Uchrashuv avvalida Bosh vazir oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov tomonidan mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalarni, jumladan, turizm, madaniy meros va sport sohalarini har tomonlama rivojlantirish yoʻlidagi doimiy hamkorlik va saʻy-harakatlar uchun samimiy minnatdorlik bildirildi.
Mehmonlar Oʻzbekiston hukumati tomonidan pandemiya oqibatlarini yumshatish va turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash barobarida tezkor qayta tiklash va yangi oʻsish nuqtalarini topishga doir amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.
Butun dunyodagi pandemiya sharoitida sayyohlar xavfsizligini taʻminlash muhim omil ekanligi inobatga olinib, xorijiy elchilarga respublikamizda joriy etilgan yangi “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” sanitar-epidemiologik xavfsizlik tizimi borasidagi taqdimot namoyish etildi.
Shuningdek, mehmonlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqand shahrida tashkil etilgan “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti faoliyati hamda diplomatik vakolatxonalar rahbarlari universitetida tashkil qilingan turizmni oʻrganish va tadqiq etish boʻyicha markaziy kutubxona bilan tanishtirildi.
Mehmonlar oʻz mamlakatlarida nashr etilgan Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo haqidagi turli kitob va adabiyotlar, qoʻlyozma nusxalari, tarixiy xaritalar hamda shu kabi foydali materiallar, xorijiy davlatlar haqidagi muhim adabiyotlarni kutubxonaga taqdim qilish shuningdek, mamlakat burchagini tashkillashtirish yuzasidan hamkorlikka tayyorligini bildirishdi.
Tadbir yakunida tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash, pandemiyaning sohaga zararini kamaytirishga doir ishlar boʻyicha maʻlumot almashib borish yuzasidan muzokaralar olib borishdi. Xorijiy mamlakat vakillari tomonidan esa bildirilgan tashabbuslar va loyihalar yuzasidan hamkorlikni jadallashtirishga tayyor ekanligi maʻlum qilindi.
Maʻlumot oʻrnida: universitetda soʻnggi uch yilda Oʻzbekistondagi eng innovatsion va zamonaviy taʻlim tizimi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, oʻz mavqeini sezilarli darajada mustahkamladi. Xalqaro professor-oʻqituvchilarni jalb qilgan holda talabalarning malakali taʻlim olishi uchun eng zamonaviy va dolzarb oʻquv materiallarini taqdim etishga doir keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.