Davlatimiz rahbari shu yil 11-aprel kuni oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida yoshlarga sifatli taʼlim berish, kasb-hunarga oʻqitish va bandligini taʼminlashga eʼtibor yanada kuchaytirilishini taʼkidladi. Jumladan, oʻgʻil-qizlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, qiziqishlarini inobatga olgan holda kasb-hunarga yoʻnaltirish, mafkuraviy tahdidlardan himoya qilib, sogʻlom fikr beradigan manbalarni koʻpaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Maʼnaviy targʻibot qamrovini yanada kengaytirish, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi faoliyatini takomillashtirish, barcha sohalarda yoshlarga oid davlat siyosatini samarali tashkil etishga qaratilgan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari” dasturini ishlab chiqish, qonunchilikni oʻzgartirish boʻyicha takliflar ilgari surildi.
Keng koʻlamli islohotlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan yuksak baholanmoqda. Ayniqsa, yosh avlodni tarbiyalash, oʻqitish tizimini tubdan isloh qilish va kadrlar tayyorlash borasida milliy modelning ishga tushirilishi natijasida keng koʻlamli ishlar bajarilmoqda. Zotan, bugungi globallashuv pallasida yoshlarga eʼtibor qaratish, ularning sifatli bilim olishini taʼminlashni davrning oʻzi taqozo etmoqda. Bu borada kim kuchli va ilgʻor boʻlsa, marra — uniki.
Hisob-kitoblarga koʻra, oxirgi olti yilda yurtimizda yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish darajasi 9 foizdan 38 foizga yetgan. Xususan, 2016-yilda bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga qabul kvotasi 58 mingdan ziyodroq boʻlgan. 2022-yilga kelib bu koʻrsatkich 190 mingdan oshgan. Shuningdek, 2016-yilda magistraturada oʻqish uchun 5 ming oʻrin mavjud edi. Oʻtgan yilga kelib qariyb 17 mingga yetgan.
Bu raqamlar yurtimizda yoshlar taʼlimiga qaratilayotgan eʼtibor haqidagi fikrlarimizni tasdiqlaydi. Davlatimiz rahbarining OTMlarda tahsil olayotgan xotinqizlar uchun alohida imtiyozlar berish toʻgʻrisidagi qarori nihoyatda salmoqli tashabbus boʻldi. Shu maqsadda Xotin-qizlar taʼlimini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha 2022–2026-yillarga moʻljallangan dastur ishlab chiqildi.
Uning doirasida poytaxtimizda, asosan, xotin-qizlarni oʻqitish uchun davlat-xususiy sheriklik asosida toʻqimachilik sohasi boʻyicha alohida universitet tashkil etilishi koʻzda tutildi. Shuningdek, paxta-toʻqimachilik va pillachilik klasterlari ishtirokida joylarda universitetning texnikumlari ham ochilishi qayd etildi.
Taʼlim olish uchun toʻlov shartnoma summasini toʻlashi uchun qizlarga ilk marotaba 7 yil muddatga foizsiz kredit berish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Magistraturada oʻqiyotgan qizlarning toʻlov shartnoma puli toʻliq byudjetdan, ehtiyojmand oilalar farzandlari, ota yoki onasini yoʻqotgan talaba qizlar taʼlim kontrakti summasining mahalliy byudjet hisobidan qoplanishi yoʻlga qoʻyildi.
Jumladan, universitetimizning magistratura bosqichida tahsil olayotgan 428 nafar qizning toʻlov shartnoma puli qonunda belgilangan tartibda toʻliq toʻlab berildi. Bu imkoniyatlar davlatimiz rahbarining yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashi, ularning istak va intilishlariga qarab zamon bilan hamnafas qonun va qarorlarni imzolayotgani farzandlarimizning yuragidagi faxr va masʼuliyat hissini oshiradi.
Ayni kunlarda umumxalq referendumiga oʻziga xos tayyorgarlik koʻrilmoqda. Yurtdoshlarimiz, xususan, yoshlar orasida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz loyihasi qizgʻin muhokama qilinmoqda. Jumladan, talabalarimiz ham jarayonni mamnuniyat bilan kuzatib, referendumga, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga befarq emasligini koʻrsatmoqda. Chunki undagi normalarning hayotga joriy etilishi boʻlgʻusi pedagoglarning kasbiy rivojlanishi, haq-huquqlari himoya qilinishida katta ahamiyatga ega.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda “Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish va tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi. Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi”, deb yozilgan.
