Xalqaro turnir Oʻzbekiston sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi tomonidan tashkillashtirilmoqda.

Bu yilgi musobaqada Oʻzbekiston, AQSH, Avstraliya, Ozarbayjon, Bolgariya, Kolumbiya, Buyuk Britaniya, Gruziya, Germaniya, Italiya, Qozogʻiston, Latviya, Yangi Zelandiya, Sloveniya, Armaniston kabi davlat vakillari gʻoliblik uchun kuch sinashadi.  

Mamlakatimizda oʻtishi kutilayotgan mazkur Jahon kubogi ishtirok etadigan barcha gimnastikachilar uchun muhim hisoblanadi. Sababi, 2022-yilgi mavsumda gimnastikachilarni qator muhim musobaqalar kutmoqda. Jumladan, Olimpiya oʻyinlarigacha boʻlgan davr ancha qisqa. Yaʼni shu yilning kuzida litsenzion jahon chempionati boshlanadi va unda “Parij-2024” Olimpiadasi uchun birinchi kvotalar oʻynaladi.  

Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi maʼlumotiga koʻra, poytaxtimizdagi Jahon kubogi yakkalik bosqichida mamlakatimiz sharafini Osiyo chempioni, Osiyo oʻyinlari va Jahon chempionati bosqichlari gʻolibi Sabina Toshkenboyeva, Osiyo chempioni Taxmina Ikromova himoya qiladi. 

Shuningdek, guruh mashqlarida Shahzoda Ibragimova, Nargiza Jumaniyozova, Nilufar Aʼzamova, Mumtoza Isʼhoqzoda, Mariya Pak va Xurshida Abduraufova ishtirok etadi.