Bu haqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati maʼlum qildi.
Rio-2016 Olimpiadasidagi muvaffaqiyatsizligidan soʻng ogʻir vaznli bokschi Bahodir Jalolov qisman boksdan chetlashtirildi. Ammo bu magʻlubiyatni omadsizlik deb hisoblagan murabbiylar sportchini terma jamoaga qaytarishga muvaffaq boʻlishadi.
Bahodir yana mashgʻulotlarga kirishadi va qisqa vaqt ichida bir qancha muhim turnirlarda gʻalaba qozonib, nafaqat Osiyo, balki jahon chempioni boʻladi. Bundan tashqari, professional boksda ham yuqori natijalar koʻrsatadi.
Shuningdek, filmda antiqahramonlar ham bor: turnir hayʼatiga bir amaldor keyingi Olimpiadada har qanday holatda ham amerikaliklarning gʻalabasini taʼminlash topshirigʻini beradi.
Tokio Olimpiadasida Oʻzbekiston terma jamoasidan faqat Bahodir finalga yoʻl oladi, u yerda amerikalik Torrez bilan yuzlashadi. Turnir hayʼatining rejasiga koʻra, u koʻr-koʻrona amerikalikka magʻlub boʻlishi kerak edi. Ammo soʻnggi lahzada ayyor va makkorona reja barbod boʻladi – Baxodir Jalolov Olimpiada chempioniga aylanadi.
Rejissyor Akrom Isoqov, bosh prodyuser Firdavs Abduxoliqov, ssenariy mualliflari Sulton Abbosov, Sergey Kuzminix, sahnalashtiruvchi operator Xusanboy Alijonov.
Loyihaga 300 ga yaqin mahalliy va xorijiy aktyorlar jalb etilishi rejalashtirilgan. Filmda Otabek Musayev, Yoqub Ahmedov, Begzod Muhammadkarimov, Saida Rametova kabi taniqli aktyorlar ham turli qahramonlarni gavdalantirishadi. Rejaga koʻra, 100 kishi ijodiy va texnik jarayonlarda qatnashadi. Tasvirga olish ishlarini Toshkent, Surxondaryo, Tokio, Nyu-York, shaharlarida olib borish belgilangan.