Prezidentimizning 2022-yil 21-iyundagi “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori universitet talabalari uchun ham, professor-oʻqituvchilari va boshqa xodimlari uchun ham keng imkoniyatlar eshigini ochguvchi kalit vazifasini oʻtamoqda. Universitet faoliyatini takomillashtirish boʻyicha belgilangan topshiriqlar doirasida pedagogik taʼlim va amaliyot boʻlimi tashkil etilgani nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlab, qator dolzarb masalalar yechimini topishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda OTM tuzilmasida 12 fakultet hamda 52 kafedra, shuningdek, fakultet maqomidagi magistratura, sirtqi va kechki boʻlimlar faoliyat yuritadi. Kunduzgi, kechki, sirtqi taʼlim shakllari boʻyicha 30 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 29 ta magistratura mutaxassisligi, oliy taʼlimdan keyingi 13 ta ixtisoslik hamda 3 ta qoʻshma dastur asosida pedagoglar tayyorlanmoqda.
Shuningdek, universitet huzurida Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti, Psixologiya oʻquvilmiy markazi, Oliy taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi, Malakani baholash markazi, akademik litsey, Xoʻjayli hamda Namangan xizmat koʻrsatish va servis texnikumlari faoliyat yuritmoqda.
Bugun universitetda 25 mingdan ortiq talabaga mingdan ziyod oʻqituvchi taʼlim bermoqda. Soʻnggi 1,5 yilda oliygoh professor-oʻqituvchilarining ilmiy salohiyati 50 foizga yetkazildi. Oʻquv rejalari va fan dasturlarini tayyorlashda chet el, jumladan, Turkiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Rossiyadagi nufuzli oliy taʼlim muassasalari mutaxassislari ekspert hamda muallif sifatida jalb etildi. Tegishli hujjatlar milliy talablarga muvofiqlashtirildi.
Ish beruvchilarning taklif va tavsiyalari asosida oʻquv rejalariga “Mediasavodxonlik va axborot madaniyati”, “Inklyuziv taʼlim. Gospital pedagogika” hamda “Uzluksiz taʼlimdagi tendensiyalar va zamonaviy yondashuvlar” kabi yangi fanlar kiritildi. Taʼlim jarayoniga xalqaro mutaxassislar, Prezident taʼlim muassasalari agentligi xodimlari, shuningdek, yurtimizning yetakchi ilmiy markazlaridan yetakchi ekspertlar jalb qilindi. Universitetning kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan 24 bosqichdagi 9 mingga yaqin talabasi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan, umumtaʼlim maktablari hamda maktabgacha taʼlim tashkilotlariga malakaviy amaliyot oʻtash uchun yuborildi.
Yoshlarning oʻquv muassasalaridagi amaliyoti “4+2” tartibida tashkil etilib, nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Muhimi, 2022/2023 oʻquv yilidan eʼtiboran oʻquv dasturlari oʻzaro yaqin boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha bitiruvchilarga asosiy va qoʻshimcha ixtisoslik berish tartibi joriy etildi. Talabalarning sifatli taʼlim olishi va yurtimiz boʻylab barcha taʼlim dargohlarida takomillashtirilgan oʻqitish tizimini yaratish uchun ayni paytda universitetimizda 30 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlanmoqda.
Bitiruvchilarning xorijiy tilni bilish boʻyicha sertifikatga ega boʻlish darajasini oshirish, manzilli dastur ishlab chiqish orqali salohiyatni 50 foizdan 2025-yilga qadar kamida 70 foizga yetkazish, taʼlimga “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish” axborot tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, pedagogika sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilgʻor xorijiy pedagogik texnologiyalarni joriy qilishga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqotlarni ixtisoslashtirilgan maktablarda olib borish va iqtidorli oʻquvchi-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishga keng jalb etish jarayonini 2023/2024 oʻquv yiliga qadar bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilgan.
Yuqorida qayd etilgan videoselektorda ushbu topshiriq boʻyicha masʼullarning har biriga 50 nafardan talaba biriktirilishi belgilandi. Bundan koʻzlangan maqsad yoshlar bilan oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash, ularni farzandidek qabul qilib, kelajagiga qaygʻuradigan muhitda taʼlim jarayonini tashkil etish, yigit-qizlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishiga koʻmaklashishdan iborat.
Kelgusida kitobxonlik, sanʼat, teatr toʻgaraklari tashkil etib, sanʼat arboblari, shoir, yozuvchilar bilan sheʼriyat va mahorat darslarini yoʻlga qoʻyish, talabalarimizning 50 foizini futbol, voleybol, stol tennisi, milliy kurash, shaxmat, shashka toʻgaraklariga jalb etish, turli musobaqalar oʻtkazish orqali ularni ragʻbatlantirib borishni maqsad qilganmiz.