik” uyi, Bolalar shaharchasi yoki oilaviy bolalar uyi joylashgan joydagi mahallaning yoshlar yetakchisi orqali “Yoshlar daftari”ga kiritish va oʻqish xarajatini kompensatsiya qilish haqidagi “mahalla yettiligi” (mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan) nomiga yozma shaklda yoki “Yoshlar daftari” elektron platformasi orqali onlayn murojaatga asosan ajratiladi. Bunda, arizada ariza beruvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami koʻrsatilishi lozim.

    Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

    — ariza beruvchining “Mehribonlik” uyi yoki Bolalar shaharchasi yoki oilaviy bolalar uyida tarbiyalanganligi haqida maʼlumotnoma;

    — tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimi va ariza beruvchi oʻrtasida tuzilgan “Safarbarlik chaqiruvi rezervi mablagʻlari” maxsus hisob raqamiga badal oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida uch taraflama shartnoma (mudofaa boʻlimi va fuqaro tomonidan imzolangan holda).

    Ariza beruvchidan ushbu bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim qilishni talab qilish taqiqlanadi.

    “Mahalla yettiligi” “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari va oilaviy bolalar uylarida tarbiyalangan yoshlarning ushbu muassasalarda tarbiyalanganini tasdiqlovchi hujjatlarni, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ariza beruvchilarning oilasi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilganini oʻrganib, ariza beruvchilarga “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda subsidiya ajratish haqida qaror chiqaradi.

    Ushbu qarorga asosan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Vasiylik kengashi “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ariza beruvchiga subsidiya ajratadi.