Deputatlar bugun, 15-apreldagi Quyi palata majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi Bitimni (Toshkent, 2024-yil 27-sentyabr) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini koʻrib chiqdi.
Qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasida ikki davlat oʻrtasidagi fuqarolik va iqtisodiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatishga qaratilgan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, bir tomon fuqarolarini boshqa tomon hududida uning fuqarolari bilan bir xildagi huquqiy himoyaga ega boʻlish, fuqarolik va iqtisodiy masalalarda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlariga ushbu tomon fuqarolari uchun belgilangan shartlarda murojaat qilish huquqi bilan taʼminlash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ikki davlat aholisining fuqarolik va iqtisodiy munosabatlarida vujudga kelishi mumkin boʻlgan nizolarni hal etish va sud hujjatlarini tan olish kabi masalalarda huquqiy yordam koʻrsatish tartibi belgilanyapti.
Mazkur Bitim Oʻzbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasidagi manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki davlat oʻrtasidagi fuqarolik va iqtisodiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.