Hayvonot bog'ida onasi tomonidan ayiq qafasiga tashlangan, baxtli tasodif sabab yirtqichdan zarar ko'rmay qolgan qizaloq Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida davolanayotgani haqida xabar berilgan edi. Sog'liqni saqlash vazirligi shifoxonada muolaja olayotgan qizaloqning holati bo'yicha quyidagilarni ma'lum qildi.

2018-yilda tug'ilgan bemor Z. A. shu yilning 29-yanvarida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining bolalar bo'limi qabulxonasiga “Tez yordam” mashinasida olib kelingan. Shundan so'ng unda standart bo'yicha nevrologik, ultratovush va bosh miya MSKTsi kabi qator tekshiruvlar amalga oshirilib, qizaloq bolalar reanimatsiya bo'limiga yotqizilgan va tegishli mutaxassislar ishtirokida zarur davo choralari ko'rilgan.  Uning umumiy ahvoli yaxshilangach, boshqa bo'limga o'tkazilgan.

Hozir bemor tibbiyot xodimlari nazorati ostida rejali muolajalarni davom ettirmoqda. Sog'lig'i kundan kun tiklanib boryapti.

Shuningdek, Sog'liqni saqlash vazirligi bemor qizaloq Z.A.ning 18 yoshga to'lguniga qadar salomatligini doimiy nazorat qilish uchun Bolalar milliy tibbiyot markazi va uning direktori, tibbiyot fanlari doktori Alisher Sharipovni shaxsan mas'ul etib belgiladi.