Unda kompaniyaning mamlakatimizdagi infratuzilmaviy rivojlanish, logistika va elektron tijorat sohasidagi bir qator investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Maʼlumot uchun: DP World dunyodagi eng yirik port operatorlaridan biri boʻlib, 2005-yilda Dubai Ports Authority va Dubai Ports International birlashishi natijasida tashkil etilgan. Kompaniya 78 ta dengiz va ichki terminallarga ega. Ular kompaniyaning oltita qitʼaning 40 mamlakatidagi 50 dan ortiq korxonalari tomonidan boshqariladi. Kompaniya asosan rivojlanayotgan va rivojlangan bozorlarda faoliyat yuritadi. Uning tarkibiga portlar va terminallar, sanoat parklari, logistika va iqtisodiy zonalar, yaxtalar toʻxtaydigan joylar kiradi.
Muzokaralar davomida DP World vakillari Oʻzbekistonning investitsiyaviy muhiti, xorijiy investorlar uchun joriy etilgan imtiyoz va preferensiyalar hamda ularning faoliyati kafolatining meʼyoriy — huquqiy bazasi bilan batafsil tanishdi. Transport-logistika xizmatlarini koʻrsatish, jumladan, transport-logistika markazlarini yaratish va logistika jarayonlarini optimallashtirish boʻyicha xizmat koʻrsatish, shuningdek, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish kabi yoʻnalishlar Oʻzbekistonda kompaniyaning samarali faoliyati uchun eng jozibali va ustuvor yoʻnalishlar sifatida koʻrib chiqildi.
Muzokaralar yakunida kompaniya vakillari Toshkent viloyatida zamonaviy logistika markazini qurishga qiziqish bildirishdi, oʻz navbatida vazirlik rahbariyati qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi, deb xabar beraldi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.