Qarorga koʻra, 2022-yil 1-iyuldan:

  • oilaviy bolalar uylarining saqlash xarajatlari uchun Davlat byudjetidan mablagʻ ajratishda bir nafar tarbiyalanuvchiga toʻgʻri keladigan xarajatlar hamda bolalar sonidan kelib chiqib, zarur mablagʻlar kommunal xarajatlar bilan birga ota-onalar nomiga ochilgan bank plastik kartalariga oʻtkazib beriladi;
  • jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda hamda nogironligi boʻlgan bolalar kasb-hunar maktablarida ishlovchi texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz miqdorda ustamalar toʻlanadi.

Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarni Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi orqali badiiy adabiyotlar bilan muntazam taʼminlash uchun har yili 5 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

2023-2025-yillarda 10 ta hududda reabilitatsiya markaziga ega boʻlgan “Imkon” koʻp tarmoqli ixtisoslashgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish choralari koʻriladi.

Qarorga koʻra:

  • yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar ularga davlat tomonidan ikkilamchi bozordan olib berilgan uy-joylarni mulkka egalik qilish huquqi asosida oʻz nomiga rasmiylashtirishda notarius va kadastr xizmatlari uchun (oldi-sotdi shartnomasi va koʻchmas mulk obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish) davlat boji toʻlashdan ozod etiladi;
  • yetim yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalarga davlat OTMda oziq-ovqat, kiyim-kechak va sanitariya vositalari xarid qilish uchun mablagʻ ajratish amaliyoti nodavlat oliy taʼlim muassasalari talabalariga ham tatbiq etiladi;
  • 2022-yil 1-iyundan “Ishga marhamat” monomarkazlarida inklyuziv taʼlim asosida kasb-hunarga oʻqitilayotgan nogironligi boʻlgan shaxslarga nogironlik nafaqasi bilan bir vaqtda, BHMning 2 baravari (540 ming soʻm) miqdorida har oylik stipendiya toʻlab beriladi.

2022-yil 1-maydan “Saxovat” uylarida yashovchi zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga shaxsiy sarf-xarajatlari uchun har oyda tegishli nafaqa miqdorining 20 foizini toʻlash tartibi joriy qilinadi.

Qarorga koʻra, Afgʻon urushida ishtirok etgan nogironligi boʻlgan jangchi-faxriylar individual oʻlchovlar asosida tayyorlanadigan tegishli zamonaviy protez-ortopediya moslamalari bilan taʼminlanadi.

2023-yil 1-yanvardan:

  • I va II guruh nogironligi uchun pensiya tayinlangandan keyin ishlagan fuqarolarning ish staji va ish haqini hisobga olgan holda, nogironlik pensiyasi miqdorlari har ikki yilda qayta hisoblanadi;
  • hududiy jamoat fondlari hisobidan Oʻzbekiston nogironlar jamiyati, Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati, Oʻzbekiston karlar jamiyati hamda Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasining hududiy boʻlinmalariga davlat subsidiyasi ajratiladi.

Shuningdek, 2022-2023-yillarda davlat ijtimoiy muassasalarining qurish va taʼmirlash hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 600 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.