Bronxial astmaga bilan kasallangan bemorlar samarali davolanish uchun nimalarga eʼtibor berishi lozimligi haqida Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi diagnostika boʻlimi shifokori, oliy toifali pulmonolog Xayrullo Rajabov maʼlumot berdi.
— Bronxial astma – nafas yoʻllarining surunkali yalligʻlanishi boʻlib, dunyo aholisining oʻrtacha 5 foizida uchraydi. Bu koʻrsatkich bolalar orasida yanada koʻproq — oʻrtacha 10 foizni tashkil etadi. Ushbu kasallik asosan bahor-kuz oylarida avj olib, quruq yoʻtal, nafas qisish xurujlari, hansirash, koʻkrakda ogʻirlik hissining paydo boʻlishi kabi simptomlar bilan namoyon boʻladi, — deydi mutaxassis.
Bu holatlar, asosan, tunda yoki erta saharda kuzatiladi. Xastalik xuruji koʻpincha dori taʼsirida ortga qaytadi. Bronxial astmani, asosan, quyidagi omillar keltirib chiqaradi:
— genetik moyillik, atopiya, nafas yoʻllari giperreaktivligi;
— tashqi va uy allergenlari (chang, uy changlari, oʻsimlik changlari, uy hayvonlari yungi);
— chekish;
— respirator infeksiyalar;
— bahorgi gul changlari;
— parazitar invaziya va ayrim oziq-ovqat va dori vositalari.
Bronxial astmaning qanday kechishi uning qanchalik erta aniqlanishiga bogʻliq. Agar kasallik oʻz vaqtida muolaja qilinib, bemor shifokor koʻrsatmalariga qatʼiy rioya qilsa, xastalikni toʻliq nazorat qilish mumkin.
Bu esa bemor hayot tarzini yaxshilaydi va uning alomatlarini uzoq muddatga zaiflashuviga sabab boʻladi.
Kasallikni davolash, astma xurujlari sonini kamaytirish uchun bemorning bronxospazm boshlanishiga turtki boʻlgan allergen bilan aloqasini cheklash lozim.
Xususan:
— xona havosini tez-tez almashtirish va chang zarralaridan tozalash;
— havo tozalagichlar va konditsionerdan foydalanish;
— havo quruqligiga qarshi namlagichlarni qoʻllash;
— bemor uchun barqaror, qulay xona haroratini saqlash uchun iqlim nazoratini oʻrnatish;
— turli zararli hasharotlar, ayniqsa, suvaraklarni yoʻq qilish;
— allergiya qoʻzgʻamaydigan choyshabdan foydalanish;
— yungli gilamlardan voz kechish;
— diyeta qilish kerak.
Eng muhimi, bemor shifokor nazorati ostida davolanishi, zarur tavsiyalarga qatʼiy amal qilishi zarur.