Har yili mart oyida amaliy innovatsion loyihalar boʻyicha “Olima ayol” tanlovi oʻtkazib boriladi.

Qoʻmita huzurida “Olima ayollar jamiyati” tuziladi va unga xotin-qizlarni amalda qoʻllab-quvvatlash va yanada ragʻbatlantirish uchun 50 milliard soʻm ajratiladi.

Qishloq joylaridagi ayollarni kasbga oʻqitish, tadbirkorlikka jalb qilish va ish bilan taʼminlash maqsadida 2023-yildan har yili nodavlat tashkilotlarga BHMning 7 ming baravari miqdorigacha grantlar ajratiladi.

Davlat boshqaruvi akademiyasida rahbar xotin-qizlarni tayyorlash boʻyicha alohida oʻquv kurslari tashkil etiladi hamda har yili kamida 100 nafar xotin-qizlar oʻqitiladi.

2024-yil 1-yanvargacha barcha davlat organlari va tashkilotlari, ustavida davlat ulushi 50 foiz va undan koʻp boʻlgan tashkilotlar hamda ularning tizimidagi tashkilotlar rahbarlarining kamida 1 nafar oʻrinbosari xotin-qizlar orasidan tayinlanadi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida xotin-qizlarning biznes-loyihalarini moliyalashtirish uchun 2022-yilda qoʻshimcha 1 trillion soʻm ajratiladi.

2022-yil 1-apreldan:

➖ tadbirkorlikni yangi boshlayotgan xotin-qizlarga ajratilayotgan subsidiya miqdori 7 million soʻmdan 10 million soʻmga oshiriladi;

➖ “Hunarmand” uyushmasi qoshidagi hunarmandchilik markazlarida kamida 40 foiz tadbirkor xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar joylashtiriladi.

➖ 2022-yilda subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yoʻnaltiriladi;

➖ Ijarada turgan “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarga ijara toʻlovining 50 foizi, koʻpi bilan 500 ming soʻmgacha kompensatsiya beriladi.

2022-yil 1-apreldan:

➖boquvchisini yoʻqotgan xotin-qizlarning:

farzandlari davlat bogʻchalariga toʻlanadigan ota-onalar badalidan ozod qilinadi;

3 yoshgacha farzandlari uchun nodavlat bogʻchalarga byudjetdan subsidiyalar ajratiladi.

➖ toʻliq quvvat bilan ishlamayotgan davlat bogʻchalariga 2 yoshdan 3 yoshgacha bolalarni pullik xizmat koʻrsatish shaklida qabul qilishga ruxsat beriladi;

➖ kechki smenada xotin-qizlar ishlaydigan korxona va tashkilotlar oʻz huzurida bogʻcha tashkil qilganda, ulardagi tarbiyachilarning ish haqi byudjetdan qoplab beriladi.