Muzokaralar chogʻida BAA hukumati bilan 2019-yil aprel oyidan buyon birgalikda roʻyobga chiqarilayotgan davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish dasturini hayotga joriy etish doirasidagi ikki tomonlama hamkorlikning natijalari muhokama etildi.

Soʻnggi 3 yil ichida Dastur doirasida 142 ta seminar oʻtkazilgani, 25 ta yoʻnalishda 175 ta tashabbus, shu jumladan “Hukumat akseleratori”, “Bir million dasturchi”, “Yosh rahbarlar” kabi loyihalar hamda mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy hayotining turli sohalarini qamrab olgan boshqa muhim tashabbuslar ilgari surilgani taʼkidlandi.

Tomonlar har bir yoʻnalishda aniq loyiha va tashabbuslarning amalga oshirilishini batafsil koʻrib chiqib, ularning samaradorligi va amaliy ahamiyatini qayd etdilar. Davlat boshqaruvi, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarning yangi yoʻnalishlarini qamrab olishni nazarda tutgan holda hamkorlikni davom ettirish va kengaytirishdan oʻzaro manfaatdorlik taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va BAA oʻrtasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish sohasidagi hamkorlik muddatini keyingi uch yilga uzaytirish toʻgʻrisida Bitim imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Yangilangan Dasturning konsepsiyasi moliya, taʼlim, iqtisodiyot, davlat boshqaruvi, oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xoʻjaligi, bojxona va logistika sohalarida Birlashgan Arab Amirliklari koʻmagida yangi oʻquv dasturlari, malaka oshirish va boshqa tadbirlarni tashkil etishni nazarda tutadi.