Qayd etilganidek, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “mahallabay” va “fuqarobay” ish uslublari ayni damda aholi murojaatlari va jamiyatdagi koʻplab muammolarni bartaraf etishda oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Joylardagi muammolarni “mahallabay” aniqlash va bartaraf etish, xususan, hududlarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosini taʼminlash maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, mamlakatimizda qarorlar qabul qilish va ijro etishning barcha sohalarida hamda darajalarida xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasida tenglik tamoyilini tatbiq etish, erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratish hamda iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targʻib qilinishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekistonda 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi.
Yana bir jihat. Oʻtgan davr mobaynida mehnat organlari tomonidan 308,8 ming nafar ayollarga bandlik va mehnat sohasidagi xizmatlar koʻrsatildi. Yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarini samarali amalga oshirish hamda ularning tadbirkorlik faoliyati uchun mikrokreditlar ajratish tizimi takomillashtirildi.
Majlisda Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha respublika komissiyasi raisi Q.Rafiqovning axboroti eshitildi.
Taʼkidlanganidek, joriy yilning yanvar-may oylarida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlardan 430 275 nafariga (99,4 foiz) amaliy yordamlar koʻrsatildi. Jumladan, 251 363 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlarning doimiy daromad manbaiga ega boʻlishiga koʻmaklashildi.
Tadbirkorlik qilish istagini bildirgan 66 660 nafar xotin-qizlarning tadbirkorlik koʻnikmalari oshirildi va ularga 830 milliard 37 million soʻmlik kreditlar ajratildi.
Noturar joylarda istiqomat qilayotgan, oʻzining yoki birgalikda yashovchi oila aʼzolarining nomida turar joy mavjud boʻlmagan xotin-qizlardan 4 065 nafariga 8 milliard 635 million soʻmlik ijara kompensatsiyasi toʻlab berildi, 4 769 nafari imtiyozli arzon uy-joylar bilan taʼminlandi.
“Ayollar daftari” jamgʻarmasi, “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi, shuningdek, homiylik va boshqa manbalar hisobidan 36 697 nafar boquvchisini yoʻqotgan ehtiyojmand xotin-qizlarga 27 milliard 572 million soʻm, 29 040 nafar nogironligi boʻlgan va oʻzgalar parvarishiga muhtoj xotin-qizlarga 21 milliard 58 million soʻm, 8 103 nafar qaramogʻida nogironligi boʻlgan bolasi mavjud yolgʻiz ayollarga 6 milliard 959 million soʻm miqdorida moddiy yordam koʻrsatildi.
300 893 nafar xotin-qizlar onkologik kasalliklarni kamaytirish maqsadida odam papillomasi virusiga qarshi emlash ishlari olib borildi. 4 million 13 ming nafar tugʻish yoshidagi ayollar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.
Qolaversa, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar uchun “Ayoli eʼzozlangan yurt” shiori ostida mamlakatimiz boʻylab sayohatlar tashkil etish yoʻlga qoʻyildi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga koʻrsatilgan tegishli amaliy yordamlar va ularning muammolarini hal qilish natijasida bugungi kunga qadar 357 998 nafar xotin-qiz xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarining sessiyalari qarorlari asosida “Ayollar daftari” roʻyxatidan chiqarildi.
Majlisda amalga oshirilgan ishlar bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etish boʻyicha yoʻl qoʻyilgan ayrim kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalariga barcha hududlarda ham birdek masʼuliyat bilan yondashilmayapti. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishda sustkashlikka yoʻl qoʻyish holatlari ham uchramoqda. Bu borada vazirlik va idoralarning vertikal tizimi samarali ishlashi, oʻzaro mutasaddi idora tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish taʼkidlandi.
Bundan tashqari, mahalliy Kengashlar daftarlar “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” bilan ishlash borasida kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi qayd etildi.
Qolaversa, yaratilgan imkoniyatlar va imtiyozlardan aholining, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami, shu jumladan, xotin-qizlar xabardorligi yetarli darajada emasligi, ushbu yoʻnalishdagi ishlarga ham alohida eʼtibor qaratish lozimligi belgilandi.
Senatorlar tomonidan jamiyatda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy faolligini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, bandligini taʼminlash, oila munosabatlarini yana-da yaxshilashga qaratilgan tadbirlarni yana-da kuchaytirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.