Turli sohalarda muaffaqiyatlarga erishyapmiz. Ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etyapmiz. Jumladan, kuni kecha yurtimizda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida ham munosib qatnashdik.
Ochig‘i, men saylovda bir ayol, qolaversa, tadbirkor sifatida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlab ovoz berdim. Nimaga? Avvalo, Shavkat Mirziyoyev nomzodi aynan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatildi. Bu siyosiy tuzilma esa, nomidan ham ma’lumki, tadbirkorlarning yaqin ko‘makchisi va suyanchidir.
Bugun tadbirkorlikni rivojlantirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar nafaqat iqtisodiyotimizdagi islohotlarda, balki har bir oila, har bir ayol hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bunga ko‘plab misollar bor. Fikrimni o‘z ishim mobaynida kuzatilgan bir voqea bilan tushuntirsam, o‘ylaymanki, o‘rinli bo‘ladi.
Fabrikamizda biror mexanizm ishdan chiqsa, uni zudlik bilan tuzatmasangiz, ishchilarning qo‘li bo‘sh qoladi, eng yomoni, mahsulotni boy beramiz. Shuning uchun gohida ehtiyot qismlar topishga o‘zim bosh-qosh bo‘laman. Shunday muammoni hal etish uchun ketayotganimda yo‘lda boshini tizzasiga qo‘yib, yig‘lab turgan ayolni ko‘rib qoldim. Haydovchiga “mashinani to‘xtat”, dedim. U “axir shoshib turibmiz-ku”, deb erinibroq tormozni bosdi.
Ayolning yoniga borib bir-ikki tamoq qirdim, lekin u eshitmadi. Keyin asta yelkasiga qo‘limni qo‘ydim. U menga burilib qaradi.
– Singlim, nega yig‘layapsiz, sizga yordam kerakmi, – dedim.
– Yo‘q, men hech kimga ishonmayman, hamma aldaydi, yuzingizga qarab yolg‘on gapiradi. Siz ham o‘shalarning birisiz, sizgayam ishonmayman!
– Bundoq tushuntirib gapirsangiz-chi, sizni kim xafa qildi?
– Meni tinch qo‘ying, sizga o‘zi nima kerak?
– Siz keraksiz, opa-singil tutinmoqchiman.
Shunda u ayol menga ma’noli qaradi va o‘rnidan turdi. Keyin ko‘z yoshlarini artib:
– Menga hech kim bu gapni aytmagan, – dedi.
Uni mashinaga mindirib oldim. Shu kuni hamma ishlarimga ulgurdim. Eng muhimi, ish topa olmay oilamni qanday boqaman, deb yig‘lab turgan o‘sha ayolni korxonamiz huzuridagi masofaviy ta’lim markaziga kasb o‘rganishga yo‘naltirdim. Bilasizmi, ayol juda qobiliyatli chiqib qoldi. Hozir u tikuvchilik fabrikamizning eng ilg‘or va eng ko‘p maosh oladigan qo‘li gul chevarlaridan biri.
Men bu holatni bejiz eslamadim. Ayol kishining ko‘zida yosh ko‘rsam, uning yonidan shunchaki o‘tib keta olmayman. Unga qo‘limdan kelganicha yordam beraman. Buning boisi shuki, ayolga qilingan bitta yaxshilik o‘nta bo‘lib qaytadi. Chunki ayol — ona. Onalar bilimli, salohiyatli bo‘lsa, ular qo‘lida tarbiya topgan farzandlar ham zukko va zehniyati o‘tkir bo‘lib voyaga yetadi. Onalarga, ayollarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va ehtiromning zamirida ham shu haqiqat mujassam.
Darvoqe, faoliyatimiz ham xotin-qizlarni o‘qimishli, hunarli, eng muhimi, ishli qilish bilan chambarchas bog‘liq. Misol uchun, Toshkent shahridagi Yakkasaroy tumanida joylashgan korxonamizda 160 kishining bandligi ta’minlangani yurtimizda biznes uchun qulay imkoniyatlar yaratilganining yorqin isbotidir. Ana shu 160 ishchining aksariyati xotin-qizlar.
Shu ayollarning xatti-harakatiga qarab turib, ularga mehru muhabbatim yanada oshadi. Axir hamma ishni shu ojiza deb ataganimiz ayollar qilyapti-ku! Tinim bilishmaydi. Ularning sa’y-harakati bilan har oyda qiymati 450-500 ming dollargacha bo‘lgan 500 turdagi bolalar tayyor kiyim-kechaklarini eksport qilyapmiz. Rossiya, Ukraina, Belarus, Ozarbayjon, Portugaliya va Polsha kabi davlatlarga tayyor kiyim-kechak eksport qilar ekanmiz, bu yutuqlarimiz negizida ayollar mehnati yotganini faxr bilan tilga olishni istayman. Shu o‘rinda Sadriddin Ayniyning “Erkaklarni to‘qlik buzadi, ayollarni yo‘qlik buzadi”, degan mashhur gapini keltirib o‘tishni joiz bildim. Kimki ayollarga, xotin-qizlarga qo‘lidan kelgan yordamini ayamasa, kelajak uchun, millat ertasi uchun qayg‘urgan hisoblanadi. Millat taqdiriga daxldor kishi esa vatanparvardir.
Toshkent viloyatining Qibray tumanida qo‘shimcha 100 ish o‘rni, Yuqorichirchiq tumanida ham 100 ishchi o‘rni ochganimizda ham ishga qabul qilingan xotin-qizlar yuz-ko‘zidagi quvonchni ko‘rib, beixtiyor ko‘zimga yosh keldi. Axir bu 200 ayol oilasi, farzandlari oldidagi onalik burchini ado etayotganidan xursand bo‘lsa, mehnat qilib ne’mat yaratayotgani jamiyat taraqqiyoti uchun muhim emasmi?
O‘zi ayol zotini ishga jalb qilishda juda katta murakkabliklar mavjud. Birinchidan, ularning ko‘pida hunar yo‘q. Axir hunar bo‘lmasa, quruq ishtiyoqning o‘zi kamlik qiladi-da. Shuning uchun masofaviy ta’lim markazi ochdik. O‘zimiz o‘rgatib, o‘zimiz ishga olyapmiz. Onlayn o‘qishga qiziquvchi xotin-qizlar safi tobora ko‘payib bormoqda. Hozir Toshkent shahridagi Mashinasozlar mahallasidan 40 ayol o‘qiyapti, o‘zimizning ishxonamizda oliy o‘quv yurtiga kirish uchun 20 xotin-qiz onlayn tahsil olyapti. Qo‘rg‘ontepa va Do‘stlik mahallasida uyda o‘tirgan ayollar hunar o‘rganmoqda.
Onalar bashariyat tarbiyachilaridir. Onalar, xotin-qizlar qancha e’zozlansa, bilimli, aql-idrokli va tafakkuri boy bo‘lishiga erishilsa, oila o‘zgaradi, jamiyat yangilanadi, hayot darajasi yuksaladi. Aytmoqchimanki, mamlakatimizda bu yo‘nalishdagi hayotiy islohotlar shu jihatlari bilan qadrlidir. Ishonamanki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bu boradagi ishlar bardavom bo‘ladi.
Muxlisaxon AKRAMOVA,
Toshkent shahridagi “O‘zimizniki” MCHJ rahbari,
“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni sohibasi