Badiiy gimnastikachilarimiz ikkinchi onlayn xalqaro turnirda qanday ishtirok etdi?

    Sport 29 Oktabr 2020 712

    Badiiy gimnastika ixlosmandlari bu kunni orziqib kutishgan edi. Shu yil 28-oktabr kuni ushbu goʻzal va nafis sport turi boʻyicha dunyoning 9 ta mamlakatining eng mahoratli sportchilarini birlashtirgan ikkinchi xalqaro onlayn-turnir boshlandi.

    Dastavval ikkinchi onlayn xalqaro turnirda 10 ta davlat vakillari ishtirok etishi eʼlon qilingandi, ammo start oldidan Bolgariya musobaqada qatnashmasligini bildirdi, bunga sabab terma jamoaning baʼzi aʼzolariga COVID-19 tashxisi qoʻyilgan. Shunga qaramay musobaqaga Rossiya, Ispaniya, Estoniya, Latviya, Serbiya, Makedoniya, Sloveniya, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻzlarining eng kuchli tarkiblarini taqdim etishdi.

    Bugun dunyoda koronavirus bilan bogʻliq vaziyat ogʻir ekanligiga qaramay, Butunrossiya badiiy gimnastika federatsiyasi tashabbusi bilan ushbu musobaqa yuqori saviyada tashkil etilganligini eʼtirof etishimiz kerak. Eslatib oʻtamiz, joriy yil 28-iyun kuni ushbu formatdagi xalqaro musobaqalar tarixda birinchi marta boʻlib oʻtgandi. Unda 4 ta mamlakat qatnashdi, shu jumladan Oʻzbekiston ham va unda gimnastikachilarimiz uchta medalga sazovor boʻlishdi. Yekaterina Fetisova Oʻzbekiston xazinasiga kumush va bronza keltirgan boʻlsa, terma jamoamiz guruh mashqlarida yana bitta kumush medalni qoʻlga kiritgandi.

    Bu safargi musobaqada Vatanimiz sharafini Toshkentdan turib milliy terma jamoa aʼzolaridan Sabina Toshkenbayeva, Yekaterina Fetisova, Taxmina Ikromova, Xurshida Abduraufova bilan bir qatorda mahoratli murabbiy Yekaterina Pirojkovaning shogirdlari, qolaversa oʻsmir qizlarimizdan Yosmina Rahimova, Mariya Pak, Samira Ahmedova, Mila Butorina hamda Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar-oʻsmirlar sport maktabi jamoasi guruh mashgʻulotlarida qatnashishdi.

    Shuningdek, Yekaterina Fetisova toʻgʻridan-toʻgʻri Moskvadagi Irina Viner-Usmanova gimnastika saroyida gilamga chiqqan boʻlsa, jamoaning qolgan barcha aʼzolari OKMK sport majmuasidan turib oʻz chiqishlarini namoyish etishdi.

    Onlayn xalqaro turnirda individual mashqlarda sportchilarning har biri 4 turdagi dasturdan uchtasini taqdim etish imkoniga ega edi. Guruh mashqlarida jamoalar oʻzlarining ikkita kompozitsiyasini ijro etishdi. Musobaqa yakunida vakillarimiz Oʻzbekistonga 7 ta turli qiymatdagi medallarni qoʻlga kiritdi. Nilufar Shomurodova, Dinara Ravshanbekova, Kseniya Aleksandrova, Safoyeva Sevara, Kamola Irnazarovalarning Moskva arenasidagi yorqin chiqishlari mutaxassislarda ijobiy taassurot qoldirdi.

    Ayniqsa, guruh mashqlarida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi qizlarining har bir chiqishi hakamlar tomonidan yuqori baholarga sazovor boʻldi hamda ular barcha medallarni qoʻlga kiritishdi. Murabbiy Yekaterina Pirojkova qoʻl ostida shugʻullanib kelishayotgan qizlarimiz esa koʻpkurashda kumush, 5 toʻp bilan bajarilgan mashqlarda oltin hamda 3 halqa va 2 juft bulavada bajarilgan mashqlarda bronza medaliga sazovor boʻlishdi.

    Ikkinchi onlayn xalqaro turnir gʻolibalari:

    Koʻpkurash mashqlarida:

    1. Dina Averina (Rossiya) – 102.500

    2. Alba Bautista (Ispaniya) – 85.400

    3. Yelizaveta Polstyanaya (Latviya)

    Halqa bilan bajarilgan mashqlarda:

    1. Arina Averina (Rossiya) – 26.450

    2. Yekaterina Vedeneeva (Sloveniya) – 22.100

    2. Reychel Stoyanov (Makedoniya) – 22.100

    3. Viktoriya Bogdanova (Estoniya) – 21.800

    Toʻp yordamida bajarilgan mashqlarda:

    1. Dina Averina (Rossiya) – 27.100

    2. Yekaterina Vedeneeva (Sloveniya) – 23.250

    3. Alba Bautista (Ispaniya) – 22.050

    Bulava yordamida bajarilgan mashqlarda:

    1. Dina Averina (Rossiya) – 26.650

    2. Yekaterina Vedeneeva (Sloveniya) – 23.450

    3.Sabina Toshkenbayeva (Oʻzbekiston) – 22.600

    Tasma (lenta) yordamida bajarilgan mashqlarda:

    1. Arina Averina (Rossiya) – 23.250

    2. Yelizaveta Polstyanaya (Latviya) – 22.150

    3. Viktoriya Bogdanova (Estoniya) – 19.700

    Guruh koʻpkurash mashqlarida:

    1. Rossiya – 69.050

    2. Oʻzbekiston – 65.450

    3. Estoniya – 63.250

    5 ta toʻp bilan bajarilgan mashqlarda:

    1. Oʻzbekiston – 35.700

    2. Rossiya – 35.400

    3. Estoniya – 31.000

    3 halqa va 2 juft bulava bilan bajarilgan mashqlarda:

    1. Rossiya – 33.650

    2. Estoniya – 32.250

    3. Oʻzbekiston – 29.750

    Ikkinchi onlayn xalqaro turnir oʻsmirlarimiz uchun ham muvaffaqiyatli kechdi. Iroda Sodiqova, Aida Haydarova, Mubina Kamolova, Domenika Damirova, Diyora Baxtiyorova va Viktoriya Neskubolar guruh mashqlarida oltin medalga sazovor boʻlishdi. Oʻsmir qizlarimiz murabbiylar Raʼno Muxamedova hamda Dariya Pribitkova qoʻl ostida shugʻullanib keladi.

    Ushbu musobaqalarda bulava bilan kumush hamda toʻp bilan mashq bajarishda bronza medalini murabbiy Irina Kudryashevaning yosh va juda isteʼdodli shogirdi Yosmina Rahimova qoʻlga kiritdi.

    Barcha gimnastikachilarimiz va murabbiylarni ajoyib gʻalabalar bilan muborakbod etamiz.

    Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati