Tarix — odamzodga saboq beruvchi, uni xatarli yoʻllarga kirishdan saqlab qoluvchi ajoyib bir dunyo. Shuning uchun ham XX asrning 20-50 yillarida mustabid shoʻro tuzumining nohaq azobini tortgan va shahid ketgan ota-bobolarimiz, Vatan uchun xizmat qilgan ardoqli ziyolilar, ijtimoiy hayotning ogʻir damlarini boshidan kechirgan yurt farzandlarining nomlarini tiklash, ularning merosini kelajak avlodlarga yetkazish muhim vazifalardan biridir.

Lekin bir-ikki kitob yoki maqola chop etish bilan qatagʻon qurbonlarining butun boshli tarixini yoritib boʻlmaydi.

Istiqlol tufayli haqiqat va adolatni qayta tiklash, xalqimizning minglab fidokor va sobitqadam farzandlari xotirasiga hurmat-ehtirom koʻrsatish, bunday qismatga duchor boʻlgan yurtdoshlarimizni aniqlash, nomlarini abadiylashtirish va tarix zarvaraqlariga muhrlash borasida koʻplab savobli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham.

Qoraqalpogʻistonning rahbar hamda xoʻjalik tashkilotlari xodimlari, ziyoli qatlam vakillari, fan, madaniyat, adabiyot sohasida xizmat koʻrsatgan insonlarning koʻpchiligi oʻtgan asrning 30-50 yillari boshida qatagʻonga uchragan edi. Ular birovlarning yolgʻon arizasi, tuhmati sabab “xalq dushmani”, “millatchi” yoki “ijtimoiy kelib chiqishini yashirgan, xalq dushmaniga xayrixohlik qilgan” kabi ayblovlar bilan nohaq jazolandi, qamoqqa olindi. Diniy kitoblar, qoraqalpoq shoirlari sheʼrlari yoʻq qilinib, yondirildi, maʼnaviyat va madaniyatga johillarcha munosabatda boʻlindi.

Rahim Majitovning rafiqasi 80 yoshli Anvara ayaning boshidan oʻtkazgan va aytib bergan hayotiy voqealarini adabiyotchi Q.Boyniyozov bunday yozadi:

— 1928-yili qayin otamning (Seyfulgʻabit ­Majitov — A.Q.) bir kitobi chop etilib, unga qalam haqi (gonorar) oldi. Bizlar juda nochor ahvolda yashar edik. Otam bu puldan uyga kerakli boʻlgan uy jihozlari va bizlarga kiyim-kechak sotib oldi. Oʻsha vaqtlari Rahim aka Qoʻngʻirotda raykom sekretari boʻlib ishlardi. Kimdir buni koʻrib, bizlarni «boyib ketdi», deb ariza beribdi.

Shu sababdan turmush oʻrtogʻimni ishdan boʻshatishdi. 1937-1938-yillari ahvolimiz yanada ogʻirlashdi. Qayin otamni va Rahim akani “xalq dushmani” deb turmaga tashladilar. Men ularning holidan xabar olish uchun borgan edim. — Sen chet elning aygʻoqchisisan, — deb meni ham ushlab, bir kun tergov qildi. Beshikda emizikli bolam bor edi. Vaqtida ovqatlantirib kelishim uchun ham yubormadi. Ishxonamga homiladorlik taʼtili davridagi pullarimni olaman deb borsam, berishmadi. Sen “xalq dushmani”ning rafiqasisan deb ishdan boʻshatishdi. Boshqa joylardan ish izlasam, familiyamni aytishim bilan qaytaraverdi. Shunday qilib, men 1937-1938-yillari besh bolam bilan ishsiz qoldim.

