Delegatsiya vakillari Ispaniya tomonga Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan 2021-yilning “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilgani, mamlakatimizda aholini sportga keng jalb qilish yoʻlida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda futbolga strategik sport turlaridan biri sifatida eʼtibor qaratilishi haqida batafsil maʼlumot berishdi.
“Atletiko Madrid” vakillari oʻz oʻrnida xorijda ochilgan akademiyalari faoliyati, Oʻzbekiston turizm salohiyatini dunyo boʻylab futbol ishqibozlariga tanitishdagi marketing imkoniyatlari haqida batafsil taqdimot oʻtkazishdi. “Atletiko Madrid” futbol klubi vitse-prezidenti Inigo Aznar ushbu hamkorlik katta natijalar olib kelishini taʼkidlab, buyuk tarixga ega yurt yoshlaridan mamlakatni dunyoga tanitadigan sportchilar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi. Uchrashuv yakuniga koʻra, “Atletiko Madrid” klubi vakillari Oʻzbekistonda futbol akademiyasini tashkil etish va klub imkoniyatlaridan kelib chiqib, mamlakatimizning turizm salohiyati targʻibotida hamkorlik qilishni taklif qildi.

“Atletiko Madrid” klubi rahbariyati tez orada Oʻzbekiston tomoniga tijoriy taklif yuborishini, tomonlar oʻzaro kelishuvga erishgan taqdirda, klub mutasaddilari Oʻzbekistonga tashrif buyurishini maʼlum qildi. Maʼlumot uchun: “Atletiko Madrid” klubi Ispaniya La Ligasida (oliy ligasida) toʻp suruvchi, Madrid shahrida joylashgan professional futbol klubi boʻlib, Yevropa grandlari qatoriga kiradi. Klub uydagi oʻyinlarini 68 456 oʻrinli “Vanda Metropolitano” stadionida oʻtkazadi.
Dunyoning eng sovrindor klublaridan biri hisoblangan “Atletiko Madrid”ning ijtimoiy tarmoqlarda yuz milliondan ortiq kuzatuvchisi mavjud.