Oʻzbekiston diplomatlari Birlashgan Arab Amirliklarining “MBS Global Investments” kompaniyasi ijrochi direktori Ajmal Sharafuddin bilan uchrashuv oʻtkazdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo« AA.
Muloqot avvalida mamlakatimiz elchisi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, xorijiy investorlarga yaratilgan sharoitlar, taklif etilayotgan investitsiyaviy loyihalar, xususan, 2023-yil davomida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahalliy va import qilingan farmatsevtika mahsulotlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.
Oʻzbekistonda mavjud investitsiyaviy muhit, investorlar huquqlarini qonunchilik bilan himoya qilish boʻyicha islohotlar hamda 2030-yilga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar dasturi toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazildi.
BAA vakili Oʻzbekiston farmatsevtika mahsulotlarni “Julphar” kompaniyasi bilan birgalikda yetkazib berishga qiziqish bildirildi. Ajmal Sharafuddinning aytishicha, birinchi bosqichda tibbiyotda kamyob boʻlgan dori vositalari Oʻzbekiston bozoriga kompaniyaning Hindistondagi ishlab chiqarish majmualaridan yetkazib beriladi. Ikkinchi bosqichda esa ularni Oʻzbekistonda ishlab chiqarish boʻyicha loyiha amalga oshiriladi.
BAA tomoni, shuningdek, Oʻzbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar va keng koʻlamli islohotlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlagan holda kuzatib borayotganini, mamlakatimizda infratuzilma sohasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga qiziqish mavjudligini taʼkidladi.
“MBS Global Investments” kompaniyasi infratuzilma sohasida Jahon banki bilan amalga oshirilayotgan «Toshkent—Andijon« pullik yoʻlini qurish loyihasida ishtirok etishga taklif etildi.
Muzokaralar yakunida yuqorida muhokama qilingan loyihalar hamda Oʻzbekistonda qabul qilingan xususiylashtirish dasturi bilan batafsil tanishish maqsadida joriy yilning noyabr oyida mazkur kompaniya vakillarining yurtimizga safarini amalga oshirishga kelishildi.