Qonunga koʻra, Yer uchastkalarini quyidagi maqsadlarda kompensatsiya evaziga olib qoʻyish jamoat ehtiyojlari deb eʼtirof etiladi:
- mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni, erkin savdo zonalarini tashkil etish va ularning faoliyat koʻrsatishi uchun yerlar berish;
- xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
- foydali qazilmalar konlarini qidirish va qazib olish (bundan keng tarqalgan foydali qazilmalar konlari mustasno);
- respublika hamda mahalliy ahamiyatga molik avtomobil va temir yoʻllarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya obyektlarini hamda aviatexnika markazlarini, temir yoʻl transporti obyektlarini, koʻpriklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika va aloqa tizimining muhandislik obyektlari hamda tarmoqlarini, kosmik faoliyat obyektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
- tasdiqlangan aholi punktlari bosh rejalarining obyektlarni Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qurishga oid qismini bajarish;
- davlat investitsiya dasturlarida koʻrsatilgan davlat taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatish muassasalarining binolari hamda inshootlarini markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan qurish nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish.
Yer uchastkalarining har qanday boshqa maqsadlarda olib qoʻyilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish sifatida talqin etish taqiqlanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, mahalliy Kengashning yer uchastkasini olib qoʻyish boʻyicha tashabbusni dastlabki tarzda koʻrib chiqishga doir majlislari OAV va jamoatchilik vakillari ishtirokida ochiq oʻtkaziladi.
Mahalliy Kengashning yer uchastkasini olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingandan keyin hokimliklar huquq egalari bilan kompensatsiyaning shartlari, turlari va miqdori boʻyicha kelishuvga erishishga doir ishlarni amalga oshiradi.
Huquq egasi bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, huquq egasini kelishuvni imzolashga majbur qilish maqsadida koʻchmas mulkni erkin tasarruf etishiga monelik qiladigan xatti-harakatlarni sodir etishga, huquq egasining munosib hayot kechirishi uchun monelik qiladigan shart-sharoitlarni yaratishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.