Ushbu qonun loyihasi bilan ratifikatsiya qilish nazarda tutilgan Xalqaro hamkorlikning muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida imzolangan mahkumlarni topshirish toʻgʻrisidagi shartnoma insonparvarlik tamoyillariga asoslangan muhim hujjat hisoblanadi.
Uning asosiy maqsadi — mahkumlarning jazoni oʻz fuqarosi boʻlgan davlatda oʻtashlari yaʼni mahkumlar oʻz vatanida, oilasi yaqinida jazoni oʻtash imkoniyati yaratishga qaratilgan. Shartnomada jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarni hukmni ijro etish uchun oʻz davlatiga topshirish asoslari, shartlari hamda tartiblari aniq koʻrsatib oʻtilgan.
Shu bilan birga, hujjatda mahkumni topshirish bilan bogʻliq xarajatlar, nizolarni hal qilish, ikki tomonlama aloqa tillari, shartnomaga oʻzgartirish kiritish hamda kuchga kirishi kabi muhim masalalar oʻrin olmoqda. Shartnomaga koʻra, tomonlarning markaziy organlari — Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Bosh prokuraturalari etib belgilangan.
Mazkur shartnoma mahkumlarning huquqlarini taʼminlash, ularning ijtimoiy reabilitatsiyasini yaxshilash, ularning oilalari bilan aloqalarini saqlash imkoniyatini yaratish, shu bilan birga, davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim xalqaro-huquqiy hujjat boʻlib xizmat qiladi.
Eʼtiborlisi, shartnomaning har bir normasida mahkum va uning oila aʼzolari manfaatlari birinchi oʻringa qoʻyilgan boʻlib, bu inson qadr-qimmatini hurmat qilish va xalqaro insonparvarlik tamoyillariga toʻliq mos keladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.








