Yurtimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish va ularning jamiyatdagi ahamiyatini mustahkamlash davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylangan. Donishmandlarimiz taʼkidlaganidek, ayolning goʻzal, oqila boʻlishi muhim, lekin ularning bilimli va maʼrifati yuqori boʻlishi shart. Taraqqiyot yoʻli maʼrifatda ekan, ayolning maʼrifatli boʻlishi — bu jamiyatning baxti va saodatidir. Chunki faqat aql-zakovatli, maʼrifatli onalargina komil farzandlar tarbiyalashga qodir.

Bugungi kunda oliygohlarimizda jami talabalar soni 1 mln 489 ming nafardan oshgan boʻlib, shundan xotin-qizlar 782 mingni ( yaʼni 52,5%) tashkil etadi. Magistratura bosqichida tahsil olayotgan jami talabalar 37 ming 839 nafar boʻlib, ularning 23 ming 628 nafari (62,44%) talaba-qizlardir. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barcha oliy va kasbiy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt asosida tahsil olish uchun imtiyozli taʼlim kreditlari ajratishning yangi tizimi joriy etildi. Xususan, xotin-qizlar uchun taʼlim kreditlari foizsiz berilishi alohida taʼkidlashga arziydi.

Shuningdek, davlat oliygohlarining magistratura bosqichida toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan xotin-qizlarning kontrakt toʻlovi 2022-yildan buyon toʻliq davlat byudjeti hisobidan qoplab berilmoqda. Oxirgi uch yilda bu maqsad uchun 285,8 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. 2023/2024-oʻquv yilidan boshlab, qurilish, transport, kommunal xoʻjalik, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlari boʻyicha texnikumlarga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan 2 385 nafar xotin-qiz davlat granti asosida tahsil olish imkoniyatiga ega boʻldi. Shuningdek, mazkur oʻquv yilida 5 991 nafar talaba-qiz uchun 60,3 mlrd soʻm mablagʻ davlat byudjeti hisobidan ajratildi.

Oliy taʼlimdan keyingi bosqichda ham xotin-qizlarning faolligi ortib bormoqda. Hozirda stajyor-tadqiqotchilar va doktoranturada tahsil olayotgan tadqiqotchilar 11 092 nafarni tashkil etsa, ularning 5 831 nafari (52%) xotin-qizlardir. Shuningdek, har yili ehtiyojmand oilalar farzandlari boʻlgan 2 000 nafar xotin-qiz davlat granti asosida oliygohlarga oʻqishga qabul qilinadi. Bu orqali bugunga qadar 7 000 ga yaqin xotin-qizlar taʼlim granti imkoniyatidan foydalandi. Iqtidorli xotin-qizlarning xorijda malaka oshirishlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2024-yilda 105 nafar yosh olimaning ilmiy stajirovkasi moliyalashtirildi. Ular Buyuk Britaniya, Turkiya, Rossiya, Vengriya, Belarus, Italiya, Ispaniya, AQSH, Xitoy va boshqa mamlakatlarda tajriba orttirib qaytishdi. Bugungi kunda olima ayollar rahbarligida umumiy qiymati 82,6 mlrd soʻmlik 101 ta ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, xotin-qizlarning 25,5 mlrd soʻmlik 68 ta startap loyihalari moliyalashtirildi.

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, yurtimizda xotin-qizlarning taʼlim olishi, ilm-fan va innovatsiya sohalarida oʻz salohiyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan qoʻllab-quvvatlash tadbirlari, ajratilayotgan mablagʻlar va amalga oshirilayotgan loyihalar natijasida minglab qizlar oʻz orzulariga erishmoqda, ilm-fan va ishlab chiqarishda muvaffaqiyat qozonmoqda.

Bugungi kunda xotin-qizlar oʻzining bilim va tajribasi, professional malakasi va mahorati hisobidan koʻpgina jabhalarda yetakchi mavqelarni egallab kelmoqda. Xususan, Fargʻona politexnika institutida ularning oʻrni beqiyos. Jamoamizda 441 nafar xotin-qizlar faoliyat koʻrsatib kelayotgan boʻlib, ularning 3 nafarini rahbar ayollar, 148 nafarini esa professor-oʻqituvchilar, 290 nafarini ishchi xodimlar tashkil qiladi. Xotin-qizlar masalalari boʻyicha rektor maslahatchisi, dotsent Nodiraxon Usmonova rahbarligida 44 nafar olima ayollar faoliyat olib bormoqdalar. Yangi oʻquv yilidan ayol professor oʻqituvchilardan tashkil topgan “Ayol professor-oʻqituvchilar ilmiy tadqiqot va innovatsiya guruhi” faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu guruhda institut 7 ta fakultetidan 50 nafar ayol professor-oʻqituvchilar mahalliy va xorijiy loyihalarda xotin-qizlar ishtirokini oshirish boʻyicha samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Joriy oʻquv yilidan institut talaba-qizlardan iborat “Muhandis qizlar” guruhi tashkil etildi. Bu guruhda talabalar iqtidori va isteʼdodini shakllantirishga moʻljallangan 6 ta yoʻnalishda koordinator qizlar talabalarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Shuningdek, xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, hayotda oʻz oʻrnini topish maqsadida, tashkil etilgan “Xotin-qizlar maslahat markazi” samarali ishlab kelmoqda.

“Moʻtabar ayol” va “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni sohibasi, professor Saodat Mirsalimova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Anora Qosimoxunova, “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligi 30-yilligi” va “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishonlari sohibasi Erkinoy Rajabova, “Moʻtabar ayol” va “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishonlari sohibasi Lolaxon Mamadaliyeva, Elnora Moʻminova kabi fan doktorlari ustoz-shogird anʼanalarini davom ettirgan holda barchaga ibrat va namuna boʻlib kelmoqda. Bundan tashqari, institutimizda hozirda 44 nafar fan nomzodlari, falsafa doktorlari ilmiy izlanishlarini davom ettirmoqda. 2024-2025-yillar davomida ayollarimizdan 1 nafar fan doktori, 5 nafar falsafa doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgani ham ularning doimiy izlanishda ekanligidan dalolatdir.

Institutimizda tahsil oluvchi talaba-qizlarimiz orasida isteʼdodlilari juda koʻp. Talaba-qizlarimiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ketma ket 4 marotaba qoʻlga kiritganligi bu nufuzli jamoamiz mehnatining samarali natijasi, desam aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Shuningdek, 13 nafar talaba-qizlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Prezident va nomli stipendiyalari sohibasi boʻldi.

Yurtimizda har bir ayolning hayotdan rozi boʻlib yashashi uchun barcha sharoitlar, imkoniyatlar yaratilayotgani xotin-qizlarga boʻlgan yuksak eʼtiborning ifodasidir.


Oʻktam SALOMOV,

Fargʻona politexnika instituti rektori.



Hamkorlik materiali