S.Majitov 1920-yilda partiyaga aʼzo boʻlib, shoʻro hukumatining siyosatini qoʻllab-quvvatlab taʼriflagan dastlabki shoir boʻlishiga qaramay, “Milliy ittihod” tashkiloti Qoʻngʻirot boʻlimi rahbari sifatida ayblanib, 1921-yili qamoqqa olindi. Shoʻro hukumatiga qarshi aksilinqilobiy qoʻzgʻolon tashkillashtirgan, degan ayb tirkaldi. U bilan birga imom Ubbi Yerniyazov va Pirjan imom Bekeshov besh yil qamoq jazosiga hukm etildi. Biroq Xorazm Xalq Respublikasi ichki ishlar vaziri Oʻroz Yermanovning aralashuvi bilan ular qamoqdan ozod etildi. Ikkinchi marta S.Majitov 1930-yili yana “xalq dushmani” sifatida ayblanib, qudasi Oʻroz Yermanov bilan qamoqqa olindi. Ular 8 oy davomida qattiq tergov berdi.

Biroq ikkisi ham oʻziga qoʻyilgan ayblarni tan olmagan. 1930-yil 3-noyabrda S.Majitov va Oʻ.Yermanov
ishlari ustidan toʻplangan dalillar yetarli emasligi
sabab ularni qamoqdan ozod etish toʻgʻrisida qaror chiqarishga majbur boʻlishgan.

Ammo qamoqxona azobi va tergovchilarning turli qiynoq usullarini koʻtara olmagan Seyfulgʻabit ­Majitov 1938-yili 16-aprelda turmada vafot etadi va shu tariqa jinoyat ishi ham toʻxtatiladi.

1937-1938-yillardagi qatagʻon natijasida partiya, komsomol, sovet tashkilotlari rahbar lavozimlarida ishlaydigan milliy kadrlar qolmadi hisob. Sababi, ularning koʻpchiligi qamaldi va otib tashlandi. Masalan, 1937-yil sentyabr oyidan 1938-yil iyun oyiga qadar Qoraqalpogʻiston ASSR partiya komitetining birinchi sekretari vazifasini bajaradigan odam boʻlmagan. Bu lavozimni partiya yoʻllanmasi bilan Toshkentga kelgan F.Pavlov degan kishi vaqtincha egallab turdi. U boshqargan davrda qoraqalpoq xalqi ziyolilari juda koʻp jabr chekdi.

1930-yillarning ikkinchi yarmida olimlar va jamoat faollarini ham qatagʻon qilish boshlanadi. Moskvalik olim Baskakov bunday eslaydi:

— Bir kuni viloyat partiya komitetining birinchi kotibi Islom Aliyevning yordamchisi, ozarbayjonlik yigit Kazembek uyga kelib, ertaga meni qamamoqchi ekanliklari haqida ogohlantirdi. U bizlarga ot topib berdi va Xorazm viloya­tigacha kuzatib qoʻydi. Bu yerdan Nina Vladimirovna ikkovimiz bir haftada Turkmanistonning Chorjoʻy tumanigacha piyoda keldik. Chorjoʻy, Krasnovodsk, Boku orqali bir oyda ­Moskvaga zoʻrgʻa yetib bordik. Agar Kazembek haqiqatni aytmaganda, OGPU xodimlari meni «burjuachi millatchi» deb allaqachon yoʻq qilib yuborgan boʻlar edi. Bizlar Qoraqalpogʻistondan ketgandan keyin Q.Avezov, K.Nurmuhamedov, I.Aliyev va uning yordamchisi Kazembek ham qamoqqa olingan va “xalq dushmani” sifatida otishga hukm etilgan edi...

Taniqli maʼrifatchi Qozi Mavlik ham sovet hokimiyati tomonidan qatagʻonga uchragan. U 1929-yili kuzda qamoqqa olinishi arafasida Chimboyni tashlab Turkmaniston tomonga qochib ketadi. Shoirning umri davomida yozgan, yiqqan madaniy merosi, mol-mulki ham shu yerda qoladi. 1930-yilning oxirida Chimboydagi yangi hukumat yetakchilari Qozi Mavlikning uyida qolgan barcha qoʻlyozmalarni yigʻib oladi va yoqib yuboradi.

Oʻsha davrning taniqli shoiri Abbaz Dabilovning eslashicha, u 1929-yili Qozi Mavlikning uyiga kelganida, shoirning barcha kitoblarini, koʻplab qoʻlyozmalarini olti qopga solishib, Kegeyli kanali boʻyida yoqib, koʻmib tashlashgan ekan.

Alisher KUDIYAROV,

Qoraqalpoq davlat universiteti tuzilmasidagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi direktori